18:42 / 05.05.2023
22960

O‘zbekiston prezidenti muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlash vakolatiga ega bo‘ldi

Yangi konstitutsiyaga binoan, O‘zbekiston prezidenti muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlashga haqli ekani belgilandi. Shuningdek, bosh vazir nomzodini eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan partiya emas, prezident taqdim etadigan bo‘ldi. Parlament palatalariga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish huquqi berildi.

MSK tomonidan Shavkat Mirziyoyevga berilgan prezidentlik guvohnomasi

1 maydan O‘zbekiston konstitutsiyasining yangi tahriri kuchga kirdi. Unda davlat boshqaruvining oliy organlariga doir bir qator o‘zgarishlar joy olgan.

Xususan, prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi. Ma’lumot uchun, bu muddat 2003 yilda ham 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan, 2011 yilda esa qaytib 7 yildan 5 yilga tushirilgan edi.

Shuningdek, prezident muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlashga haqli ekani belgilandi.

Bundan tashqari, bosh vazir nomzodini endi prezident taqdim etadi. Davlat rahbari bosh vazir nomzodini taqdim etishdan oldin parlamentga kirgan barcha partiyalarning fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishi belgilandi. Qonunchilik palatasi prezident taqdim etgan nomzodni ko‘rib chiqadi, agar deputatlarning yarmidan ko‘pi ma’qullasa, bosh vazir lavozimga tasdiqlanadi. Agar deputatlar nomzodni uch marta rad etsa, prezident bosh vazirni tayinlab, Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli.

Avvalgi tartibga ko‘ra, bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasida eng ko‘p o‘rinni egallagan partiya taklif qilar, prezident ma’qullagach, nomzod ikki palata tomonidan tasdiqlanishi talab etilardi.

Bosh vazirni tayinlash va unga ishonchsizlik votumi bildirishda Senatning ishtiroki bekor qilindi. Endilikda buning uchun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismi ovoz berishi yetarli (avval har ikki palata a’zolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi zarur edi; eslatib o‘tamiz, ishonchsizlik votumi e’lon qilinsa, prezident bosh vazirni lavozimidan ozod etadi).

Bosh vazir va hukumat a’zolarining hisobotlarini eshitish ham quyi palataning vakolatiga o‘tkazildi.

Qonunchilik palatasi hukumat a’zolarini iste’foga chiqarish to‘g‘risida prezidentga taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ldi.

Qonunchilik palatasi olgan asosiy vakolatlardan yana biri qonunlarga taalluqliUnga ko‘ra, endilikda Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida 60 kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi qonunni prezidentga yuboradi.

Qonunlarning prezident tomonidan imzolanishi va e’lon qilinishi uchun belgilangan muddat 30 kundan 60 kunga uzaytirildi. Prezident tomonidan qaytarilgan qonun parlament palatalari tomonidan yana qabul qilingan taqdirda, prezidentning bu qonunni imzolash va e’lon qilish muddati o‘zgarishsiz (14 kun) qoldirildi.

Senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga tushiriladi. 14 ta hududdan 6 nafardan emas, 4 nafardan senator saylanadi, prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni 16 nafardan 9 nafarga qisqaradi. Bu o‘zgarish 2024 yilda bo‘ladigan parlament saylovi vaqtida kuchga kiradi. Qonunchilik palatasi deputatlari sonini (150 nafar) oshirmaslikka, o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilindi.

Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, endilikda yuqori palata mahalliy kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilishi mumkin.

Hujjat bilan, Qonunchilik palatasi va Senatga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berildi. Buning uchun palata a’zolarining kamida uchdan ikki qismining ovozi talab etiladi.

Jiddiy voqealar ro‘y berganida, ikki palata qo‘shma qaror qabul qilgan holda parlament tekshiruvi o‘tkazishi mumkinligi belgilandi.

Sudlar borasida esa, konstitutsiyaga: “Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi” deb yozib qo‘yildi. Qayd etish lozim, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda “hisobdor” tushunchasi uchramaydi. Sudyalarning o‘zlari chiqargan qarorlari bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi odil sudlovni ta’minlashga qanday ta’sir qilishi borasida hozircha huquqiy izohlar bo‘lmadi.

Endilikda Konstitutsiyaviy sud sudyalari 10 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin bo‘lmaydi. Avvalgi tartibga ko‘ra, bu muddat birinchi marta saylanganida 5 yil, keyingisida 10 yil edi.

Ayni bir shaxs surunkasiga ikki martadan ortiq bitta lavozimni egallashi mumkin emasligi haqidagi qoida, prezidentdan tashqari, Senat raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Oliy sud raisi va o‘rinbosari, Sudyalar oliy kengashining raisi va o‘rinbosari, Markaziy saylov komissiyasi raisi, bosh prokuror, hokimlar va kengashlar raislariga nisbatan ham tatbiq etiladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, referendumda qabul qilingan qonunning 7-moddasi bilan, barcha darajadagi davlat mansabdorlarining ayni paytga qadar egallab kelgan muddatlari nollashtirildi. Ular lavozimlarini egallab kelayotganining surunkali muddatlari sonidan qat’i nazar, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda xuddi shu lavozimlarga saylanish va tayinlanishga haqli, deb belgilandi.

Konstitutsiyadagi boshqa muhim o‘zgarishlar bilan Kun.uz'ning batafsil sharhida tanishing.

Mavzu
Prezidentlik saylovi-2023
O‘zbekistonda 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan ilgari prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident vakolat muddati hozirgi 5 yildan 7 yilga oshirilgan.
Barchasi
Top