O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik) tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazini;
O‘zbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutini;
Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutini;
“Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutini Agentlikka berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni joriy etish orqali ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarini dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda tibbiyot texnikalari bilan ta'minlash dasturlarini amalga oshirish;
farmatsevtika bozori kon'yunkturasini o‘rganishni tashkil qilish, ichki va tashqi bozorlarda yuqori sifatli, raqobatbardosh dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarining yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga hamda ularni jahon bozoriga olib chiqishga ko‘maklashish;
aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarining dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari, shu jumladan ularning mahalliy ishlab chiqarilgan turlari bilan ta'minlanganlik holatini tizimli tahlil qilish, shu asosda ichki bozorni yanada to‘ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
farmatsevtika tarmog‘i korxonalarining asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashga ko‘maklashish, chet el investitsiyalarini, shu jumladan xorijiy va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini keng jalb qilish;
dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion texnologiyalarni yanada joriy etish uchun ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilishini tashkil etish;






