20:48 / 06.06.2023
10603

Finlandiya politsiyasi tezlikni 30 km/s oshirgan fuqaroga 121 ming yevro jarima soldi 

Mamlakatda jarima miqdori huquqbuzarning daromadiga bog‘liq. 

Anders Viklyof

Finlandiya yo‘l politsiyasi mahalliy multimillioner tadbirkorni tezlikni 30 km/soatga oshirgani uchun 121 ming yevro jarimaga tortdi. Bu haqda Nya Åland xabar berdi. 

«Men bundan juda afsusdaman», dedi 76 yoshli Anders Viklyof. U 82 km/s tezlikda harakatlanayotganida 50 km/s tezlikni cheklovchi belgi «to‘satdan» paydo bo‘lganini tushuntirdi. «Men sekinlasha boshladim, lekin buni yetarlicha tez qilmadim shekilli», dedi u. 

Finlandiyada yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori huquqbuzarlikning og‘irligi va huquqbuzarning daromadiga bog‘liq bo‘lib, politsiya buni soliq to‘lovchilar ma’lumotlar bazasidan tekshirishi mumkin. Jarima miqdorini hisoblashda tezlik chegarasidan qancha oshib ketgani ham inobatga olinadi. 

Viklyof ishida uning tezlikni oshirgani uchun avval ham ikki marta jarimaga tortilgani og‘irlashtiruvchi holat bo‘lgan: 2013 yilda 95 ming yevro va 2018 yilda 63,7 ming yevro. Bundan tashqari, u 10 kunga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilingan. 

Viklyof — yillik daromadi 350 mln yevroga teng Wiklöf holdingi asoschisi va rahbari. 121 ming yevro jarima uning 14 kunlik daromadi yarmiga teng. 

Xuddi shunday jarima tizimi Shveytsariyada ham mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, qoidabuzar qancha ko‘p pul topsa, shuncha ko‘p to‘lashi kerak. Aynan Shveytsariya hukumati yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun eng katta jarimani qo‘llagan deb hisoblanadi: shvetsiyalik haydovchi Bern shahridan Lozannaga soatiga 290 km/s tezlikda harakatlangani uchun 1,1 million yevro jarimaga tortilgan. 

Top