08:27 / 06.06.2023
6129

AQSh Moldovani beqarorlashtirishga urinishlar tufayli sanksiyalar kiritdi

AQSh Moliya vazirligi yil boshida Moldovada vaziyatni beqarorlashtirishga urinishda ishtirok etgan bir guruh rossiyaliklarni ma’lum qildi. Avvalroq Yevropa Ittifoqi Moldovadagi beqarorlik uchun sanksiyalar joriy etgan edi.

Foto: Reuters

AQSh "Rossiya hukumatining Moldovada beqarorlik va yomon ta’sir ko‘rsatish kampaniyasi" uchun mas’ul bo‘lgan 7 nafar Rossiya fuqarosiga qarshi sanksiyalar kiritmoqda. Bu haqda 5 iyun, dushanba kuni AQSh Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan press-relizda aytiladi.

Jazo choralari joriy etilgan shaxslar moliya idorasi tomonidan "Rossiya razvedkasi bilan bog‘liq zararli ta’sir guruhining yetakchi a’zolari" sifatida tasvirlangan, ular boshqa mamlakatlar "fuqarolarining qo‘rquvidan foydalanishga" va "qonuniy saylangan hukumatlarni beqarorlashtirishga" harakat qilmoqda.

“Bugun joriy etilgan sanksiyalar Rossiyaning demokratiyani beqarorlashtirishga qaratilgan yashirin harakatlariga oydinlik kiritadi”, dedi AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Brayan Nelson. 2023 yil boshida Moldova hukumatini beqarorlashtirish maqsadida til biriktirgan guruh rahbari, Vashingtonga ko‘ra, ro‘yxatdagi Konstantin Sapojnikovdir.

Cheklov ostiga tushgan shaxslarning AQShga kirishi taqiqlanadi va ularning ushbu mamlakat hududidagi barcha mol-mulki musodara qilinadi. Amerika fuqarolariga ular bilan biznes qilish taqiqlangan.

Top