Afrika Ittifoqi Nyu-Dehlidagi G20 sammitining ochilishida «katta yigirmatalik» a’zoligiga taklif qilindi. Unga a’zo bo‘lish G20’da global Janubning rolini kuchaytiradi.

Afrika Ittifoqi (AI) G20’ga qo‘shildi. Bu haqda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 9 sentabr, shanba kuni ertalab Nyu-Dehlida G20 sammitining ochilishida aytib o‘tdi. «Sizning roziligingiz bilan men Afrika Ittifoqi raisini G20 to‘laqonli a’zosi sifatidagi o‘rnini egallashga taklif qilmoqchiman», dedi Modi. Shundan so‘ng, AI rahbari, Komor orollari prezidenti Azali Assoumani Hindiston bosh vaziriga yaqinlashgan.
Afrika Ittifoqining G20’ga a’zo bo‘lishi global Janubning G20’dagi rolini kuchaytiradi. Hozirgacha uning tarkibiga kiritilgan yagona mintaqaviy tashkilot Yevropa Ittifoqi bo‘lib, unga 27 davlat a’zo hisoblanadi.
Afrika Ittifoqiga suvereniteti xalqaro miqyosda tan olingan 54 Afrika davlati, shuningdek, davlatligi bahsli G‘arbiy Sahro kiradi. Shunday qilib, AI 1,3 milliard kishining manfaatlarini ifodalaydi.
Yevropa Ittifoqining Afrika Ittifoqi G20’ga qo‘shilishiga munosabati
Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Afrika Ittifoqini G20 a’zoligiga qabul qilish qarorini olqishladi. «Biz Afrika Ittifoqini G20 a’zosi sifatida kutib olishdan mamnunmiz», dedi fon der Lyayyen bu borada.
Nyu-Dehlida ochilgan G20 sammitida Rossiyadan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan chiqarilgan hibsga olish orderi tufayli xorijga safar qilish hozirda murakkab masala.
Ukrainadagi urush fonida sammit yakunida uning ishtirokchilarining qo‘shma bayonoti qabul qilinadimi-yo‘qmi, noaniqligicha qolmoqda. Uchrashuv oldidan Ursula fon der Lyayyen ARD va ZDF telekanallarida bunday bayonot berish shartlarini e’lon qildi. «Asosiy tamoyillarga amal qilish muhim», - deya ta’kidladi u va bunday tamoyillar, xususan, chegaralar daxlsizligi, shuningdek, qo‘shib olingan hududlarni tan olmaslikni o‘z ichiga olishini tushuntirdi.
Hozirda G20’ga raislik qilayotgan Hindiston va G20 a’zosi bo‘lgan Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini qoralovchi aniq bayonotlar bermadi.