Alifbodagi kamchiliklar nihoyat bartaraf etiladimi?
Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrida o‘tayotgan «Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada chiqish qilar ekan, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi mavjud kamchiliklar haqida ham so‘z ochdi.
O‘zbekiston nomi turli joylarda har xil va noto‘g‘ri yozilishini ta’kidlab, alifbo islohoti bo‘yicha bahslarga qat’iy nuqta qo‘yishni hamda ayrim o‘zgarishlarni joriy etish zarurligini aytdi.
«Gap bizning millatimiz va yurtimiz nomi haqida ketyapti», — dedi Saida Mirziyoyeva va ekranda «O‘zbekiston» yozuvining turlicha yozilishlari namoyish etildi.
«To‘g‘ri, alifbo islohoti yangi bahslar, tortishuvlar, ko‘zda tutilmagan moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin yana bir bor ta’kidlayman: gap vatan va millat nomini to‘g‘ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o‘zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur», — dedi davlat rahbari yordamchisi.
Huquqshunos, O‘zA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev alifbo islohoti masalasida ko‘pchilik tilga oladigan xavotir va afsonalarni qisqacha tahlil qildi.
Bizda alifbo almashmayapti!
Alifbomiz o‘sha-o‘sha turibdi va yana turadi. «Alifbo almashsa, xalq savodsiz bo‘ladi», deganlarning fikri to‘g‘ri, ammo bizda alifbo almashayotgani yo‘q va bizga bu taalluqli emas.
1929 yilda arabchadan lotinga, 1940 yilda lotindan kirillga o‘tkazilganda haqiqatan ham xalq ma’lum ko‘rinishda savodsizlashgan. Lekin bu yerda bir yozuvdan mutlaqo boshqa yozuvga o‘tish haqida gap ketmoqda.
Bizda hozir alifbo va yozuv almashmaydi. Hattoki jiddiy o‘zgartirilmaydi ham. Alifbodagi ayrim harflarning (minimum 2 ta, maksimum 4 ta) shakli biroz, yana qaytaraman, birozgina o‘zgartiriladi.
Masalan:
O‘ => Õ õ
G‘ => Ğ ğ
Bu shakllar barchaga tanish, shundoq ham yozma husnixatda shu kabi shakllardan foydalanamiz. Shu sababli, «alifbo islohoti xalqni savodsiz qiladi», degan balandparvoz da’volar shunchaki afsona xolos!
Alifbo islohoti uchun vahimali darajada katta mablag‘ ketmaydi
Chunki barcha darslik va kitoblarni qayta chop etishga hojat yo‘q, barcha pasportlar ham almashtirilmaydi, hozirgi pullar ham o‘z kuchida qolaveradi va h.k. Bu haqida oldin ham batafsil aytganman.
Alifbo islohotiga qarshi qatlam doim iqtisodiy tomonini ham so‘roq ostiga oladi va kitoblar, pasport, hujjatlar, pul banknotalari, ko‘chadagi belgilar va boshqa joydagi yozuvlarni birdaniga almashtirib chiqish katta xarajat talab etishini aytishadi. Ha, to‘g‘ri, bularning barchasini bittada almashtirish katta mablag‘ talab etadi. Ammo bittada almashtirish shartmi o‘zi?
Masalan, hozir kirill va lotin yozuvidagi pullar, kitoblar va hujjatlar amalda bo‘lib turibdi, bu kimgadir xalaqit beryaptimi? Yoki sovet davrida berilgan tug‘ilganlik guvohnomalarini kimdir tan olmayaptimi?
Alifbo islohoti tabiiy jarayonda amalga oshishi kerak. Darsliklar ham, pasportlar ham, yo‘l belgilari ham o‘z vaqti-soati kelganda almashadi. Ungacha hozirgisi kuchida bo‘laveradi.
Masalan, O‘tkir (O‘tkir) ismli yurtdoshimizning pasporti 2028 yilgacha kuchga ega bo‘lsa, o‘sha 2028 yildagina pasportini (Õtkir yozuvli qilib) almashtiradi. Ungacha hech kim pasportingda isming xato, almashtir, demaydi. Tamom, vassalom.
