O‘zbekiston | 19:24 / 24.11.2021
15017
4 daqiqa o‘qiladi

Aholiga 80 ming gektar yer ijara asosida bo‘lib beriladi

Dehqon xo‘jaligi yerdan oqilona foydalanmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinadi.

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda yer muammolari alohida muhokama qilindi.

«Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan kichik intensiv bog‘, uzumzor va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun, 14 foizlik imtiyozli stavkada 100 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. Hamma shuni hisobga olsin – pul tayyor turibdi, endi buni aql bilan ishlatish kerak.

Bunga xalqaro moliya tashkilotlarining 100 million dollar mablag‘i yo‘naltiriladi. Yana bir masala – eksport shartnomasi bo‘lgan meva-sabzavot yetishtiruvchilarga hosilni xavf-xatardan sug‘urtalash xarajatlarining 50 foizi budjetdan qoplab beriladi», degan prezident.

Klasterlar tomonidan chet eldan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassisi jalb qilish xarajatlarining 50 foizigacha qismiga subsidiya berilishi ma'lum qilingan.

Yuqoridagi imtiyozlar shartnomalari ro‘yxatdan o‘tgan klasterlarga beriladi.

Kelgusi yilda paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar yer aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ijaraga berilishi ma'lum qilindi.

«Kelgusi yilda paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar maydonlarni aholiga bo‘lib berish bo‘yicha kuni kecha qarorni imzoladim. Ushbu yerlar aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun, 10 sotixdan 1 gektargacha 10 yil muddatga, ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga beriladi. Men 20 yil qilishga ham tayyorman, lekin avval ishonch hosil qilaylik.

Bunda, asosiy mezon – tomorqadan samarali foydalanish va yaratiladigan ish o‘rinlari bo‘ladi.

Tanlovda dehqonchilikda tajribasi bor aholi, shuningdek, 3ta daftarga kirgan oilalar qatnashadi. Ochiq elektron tanlovda har bir talabgorning hozirgacha o‘z tomorqasidan qanday foydalanayotganiga yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilari baho beradi.

Ushbu yerlarda dehqonchilik qilish uchun, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar ekishga 6 oylik imtiyozli davr bilan 2 yilgacha kredit ajratiladi. Dehqon xo‘jaligi yerdan oqilona foydalanmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinadi. Buni har bir dehqonga tushuntirish kerak.

Bir oy muddatda 80 ming gektar yerlar lotlarga bo‘linib, ochiq tanlovga chiqarilsin. Har bir yer uchastkasi 2 kunda kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bunda, aholi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yig‘imlardan ozod qilinadi (1 million 350 ming so‘m).

Qudbiyev, Umarov viloyat hokimlari bilan birga, kelgusi yil 1 martga qadar barcha qishloq xo‘jaligi yerlarining kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilishiga mas'ul va birorta hudud rahbarining bu masalada «o‘yin qilishga haqqi yo‘q»ligi ta'kidlangan.

Mavzuga oid