O‘zbekiston | 14:39 / 26.10.2022
15711
5 daqiqa o‘qiladi

“Nimadan o‘lgani noma’lum” – Yuqori Chirchiqdagi soy bo‘yidan 2 tonna o‘lik tovuqlar tashlab ketilgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi taqiqlangan joyga ko‘p miqdorda o‘lgan tovuqlar tashlab ketilgani aks etgan videolar tarqaldi. Kun.uz Kengli mahallasiga borib hodisa tafsilotlarini o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yuqori Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qizilsoy bo‘yiga noma’lum shaxslar tomonidan ko‘p miqdorda parranda o‘ligi tashlab ketilgan. Hodisaga jamoatchilik e’tiborini qaratgan Inomjon Raimov o‘lgan tovuqlar soy bo‘yiga 19-20 oktabr kunlari tashlab ketilganini aytmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoning muallifi menman. Video 24 oktyabrda olingan. O‘lgan tovuqlar esa undan to‘rt-besh kun oldin tashlab ketilgan ekan. Ikki-uch tonna atrofidagi tovuq o‘ligining hididan atrofda yurib bo‘lmay qoldi.

Bizni o‘ylantirgani bu tovuqlar nimadan o‘lgan? Ularning qanchasi bozorga chiqib ketdi-yu, qanchasi bu yerga tashlab ketildi? Chunki bular kasallangani ehtimoli yuqori. Agar kasallanmasa, buncha miqdordagi tovuq bir vaqtda nobud bo‘lmaydi” deydi murojaatchi Inomjon Raimov.

Inomjon Raimov. Foto: Kun.uz

Mahalliy aholi ushbu hududga yaqin masofada ikkita tovuq fabrikasi borligi, o‘lgan tovuqlar fabrikadan chiqqan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

E’tiborlisi, Davlat ekologiya qo‘mitasi mahalliy aholining mavzuga doir murojaatlarini e’tiborsiz qoldirgan. Holat aks etgan video internetda shov-shuvlarga sabab bo‘lgach, mutasaddilar harakatga tushib qolgani aytilmoqda.

Qoplarga solingan parranda qoldiqlari Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan

“Shuncha o‘lgan tovuq qayerdan chiqqanini bilish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasiga murojaat qildik. O‘n besh kun ichida murojaatingiz ko‘rib chiqiladi deyilgan. Mendan tashqari hududda yashovchi boshqa odamlar ham qo‘mitaga murojaat qilishdi. 19 oktabr kuni zayavkani bergandik. 15 kun ichida arizamizni qo‘mitaning viloyat boshqarmasiga jo‘natilishini aytishdi.

Ammo o‘n besh kun kutib turolmasdik. Shu bois holatni videoga olib, Telegram-kanallarga tarqatdik. Ijtimoiy tarmoqqa videoni joylaganimizdan keyin tuman ekologiya bo‘limi mas’ullari kelib, hududni tozalatishga kirishishdi” deydi murojaatchi.

Surishtiruvimiz davomida Qizilsoy sohilida bundan boshqa chiqindilar ham ko‘pligiga shohid bo‘ldik. Mas’ullar bu vaziyat mahalliy aholi va tashkilotlar tomonidan vujudga keltirilayotganini ta’kidlashdi.

Shavkat Odilov, Yuqori Chirchiq tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i. Foto: Kun.uz

“Hozirgi kunda mazkur hududdan bir yarim-ikki kilometr uzoqlikda maishiy chiqindi to‘kish poligoni mavjud. Belgilanmagan joyga mahalliy aholi va turli tashkilotlar tomonidan noqonuniy ravishda chiqindilarni to‘kib ketish holatlari aniqlanmoqda.

Jumladan, Jambul qishlog‘ida ham tovuq qoldiqlarini tashlab ketish holati kuzatildi. Hozirga kelib, ushbu holat Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Yuqori Chirchiq tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan o‘rganilib, joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi. Bundan keyin ushbu hududda jamoatchilik va tuman inspektorlarining nazoratini kuchaytirish ustida ishlar amalaga oshiriladi”, deydi Yuqori Chirchiq tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Shavkat Ibrohimov.

Maxsus transportlarga ortib olib ketilgan o‘lik tovuqlar qayerga olib boriladi? Mutaxassisning ta’kidlashicha, ular maxsus poligonga olib borilib, yoqish yo‘li bilan yo‘q qilinadi.

Hojiakbar Otaboyev, Yuqori Chirchiq tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Foto: Kun.uz

“Bu yerdan ortib ketilgan parrandalar maxsus obektga olib boriladi. U yerda esa maxsus o‘ra qaziladi. O‘sha o‘raga barcha o‘lik tovuqlar to‘kilib yoqiladi. Yonib bo‘lgach, dezinfeksiya vositasi bilan ishlov beriladi. Undan so‘ng tuproq bilan ko‘mib tashlanadi.

Bundan tashqari, jonsiz parrandalardan laboratoriya uchun namunalar olinadi. Namunalar Hayvonlarning o‘ta xavfli kasalliklari bo‘yicha davlat laboratoriyasi hamda Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markaziga jo‘natiladi.

Qolaversa, tuman laboratoriyasida ham tekshiriladi. Ya’ni parallel ravishda uchta joyda tekshiriladi. Shundan so‘ng laboratoriyalarning xulosalariga ko‘ra, xududda kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi”, deydi Yuqori Chirchiq tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Hojiakbar Otaboyev.

Eslatib o‘tamiz, qonunlarimizda tabiatga yetkazilgan zarar uchun ham javobgarlik belgilangan. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 82-moddasiga ko‘ra, fuqarolar muhofaza qilinayotgan tabiiy hudud rejimini buzsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobaridan 15 barobarigacha, mansabdor shaxslar 15 barobaridan 20 barobarigacha miqdorda jarimaga tortilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid