Jamiyat | 12:22 / 08.12.2024
4120
9 daqiqa o‘qiladi

Ikki xil munosabat ostida qolgan aviaspotterlar: ularga yaratilayotgan imkoniyatlar va muammolar

Bugun xalqaro fuqarolik aviatsiyasi kuni. Biz ushbu sohada mehnat qilayotgan minglab insonlarni kasb bayramlari bilan muborakbod etamiz. Ammo bugungi hikoyamizda aviatorlar emas, ularni kuzatuvchilar — aviaspotterlar haqida gaplashamiz.

Uchuvchilar, styuardessalar, aeroportlarda samolyotlarga texnik xizmat qilayotganlardan tashqari aviatsiya olamida shunday insonlar borki, ular o‘zlarining qimmatbaho vaqtini temir qushlar — samolyotlarni kuzatishga sarflashadi. Ularni spotterlar deb atashadi.

Spotterlik kasbi Ikkinchi jahon urushiga bori taqaladi. O‘shanda Britaniyada ko‘ngillilar dushman samolyotlarini durbinda kuzatish, yo‘nalishini aniqlash va harbiylarga xabar berish bilan shug‘ullanishgan. Keyinchalik harbiy sohada turli lokatorlar va radarlar ixtiro qilingach, bunga zaruriyat yo‘qolgan.

Ammo vaqt o‘tishi bilan yengil fotoapparatlar o‘ylab topilgach, spotting maroqli bir mashg‘ulotga aylandi. Dunyoda yuz minglab odamlar samolyotlarni kuzatish va suratga olish bilan shug‘ullanishadi.

Aviaspotting shunchaki hobbi emas. Bu samolyotlar, ularning modellari va yo‘nalishlari haqida chuqur bilimni talab etuvchi bir san’at turiga aylanib bo‘lgan.

Samarqand xalqaro aeroportida Air Marakanda aviakompaniyasi tashabbusi bilan uchinchi bor rasmiy spotting tur o‘tkazildi.

Kuzgi spotting turga ruspublikamizning barcha go‘shalaridan 40 ga yaqin spotterlar taklif etildi.

Spotterlar uchish-qo‘nish maydonchasiga chiqish oldidan an’anaviy tarzda tekshirildi. So‘ngra ular bilan xavfsizlik qoidalari va spotting etikasi bo‘yicha yo‘riqnoma-suhbat o‘tkazildi.

Spotterlarning ish qurollari ko‘p emas: yaxshi professional fotokamera, durbin, smartfon yoki noutbuk. Smartfonda turli ilovalar orqali samolyotlarning harakatlari kuzatiladi. Samolyot aeroportning o‘zida, ucha boshlaganda yoki qo‘nayotganda suratga olinadi.

Biz aeroportga kelgan yosh spotterlarni savolga tutdik. Aytish joizki, ular yaqindan boshlab bu sohaga qiziqqan. Ularning orasida hali maktabda o‘qiyotgan yoshlar ham ko‘pligi kishini quvontiradi.

Ha, spotterlik — butkul yangi soha. Devor ostida yashirincha suratga tushirib, huquq-tartibot organlari bilan turli mashmashalar kelib chiqqan bo‘lsa, hozir aeroportlarning o‘zi spotting turlar tashkil qilib berishmoqda. Tabiiyki, bu sohaga bo‘lgan qiziqish samolyotga mehr qo‘ygan yoshlar o‘rtasida ortib bormoqda.

Biz Samarqandda kuzgi spotting turni uyushtirgan mas’ullar bilan ham gaplashdik.

«Bu bizning aslida uchinchi bor tashkillashtirilayotgan rasmiy aviaspotting tadbirimiz. Birinchisi 2023 yilda, ikkinchisi shu yilning may oyida o‘tkazilgan, o‘shanda bahorgi spotting o‘tkazilgandi, endi esa noyabr oyidan kuz-qish jadvaliga o‘tdik va o‘zimizning uchinchi spottingimizni tashkillashtirdik.

Ruxsora Mavlyanova

Birinchi spotting turimiz katta ajiotaj bilan o‘tdi, adashmasam, 50 ga yaqin spotterlar ishtirok etishdi.

Xorijdan ham mehmonlar kelishgan, ayniqsa MDH davlatlaridan, professional spotting bilan anchadan buyon shug‘ullanib kelayotgan Rossiyadan ham ko‘p spotterlar kelishdi.

Shuningdek, biz rahbariyat bilan kelishib individual spottinglar ham tashkillashtiramiz», — deydi Air Marakanda matbuot kotibi Ruxsora Mavlyanova.

O‘zbekistonda ikki yildan sal ko‘proq ishlayotgan Air Samarkand aviakompaniyasi PR direktori Oleg Ivanov ham bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Bungacha Rossiyada ishlaganman. Rossiyada spottinglar anchadan buyon o‘tkaziladi. Eslashimcha, eng birinchilari 12 yilcha avval o‘tkazilgan. Bu mashg‘ulotning O‘zbekistonga kirib kelgani juda yaxshi, chunki Rossiyada hozir spotting taqiqlangan. Bu yerda esa aksincha gullab-yashnamoqda, shu sabab rossiyalik va MDH davlatlaridan mehmonlar shu yerga kelishmoqda. Sizga ko‘prog‘ini aytaman: yaqinda bizga germaniyalik va boshqa yevropalik spotterlar kelishdi.

