16:24 / 05.05.2023
37928

“Xavotirlar o‘rinli” - Mamarizo Nurmurodov “Ohangaronsement”ning sanksiyaga uchragani haqida

AQSh Alisher Usmonovning kompaniyalari, xususan “Ohangaronsement” va uning ta’sischisiga nisbatan sanksiya qo‘llagani ularning dollardagi operatsiyalarini cheklaydi. Markaziy bank raisi zavodga xizmat ko‘rsatayotgan bank ikkilamchi sanksiyaga tushishi ehtimolini rad etmadi. Unga ko‘ra, masala yechimi bo‘yicha AQSh tomoni bilan ish olib borilyapti.

Foto: Ohangaronsement

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 4 may kungi matbuot anjumanida jurnalistlarning AQSh “Ohangaronsement”ga sanksiya kiritgani qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi savoliga javob berdi.

“Haqitatan ham, bu biz uchun juda tashvishli hol. Chunki u yerda 10 mingdan ko‘p aholimiz ishlaydi. Bu degani sanksiyalar qo‘llanib, uni taqa-taq to‘xtatib qo‘yish degani emas. Amerika g‘aznachilik departamenti va OFAC (chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi) bilan ish olib boramiz. Ma’lum muddat berilgan; ya’ni bu cheklovlar ularning bevosita dollar bilan bog‘liq operatsiyalariga tegishli. Ichki valutada ish haqi to‘lash, bank operatsiyalarini to‘xtatish degan fikr yo‘q. Xavotiringiz o‘rinli, unga xizmat ko‘rsatuvchi bank ikkilamchi sanksiyaga tushib qolish ehtimoli ham bor”, – dedi u.

Nurmurodov prezident topshirig‘iga asosan guruh tashkil qilinib, OFAC bilan masala yechimi ustida ish olib borilayotganini aytdi.

“Chunki u yerda bizning mehnatkashlarimiz ishlaydi, bitta tuman, bitta viloyat budjet to‘lovlarida ham, aholini ish bilan ta’minlashda ham o‘rni katta. Shuning uchun bu korxonalarning uzluksiz faoliyati biz uchun muhim. Aholi farovonligi, hududning budjet ta’minoti nuqtayi nazaridan”, – dedi MB raisi.

“Ohangaronsement”ning sanksiyaga tushishi

2023 yil aprel oyida AQSh Rossiyaga qarshi e’lon qilgan sanksiyalarning yangi to‘plamiga O‘zbekistonning “Ohangaronsement” zavodi ham kiritildi.

Zavodning egasi Akkermann Cement CA ham cheklovlar ostida qoldi. Bu kompaniya Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 2022 yil boshida “Ohangaronsement”ning 98,6 foiz aksiyasini sotib olgan. Shu tariqa, Toshkent viloyatidagi korxonaning sanksiyaga uchrashi uning Alisher Usmonovga aloqadorligi bilan bog‘liq.

2021 yil may oyida Kiprning Lamanka Enterprises kompaniyasi “Ohangaronsement” zavodi ustav kapitalidagi 84,197 foiz ulushni sotib olgandi. Bitim summasi 557,6 milliard so‘mga baholangan edi. 2022 yil yanvar oyida Britaniya Virjiniya orollarining Giacinttar va Lamanka Enterprises kompaniyalari “Ohangaronsement”dagi ulushlarini 1,88 trillion so‘mga sotganini e’lon qildi. Keyinchalik xaridor Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA ekani ma’lum bo‘lgandi.

AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Amerika rezidentlariga Akkermann Cement CA bilan operatsiyalarni 11 iyulgacha tugatish talabini qo‘ygan.

OFAC jismoniy va yuridik shaxslarni milliy xavfsizlik, tashqi siyosat va sanksiyalar maqsadida ushbu ro‘yxatga (SDN List) joylashtiradi. SDN ro‘yxatidagi kompaniyalarning aktivlari bloklanadi. Amerika fuqarolari va shaxslariga ular bilan har qanday biznes yoki bitimlar olib borish taqiqlanadi.

AQSh hukumatining Ukrainadagi urush sabab Rossiyaga qarshi kiritgan ushbu sanksiyalar paketidan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga qarashli USM holdingi hamda uning tarkibidagi “Metalloinvest”, “Megafon” kompaniyalari ham joy olgan.

“Ohangaronsement” haqida

“Ohangaronsement” zavodi o‘tgan asr o‘rtalarida tashkil etilgan. 1970 yilda zavod, 1980 yilda ishlab chiqarish birlashmasiga aylandi. 1994 yilda xususiylashtirilib, aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Uzoq vaqt davomida korxonaning asosiy egasi Zeromax edi. 2006 yilda Rossiyaning “Yevrosement” kompaniyasi undan 75,5 foiz ulushni sotib oldi. Keyinchalik bu ulush 83,9 foizga yetkazildi. 2020 yilda “Yevrosement” qarzlari uchun Sberbank nazoratiga o‘tdi va sotuvga qo‘yildi.

“Ohangaronsement” 2020 yilda O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lgan. Ayni paytda mamlakatdagi sement bozorida ustun maqomga ega ikki kompaniyadan biri hisoblanadi (ikkinchisi – “Qizilqumsement”).

Mavzuga oid
Top