O‘zbekiston | 14:51 / 07.12.2019
6032
3 daqiqa o‘qiladi

«Hunarmand» uyushmasiga a'zo hunarmandlar pensiya olishi mumkin bo‘ladi

2019 yil 6 dekabr kuni «Hunarmand» uyushmasi tomonidan prezidentning 2019 yil 28 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4539-sonli qarorida belgilangan vazifalar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

«Hunarmand» uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev hunarmandchilik sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Uning ma'lum qilishicha, «Hunarmand» uyushmasidan ro‘yxatdan o‘tgan hunarmandlar soni 2019 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra 28 300 nafarni, shogirdlar soni 53 500 nafarni tashkil etadi. Banklar tomonidan 12 402 ta loyiha moliyalashtirilgan hamda 405,1 mlrd so‘mlik mablag‘ sarflangan, 46 400 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. 2018-2019 yillarda respublika bo‘yicha 18 mln AQSh dollari miqdorida hunarmandchilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan.

Ulug‘bek Abdullayev

Bundan tashqari, «Hunarmand» uyushmasiga a'zo bo‘lgani, a'zolik badali to‘lagani evaziga hunarmandlar uchun pensiya daftarchasi yuritiladi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ma'lum qildi.

Adham Ikromov

Shuningdek, Adham Ikromov hunarmandlar milliy katalogi tuzilishi haqida o‘z fikrini bildirdi. Unga ko‘ra, bu katalog O‘zbekiston hunarmandlarining yuzi hisoblanadi va bunga o‘z maktabini yaratgan, dunyoga tanilgan ustalar kiritiladi. Shuning uchun ham undagi hunarmandlar soni 200-300 nafardan oshmasligi ta'kidlandi.

Xalq amaliy san'ati ustalarining Milliy katalogiga kiritiladigan nomzodlarini tanlashda maxsus Kengash tuziladi. Uning tarkibiga «Hunarmand» uyushmasi raisi rahbarligida Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya xodimlari kiritiladi. 

Ulug‘bek Abdullayev Milliy katalog 2020 yil 1 yanvardan boshlab ochiq va umumfoydalaniladigan veb-sayt ko‘rinishida ishga tushirilishini qo‘shimcha qildi. 

Uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev hududlar bo‘ylab 38 ta tuman/shaharlar hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgani va ularga O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari biriktirilganini aytib o‘tdi.

Mavzuga oid