13:57 / 26.05.2023
6451

AQShda Kapitoliyga hujumda qatnashgan shaxs 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

O‘ng Oath Keepers guruhi asoschisi Styuart Roudz hukumatni ag‘darishga qaratilgan «isyonkor fitna»da aybdor deb topildi. Sobiq desantchi o‘zini «siyosiy mahbus» deb atadi.

Foto: AP

25 may, payshanba kuni Vashingtondagi sud ikki yil avval Kapitoliyga bostirib kirganlik ishi bo‘yicha o‘ng Oath Keepers guruhi asoschisi Styuart Roudzni 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu 1000 dan ortiq ayblanuvchiga ayblov e’lon qilingan ushbu ish bo‘yicha hozirgacha qo‘llangan eng og‘ir jazodir. Ayblov Roudzni 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilishni talab etdi. 

Sobiq desantchi, keyinchalik advokat Styuart Roudz sud jarayonida o‘zini «siyosiy mahbus» deb atadi. Noyabr oyida hakamlar hay’ati uni «isyonkor fitna»da aybdor deb topdi. Qo‘shma Shtatlarda ushbu yuridik atama mamlakat hukumatini kuch bilan ag‘darishga urinishni ham o‘z ichiga oladi. 

2021 yilning 6 yanvarida o‘sha paytdagi prezident Donald Trampning minglab tarafdorlari AQSh Kongressi amaldagi davlat rahbari Jo Baydenning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini tasdiqlamasligi uchun Kapitoliy binosiga bostirib kirishdi. Natijada to‘rt nafar tartibsizlik ishtirokchisi va bir politsiyachi halok bo‘ldi. Yana 140 nafar politsiyachi yaralangan, ularning ba’zilari keyinchalik o‘z joniga qasd qildi. 

Styuart Roudz o‘sha paytda Kapitoliy hududida edi, lekin Kongress binosiga kirmagan. 2009 yilda u tomonidan asos solingan Oath Keepers tashkiloti a’zolari AQSh ma’muriyatini ularning huquqlarini poymol qilishda ayblamoqda. Guruh politsiyachilar, askarlar va hamshiralarni yollash bilan shug‘ullanadi. Oath Keepers a’zolari ko‘pincha namoyishlar va siyosiy tadbirlarga qurollangan holda kelishadi. 

Top