Oleg Ivanov

Ya’ni, O‘zbekistonga va uning o‘sib borayotgan aviatsiyasiga tobora qiziqish ortib bormoqda va jahon spottingiga kirmoqda. Boshqa davlatlarda aeroportlarda maxsus jihozlangan maydonlar bor. Boz ustiga, Frankfurt va Dyusseldorf kabi yirik aeroportlar spotterlar uchun aeroport bo‘ylab ekskursiyalar ham uyushtirishadi. Bu juda qiziq, umid qilamanki, bizda, O‘zbekistonda ham ertami-kechmi, barcha qulayliklarga ega maxsus maydonchalar tashkil qilinadi. U yerga spotterlar har kuni kelib, aeroport ishini yaqindan kuzatish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Nima bo‘lganda ham, hozir yiliga bir necha bor spotting turlar o‘tkazilmoqda, ular tobora ko‘proq odamlarni jalb qilmoqda. Men, ayniqsa, ular safida yoshlarning, ayniqsa maktab o‘quvchisi bo‘lgan o‘smirlarning ko‘pligidan xursandman. Bolalar juda yaxshi suratlarni olishmoqda. Ular meni hayratga solmoqda. Ular aviatsiya haqida juda yaxshi bilimga ega. Biz 10-12 yoshimizda samolyotlar haqida buncha narsa bilmaganmiz», — deydi Oleg Ivanov.

Spotterlar hamjamiyati o‘zlarining topilmalari va tajribalari bilan ijtimoiy tarmoqlar va maxsus forumlar va telegram guruhlarda bo‘lishishadi.

Respublikamizda dong‘i chiqqan spotter Rustam Mannanov bilan suhbatlashdik.

Rustam Mannanov

Uning hikoya qilishicha, hozir O‘zbekistondagi spotting bilan shug‘ullanayotganlar soni 70 ga yaqinlashgan. Rustamning o‘zi ham ikki yildan buyon spotting bilan jiddiy shug‘ullanayotganini aytib berdi.

Sohadagi murakkabliklar haqida hikoya qilar ekan, garchi aeroportlar va aviakompaniyalar bu sohani jon-jahdi bilan rivojlantirishga urinishmoqda. Hattoki Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 yanvardagi 43-sonli «Aviaspottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra 2022 yilning 1 mayidan boshlab Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida, 1 iyuldan boshlab qolgan barcha xalqaro aeroportlar hududida aviaspotting bilan shug‘ullanish uchun kuzatish maydonchalari faoliyatini ta’minlash Transport vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Ayni paytda hukumat qarori bajarilmasdan qolmoqda. Taniqli aviaspotterlarga og‘zaki ravishda ruxsat berilgan bo‘lsa ham, hali hanuz spotterlar bilan bog‘liq mashmashalar yuzaga kelmoqda (Ularning eng oxirgisi taniqli aviaspotter Muhammadrasul Muhiddinov bilan ro‘y bergan. U ishlayotgan chog‘da ikki bor PPX xodimlari kelib tintuvdan o‘tkazishgan — Sh.Sh).

O‘tgan Toshkent xalqaro aeroporti panjarasi ortida turib samolyotlarni suratga olgan maktab o‘quvchilarini huquq-tartibot organi xodimlari ularning texnika resurslarini olib qo‘yib, 6 nafar bolani alohida avtomashinalarda olib ketgan. Uzbekistan Airports yosh havaskorlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.

Ayni paytda, Toshkent xalqaro aeroportini o‘rab turuvchi devorlarga foto va videoga olish mumkin emasligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi e’lonlar yopishtirib chiqilgan.

Rustam Mannonov huquq-tartibot organlari va aviaspotterlar o‘rtasidagi tushunmovchiliklar to‘liq bartaraf bo‘lishi uchun ham, spotterlarga aeroportlarda qonuniy ishlash maydonchalari yaratilishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Umuman olganda, aviaspotter vaziyat avvalgidan ancha yaxshi tomonga o‘zgargani. Uzbekistan airports va Air Marakanda hukumatning o‘sha qaroriga binoan rasmiy spotting turlar o‘tkazayotgani, respublika va xorijdan spotterlarni jalb qilib, ishlashga sharoit yaratayotganini ham qayd etdi.

Chunki spotting — shunchaki hobbi emas, allaqachon butun dunyodagi samolyotlarni sevuvchi insonlarni birlashtirib turadigan ehtirosga aylanib bo‘lgan.

Agar siz aviatsiya olami haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni istasangiz yoki bu ko‘ngilga xush yoquvchi hamjamiyatning a’zosi bo‘lishni xohlasangiz spotterlarga qo‘shiling.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.
Montajchi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid