09:55 / 18.05.2023
5615

Fransiya Senati Golodomorni Ukraina xalqining genotsidi sifatida tan oldi

Ukraina prezidenti fransuz senatorlarining Golodomorni genotsid deb tan olish qarorini tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.

Foto: Anadolu agency

Fransiya Senati Milliy assambleyadan so‘ng Golodomorni Ukraina xalqining genotsidi sifatida tan olish haqidagi rezolyutsiyani ma’qulladi. Bu haqda 17 may, chorshanba kuni Fransiya parlamenti yuqori palatasi saytida ma’lum qilindi. Hujjatni qabul qilish uchun 343 senatordan 327 nafari ovoz berdi, 16 nafari qarshi chiqdi.

Qarorda 1932-1933 yillarda millionlab ukrainaliklarning ocharchilik, deportatsiyasi Sovet hukumati tomonidan sun’iy ravishda yuzaga keltirilganligi va ukrainaliklar o‘zligini yo‘q qilishga qaratilganligi e’tirof etilgan. "Ukraina xalqi boshdan kechirgan vahshiylik va azob-uqubatlarni e’lon qilish unutilishga qarshi kurash, javobgarlik va qonuniy kompensatsiya o‘rnatish hamda kelajakda bu fojialarning takrorlanishiga qarshi kurashning bir qismidir", deyiladi hujjatda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fransiya Senatining qarorini tarixiy deb atadi. "Ushbu rezolyutsiya tashabbuskori va qo‘llab-quvvatlagan barcha senatorlarga minnatdorchilik bildiraman. Bu tarixiy adolatni tiklash va ochlikdan azob chekkan millionlab ukrainaliklar xotirasini abadiylashtirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir", deb yozdi u Twitter’da.

Bu qarorni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ham olqishladi. "Men fransuz senatorlariga adolatni tiklaydigan va millionlab qurbonlar xotirasini ulug‘laydigan bu tarixiy qaror uchun minnatdorchilik bildiraman. Bunday jinoyatlar hech qachon takrorlanmasligi va hech qachon unutilmasligi kerak", - dedi Kuleba.

Top