23:06 / 05.05.2023
34124

Ramzon Qodirov chechenlar Baxmutda «Vagner»ning o‘rnini egallashga tayyorligini aytdi 

Checheniston rahbari «Axmat» guruhi jangchilarini ham Baxmutga yubormoqchi. 

Foto: Global Look Press

Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning aytishicha, agar «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmutdan jangchilarini olib chiqsa, uning o‘rnini o‘z jangchilari bilan to‘ldirishga tayyor.  

Avvalroq, Prigojin o‘q-dorilar yetishmovchiligi sababli 10 may kuni Baxmutdan chiqib ketishi haqida bayonot berib, ta’minotdagi muammolarda Rossiya harbiy rahbariyatini ayblagan edi. 

«Agar katta og‘am Prigojin va «Vagner» ketsa, Bosh shtab tajribali jangovar qismni yo‘qotadi. Uning o‘rnini esa ukasi Qodirov va «Axmat» egallaydi. Agar ssenariy hali ham shunday bo‘lsa, jangchilarim oldinga siljishga va shaharni egallashga tayyor. Bu bir necha soatlik masala», deb yozdi Qodirov ijtimoiy tarmoqda. 

Shu bilan birga, u shaharning qolgan qismi rossiyalik harbiylarning hayoti evaziga emas, balki prezident Putinning buyrug‘ini bajarishda «o‘zaro tushunish, qo‘llab-quvvatlash, qo‘mondonlik va jangchilarning qat’iyati» natijasida olinishini istayotganini aytdi. 

U Rossiya mudofaa vazirligi rahbariyati ushbu masala bo‘yicha biror qaror qabul qilish uchun izoh bermayotgani yoki «Vagner» rahbariyati bilan uchrashmasligi «yoqimsiz» ekanini qayd etgan. 

Shuningdek, u Mudofaa vaziri Sergey Shoygu o‘q-dorilar bilan bog‘liq vaziyatni hal qilish bo‘yicha o‘zining chaqirig‘iga quloq tutishiga va Bosh shtabga «joyiga borib masalani hal qilishiga» buyruq berilishiga umid bildirdi. 

U «Prigojin vagnerchilarning Donbassdagi shaharlarni ozod qilishdagi bebaho hissasi uchun hurmatga loyiqligi»ni ta’kidlagan. Shuningdek, agar o‘q-dorilar yetishmovchiligi bo‘lsa, buni tushuntirish, ko‘rsatish lozimligi, «Vagner» komandirlari shundan kelib chiqqan holda, artilleriyaga tayanmasdan, o‘z taktikasiga o‘zgartirish kiritishi mumkinligini aytgan.

Va shunday qo‘shimcha qilgan: «Darvoqe, jamoatchilikda rezonans uyg‘otish uchun sobiq quroldoshlarning jasadlarini tasvirga olish... to‘g‘ri emas. Keling, boshqa hech qachon bunday qilmaylik...»

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top