2023 yil boshidan buyon O‘zbekistonning Janubiy Koreyaga eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko‘paydi.

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi bosh vazirlari o‘rinbosarlarining navbatdagi V uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishga O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Koreya Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Kyung Xo hamraislik qildi.
Suhbat chog‘ida kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, joriy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmlarining o‘sishida va Koreya investitsiyalarini jalb qilishda barqaror ijobiy tendensiya kuzatilayotgani qayd etildi. 2023 yil boshidan buyon O‘zbekistonning Janubiy Koreyaga eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko‘paydi, O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan to‘g‘ridan to‘g‘ri Koreya Respublikasi investitsiyalarining umumiy hajmi esa 7 milliard dollardan oshdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik hamkorlikni, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda munosabatlarni yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga qat’iy sodiqliklarini bildirdi.
Moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi. EDCF jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Farmatsevtika va Tibbiyot klasterlarini yaratish kabi loyihalarning bugungi holati ko‘rib chiqildi. Tegishli qo‘shma «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.