O‘zbekiston | 15:00 / 27.11.2021
11017
4 daqiqa o‘qiladi

“Ilmsiz tadbirkor endi uzoqqa bormaydi” - Alisher Isayev biznesni transformatsiya qilish haqida

“Hozirgi bilim darajasida o‘zbek tadbirkori transformatsiya qilib o‘zgarmasa, 10 yildan keyin hech biri qolmaydi”, deydi Kun.uz'ning biznesmenlar uchun mo‘ljallangan yangi loyihasi ilk mehmoni Alisher Isayev.

Biznesda va shaxsiy rivojlanishda transformatsiyaning ahamiyati borgan sari ortib bormoqda. Kun.uz transformatsiya jarayoni, shaxsiy rivojlanish, biznesda yangi modellarni tuzish va uni boshqarish, biznesni raqamlashtirish kabi mavzularda ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar bilan suhbatlar loyihasini boshladi.

Transformatsiya nima?

“Transformatsiya” so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, ham shaklan, ham mazmunan o‘zgarish degan ma'noni anglatadi. Bu – tushuncha biznesda o‘zgarishga va o‘rganishga ochiq insonlar qo‘l uradigan jarayon. Zero, tezlik bilan o‘zgarayotgan zamonda qotib qolgan va moslashmagan biznes tanazzulga uchraydi.

Ko‘rsatuvning ilk soni mehmoni – taniqli tadbirkor, savdo va boshqaruv bo‘yicha mutaxassis, “Milliard” klubining asoschilaridan biri Alisher Isayev bo‘ldi.

Biznesda transformatsiya nima uchun muhim?

— So‘nggi vaqtlarda transformatsiya haqida mavzular ko‘p ochilyapti, bunga bir necha sabab bor. Birinchidan, 20 yil yoki 10 yil oldingi biznesdan olingan foyda bilan bugungisi farq qiladi. Deylik, 20 yil avval 100 so‘m pul tiksa bir yilda 500 so‘m foyda olardi, o‘n yil avval bu 50-100 so‘mgachani tashkil qilgan, bugun esa 20 so‘m oladimi-yo‘qmi — muammo. Avvallari foyda ilmsizlik bilan biznesda qilingan xatolarni “yuvib ketgan”, foydaning ko‘pligi biznes ilmidagi xatolarni yopib turgan. 2030-yillarga borib esa butun dunyoda marja, ya'ni foyda darajasi 2-3 foizga tushadi.

Transformatsiyaning effekti shundaki, o‘zbek tadbirkorlari hozirgi bilim darajasini transformatsiya qilib o‘zgarmasa, 10-15 yildan keyin biznesidan asar ham qolmaydi, chunki biznesda 2-3 foizlik daromad ilmsizlikni kechirmaydi.

Ikkinchidan, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kabi katta-katta tuzilmalar qudratli davlatlar iqtisodi uchun kichik davlatlarni o‘ziga bozor qilib oladi. YeOIIga kirgan davlatlarning 50-70 foiz tadbirkori bankrot bo‘lgan, sababi, yuqorida aytganimdek, kichik davlatlar kuchli davlatlar uchun bozor bo‘lib xizmat qiladi.

Endi xulosa qilish mumkinki, transformatsiya bugun har qachongidan ham muhim. O‘zbekiston ham YeOIIga kiradigan bo‘lsa, bizning tadbirkorlarni ham shunday qismat kutishi tayin. Transformatsiya esa ularni biznesda ilmning qadri qanchalik muhimligiga o‘rgatadi va yo‘qotishlarga chidamli qiladi.

“Agar o‘zgarmasa, 3-4 yildan keyin ahvol yomon bo‘lishini his qilayotganlar o‘qishga harakat qilyapti”

— Butun respublikadagi barcha tadbirkorlarni olsak, 0,1 foizi bugun biz so‘z ochgan mavzuni tushunishga harakat qilyapti, faoliyatida transformatsiyadan foydalanish choralarini ko‘ryapti. Bu statistika qaydan keldi? Yaqinda prezidentimiz bilan uchrashuvda respublikada 4 mln tadbirkor borligi aytildi. Endi turli kurslarga borayotgan, biznesga uning ilmini olib kirishga intilayotganlari 4 mingta, ya'ni 0,1 foiz. Bu ham hali hammasi o‘qiganlari – uqqanlari emas.

Bugun o‘zini va biznesini transformatsiya qilmasa, 3-4 yildan keyin ahvol yomon bo‘lishini his qilayotganlar o‘qishga harakat qilyapti.

***

Suhbat davomida tajribali tadbirkorning transformatsiyani nimadan boshlash kerakligi bo‘yicha tavsiyalari, o‘zbek tadbirkorlarini qiynaydigan biznes jamoasidagi muammolar, “tog‘a-jiyan” munosabatlari, biznesni boshqarishga oid tavsiyalar va boshqa hayotiy tajribalar bilan tanishishingiz mumkin.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qiling.

Ko‘rsatuv muallifi va boshlovchi – Abbos Rizkiyev.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘rsatuv hamkori – “Ark Buloq” xalqaro savdo markazi.

Barakali savdo “Ark Buloq”dan boshlanadi!

Mavzuga oid