16:10 / 30.05.2023
7842

Kosovo shimolida serblarning norozilik namoyishlari qayta boshlandi

Foto: AP

Kosovo shimolida yashovchi serblar bir kun oldin sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar natijasida 100 ga yaqin odam tan jarohati olgan Zvechanda yana namoyishga chiqdi.

30 may, seshanba kuni yuzlab serbiyalik namoyishchilar yana Kosovo shimolidagi Zvechandagi shahar ma’muriyati oldida to‘planishdi, bu yerda bir kun avval namoyishlar NATO tinchlikparvar missiyasi a’zolari bilan to‘qnashuvga aylanib ketgandi, deb xabar beradi AFP axborot agentligi. 

Yig‘ilganlar Kosovo xavfsizlik kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketishni va etnik alban aholiga mansub merlarni ishdan bo‘shatishni talab qilishdi. KFOR (NATO boshchiligidagi xalqaro tinchlikparvarlik missiyasi) xodimlari ma’muriyat binosi atrofiga metall to‘siq o‘rnatib, yuzlab serblarning binoga kirishiga to‘sqinlik qildi, deb yozadi AFP. Bundan tashqari, bino tashqarisida politsiyaning zirhli mashinalari joylashtirilgan. 

Bir kun avval Kosovoning Zvechan shahrida namoyishchilar KFOR kuchlari bilan to‘qnash kelishgan. Tartibsizliklarda kamida 50 nafar namoyishchi va KFOR’ning 41 nafar xodimi jarohatlangan. Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Zvechan shahrida sodir bo‘lgan «dahshatga soluvchi zo‘ravonlik»ni «qattiq» qoralaydi. 

«Yevropa Ittifoqi Kosovo hukumati va namoyishchilarni vaziyatni zudlik bilan va so‘zsiz yumshatishga chaqiradi. Biz tomonlar mas’uliyat bilan harakat qilishini va muloqot orqali keskinlikka siyosiy yechim topishini kutamiz», deb yozadi Borrel. 

Mavzuga oid
Top