16:40 / 06.06.2023
7293

18 yoshgacha bo‘lgan shaxs jazoni o‘tab bo‘lgach, sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lsa, sudlanmagan deb hisoblanishi mumkin. Bu haqda Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odil Tojiyev xabar berdi.

Qayd etilishicha, parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77 va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. 

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksiga quyidagi mazmundagi o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilishi taklif etilmoqda:

Birinchidan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar sodir etgan jinoyati (o‘ta og‘ir jinoyatlar bundan mustasno) uchun jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin "sudlanmagan" deb hisoblanadi.

Ikkinchidan, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddati bir oyga tushiriladi (amalda ushbu muddat 6 oyni tashkil qiladi).

Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top