08:33 / 30.05.2023
3148

Toshkentda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi ochilishi mumkin

Tabiat resurslari vazirligida YuNeSKOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, unda Tabiat resurslari vazirligi hamda YuNeSKO o‘rtasidagi ekologik ta’lim, tabiiy merosni boshqarish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida «yashil» iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish, raqamlashtirish tizimi, ekologik ta’lim va madaniyatni joriy etish, xodimlar va mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda bu borada xorijiy tajribani qo‘llash muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston atrof muhiti va tabiiy resurslardan foydalanish to‘g‘risida milliy ma’ruzasini ishlab chiqish, milliy ekologik va tabiiy meros ro‘yxatlarini tuzish masalasi muhim ekanligi qayd etildi. Toshkentda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochish bo‘yicha taklif bildirildi.

Orolbo‘yi mintaqasida Orol madaniy meros bog‘i innovatsion loyihasini ishlab chiqish, madaniy meros obektlariga tashrif buyuruvchilar markazlarini tashkil etish, iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega dasturlarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi. Havo, suv va ekologik ta’lim masalalarida olib borilayotgan izchil ishlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini jadallashtirishda muhim harakatlanuvchi mexanizm ekanligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida joriy yil oktabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyaning (CMS) 14-Tomonlar konferensiyasini hamkorlikda o‘tkazishga kelishib olindi.

Top