O‘zbekiston | 07:55 / 07.06.2021
7313
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida avtobus qatnovi qayta tiklanishi mumkin

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Joriy yil 5 iyun kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashdi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar kutilayotgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan ikki tomonlama hujjatlar va hukumatlararo bitimlarni ishlab chiqishning borishini muhokama qildi. Shuningdek, ular tadbir kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar borasida kelishuvlarga erishish hamda barcha masalalar yuzasidan yakdil fikrga kelish uchun bor bo‘lgan imkoniyatlarni safarbar etishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdi.

Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari umumiy ustuvorlikka ega ekanligi aytib o‘tildi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning birinchi darajali vazifalari hamda o‘zbek va tojik biznes jamoalari vakillari o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari muhokama qilindi. O‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarni nazarda tutgan holda oliy darajadagi tashrif kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirishga oid navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Madaniy-gumanitar sohada faol hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, madaniyat, san'at, fan arboblari, shuningdek, ikki mamlakat yoshlarining O‘zbekiston va Tojikiston hududlariga o‘zaro safarlarini tashkil etishga kelishib olindi. Ikki davlatning Toshkent, Samarqand, Termiz, Dushanbe, Xo‘jand, Penjikent va boshqa yirik shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovini qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi. “Ipak yo‘li” sayyohlik brendini ilgari surish va ziyorat turizmini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar Birlashgan millatlar tashkiloti, Shanhay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida navbatdagi tadbirlarni belgilab oldi.

Mavzuga oid