Xullas, alifbo islohotida ma’lum bir xarajatlar bo‘lishi tabiiy, ammo ayrimlar vahima qilganidek ko‘p xarajat bo‘lmaydi, aqlli chora-tadbirlar bilan o‘ta minimal darajaga tushiriladi.
«Nima bo‘lsa ham, alifbo islohoti masalasiga yakuniy, qat’iy yakun yasash vaqti keldi. Va o‘sha qat’iy, aqlli, puxta o‘ylangan qaror tez orada qabul qilinadi deb umid qilaman», deb yozadi X.Xudoyberdiyev.
Lotin alifbosidagi kamchiliklar haqida ko‘p va xo‘p yozilgan. Ularga yana birma bir batafsil to‘xtalib o‘tirishning hojati yo‘q. Mavjud alifbodagi qiyinchilik tug‘dirayotgan harflarni ayniqsa O‘ o‘ va G‘ g‘ harflari matn tuzishda katta qiyinchilik keltirib chiqarayotganini barchi tilchilar, dasturchilar, jurnalist va yozuvchilar e’tirof etib bo‘lishgan.
Saida Mirziyoyeva bejizga O‘zbekiston va o‘zbek so‘zlarini misol qilib keltirmadi. Shunisi aniqki, kompyuterning hech qanday standart klaviaturasida O‘ va G‘ harflari ishtirok etgan so‘zlarni bexato yozib bo‘lmaydi. Bu harflarni yozishda qo‘llanadigan birtirnoqni klaviaturada chiqarib bo‘lmaydi. Faqat iOs va Android tizimlarigina gadjet klaviaturalarini moslashgan.
Bu ikki harf onlayn lug‘atlar qilishda, heshteg yozishda va qidiruv tizimida katta noqulayliklar keltirib chiqaradi.
Garchi Sh va Ch harflari bilan bunday noqulayliklar bo‘lmasa-da, tilchilarimiz o‘zlarining so‘nggi konferensiyasida ularni ham Ş va C ko‘rinishida almashtirishni taklif qilishgan. Bu o‘zgartirishlar, yozuvimizni yanada qulaylashtirishga xizmat qilsa-da, 1995 yildan buyon shu alifboda savodi chiqib bo‘lgan yoshlarimizning bir qismi Sh va Ch o‘zgartirilishini ko‘p ham xushlamayapti, bu bor gap.
Lotin yozuviga asoslangan qoraqalpoq alifbosida ham birtirnoqli harflar yanada ko‘proq edi: A‘, I‘, O‘, U‘, G‘, N‘. Ularning alifbosi ham 2009 va 2016 yillarda isloh qilinib, birtirnoqli harflar akutli harflarga almashtirildi: Á á, Ó ó, Í ı, Ú ú, Ǵ ǵ, Ń ń. Sh va Ch harflari o‘z o‘rnida qoldirildi.
Chindan ham, hozir bu kichik o‘zgarishlar joriy etilsa aslida hech narsa o‘zgarmaydi. Maktabdagi o‘quvchilarimiz, shu alifboda savodi chiqqan yoshlarimiz qo‘lda yozishda qanday yozgan bo‘lsa, shunday yozishda davom etishaveradi.
Qaror qabul qilingan kundan keyin chop etiladigan hujjatlar va kitoblarda o‘zgartirilgan harflardan foydalanilaveradi. Eski hujjatlar va kitoblarni qaytadan nashr etishga aslo hojat yo‘q.
Kompyuter ma’lumotlari, veb-saytlar, elektron ma’lumotlarni to‘g‘rilish esa bot yordamida bir zumda amalga oshirsa bo‘ladigan ish. Bundan aslo xavotir olmasa ham bo‘ladi.
Eng muhimi — isloh qilingan alifbo bilan o‘zbek tilining rivojlanishi uchun juda katta qadam tashlanadi. Muayyan harflarning belgilanishi barcha ikkilanishlarga chek qo‘yadi.
Prezident yordamchisi so‘zi nihoyasida ta’kidlaganidek, alifbodagi ayrim o‘zgarishlarni tezroq joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Mavzuga oid
19:14 / 12.12.2024
Saida Mirziyoyeva ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi
18:52 / 27.11.2024
Prezident ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilishga doir davlat dasturini ma’qulladi
20:27 / 23.11.2024
Suriya hududidan eng qadimiy alifbo topildi
07:03 / 16.11.2024