11:00 / 28.01.2018
10401

2017 yilda AQShdan Kanadaga 20,5 mingdan ko‘proq muhojir ko‘chib o‘tdi – OAV

Foto: Pravda-tv

2017 yilda AQShdan 20,5 mingdan ko‘proq noqonuniy muhojir Kanada chegarasini kesib o‘tgan. Bu haqda Kanada migratsiya xizmatiga iqtibos keltirgan holda Global News telekanali ma'lum qildi. 

“O‘tgan yil dekabrida chegara punktlarida politsiya tomondan 1978 noqonuniy muhojir ushlangan. Shu tariqa 2017 yilda AQSh-Kanada chegarasini kesib o‘tgan qochqinlar soni 20593 kishini tashkil qilgan”, deyilgan telekanal xabarida. Asosan Kanadaga muhojirlar Kvebek va Manitoba viloyatlari orqali o‘tadilar. Ulardan ko‘pchiligi Haiti va nigeriyalik qochqinlardir.

2017 yil boshida AQShdan Kanadaga noqonuniy muhojirlar ommaviy ravishda o‘ta boshlashgan. Muhojirlarning aytishicha, ular AQSh prezidenti Donald Trampning qattiqqo‘l immigratsiya siyosati sababli AQShdan deportatsiya qilinishlari mumkinligidan xavfsirab, Kanadaga qochmoqdalar.

Foto: Paul Chiasson
Foto: Global News

AQSh va Kanada o‘rtasidagi 2004 yildagi kelishuvga ko‘ra himoya izlovchi odamlar ushbu davlatlar hukumatlaridan biriga tegishli so‘rov berishlari mumkin. Kelishuvga ko‘ra, agar himoya izlovchilar dastlab AQShga kelib, keyin Kanadaga o‘tsalar, unda ular ortga – AQShga deportatsiya qilinishlari kerak edi, chunki AQSh ular boshpana berilishini so‘rashlari mumkin bo‘lgan xavfsiz davlat hisoblanardi. Biroq Trampning AQSh migratsiya siyosatining qat'iylashtirilishiga olib kelgan farmonlaridan keyin, AQSh qochqinlar uchun endi xavfsiz davlat hisoblanmaydi va shu sababli noqonuniy muhojirlar endi Kanadadan deportatsiya qilinishlari mumkin emas.

Top