O‘zbekiston | 16:13 / 18.04.2020
6343
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti tashkil etiladi

“Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qaroriga muvofiq, Termiz davlat universiteti Denov filiali negizida Samarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti tashkil etiladi.

Foto: Samarqand davlat universiteti

Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida:

tadbirkorlarning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda tadbirkorlik va boshqaruv, pedagogika va aniq fanlar hamda mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq boshqa sohalar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni milliy va xalqaro standartlarga muvofiq sifatli tayyorlash;

yetakchi xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar uchun qo‘shma ta'lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash;

kadrlar tayyorlash jarayoniga ilg‘or ta'lim texnologiyalari, shu jumladan masofaviy o‘qitish uslublarini joriy etish;

o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, ilm-fan, ishlab chiqarish va amaliyot oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish;

yuqori malakali professor-o‘qituvchilar, mutaxassislarni jalb etgan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyotning ehtiyoj yuqori bo‘lgan tarmoqlari uchun kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;

respublika va xorijiy oliy ta'lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga istiqbolli yoshlarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish kabilar belgilandi.

Institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Institutning ta'lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.

Shuningdek, qarorda Institutning pedagogik va ilmiy salohiyatini oshirish, ta'lim jarayonini sifatli tashkil etish uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida, shuningdek joylashuv hududini hisobga olib Institut professor o‘qituvchilari va xodimlariga mehnatga haq to‘lashda tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 1,5 baravar miqdorda hisoblanadi.

Mavzuga oid