21:33 / 06.05.2023
24726

Infantino boshliq FIFA delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi

5 may kuni O‘zbekistonga tashrif buyurib, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan FIFA prezidenti Janni Infantino 6 may sanasida bir qator tadbirlarda ishtirok etdi.

Shveytsariyalik funksioner kunni FIFAning «Maktablarda futbol» loyihasi qanday tashkil etilganini o‘rganishdan boshladi.

«O‘zbekistonda ekanligimdan xursandman. Ko‘p imkoniyatlarga ega chiroyli mamlakat. 

«Bu yerda FIFAning «Maktablarda futbol» loyihasini amalga oshiryapmiz. Juda muhim loyiha. Bolalar futbolning turli tomonlarini, jamoa bo‘lishni, hurmatni, yutish va yutqazishni o‘rganishadi», — deydi Janni loyiha haqida OAV bilan suhbatda.

So‘ng FIFA prezidenti Toshkent viloyatida bunyod etilayotgan «Do‘stlik» milliy jamoalar markaziga bordi va loyiha bilan tanishdi. 

Infantino va unga hamrohlik qilgan jahon chempioni Yuriy Jorkayeff Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston U20 jamoasini tabriklab, ularga o‘z maslahatlarini berishdi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya Bunyodkor akademiyasida bo‘ldi. U yerda O‘FA va FIFA faxriylari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazildi. Bellashuvda 4:4 hisobi qayd etildi.

Infantino tashrifi yakunida Superliga 9-turidan o‘rin olgan «Bunyodkor» — «Olimpik» (1:1) o‘yinini tomosha qildi.

Muxbir — A’zamjon Izzatillayev, 
Tasvirchi va montaj ustasi — Boymirza Xalilov

Top