O‘zbekiston | 08:21 / 03.06.2022
12394
3 daqiqa o‘qiladi

Kadastr agentligiga noqonuniy imoratlar bo‘yicha yangi vakolat berilishi kutilyapti

Foto: Kun.uz

“Ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Loyihaga muvofiq, Yer, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Yer kodeksi 40-moddasi birinchi qismi “12” kichik band bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra yer uchastkalariga egalik qiluvchi, ulardan foydalanuvchi, ularni ijaraga olgan, shuningdek mulk qilib olgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga bo‘lgan o‘z huquqini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi shartligi belgilanmoqda.

Yer kodeksi 38-moddasiga qo‘shimcha kiritilib, Kadastr agentligi organlariga yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari yuzasidan ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga da’vo arizasi kiritish vakolati berilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 60-moddasi 4-qismi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra modda ikkinchi va uchinchi qismida, ya’ni, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanganlik hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirganlik uchun ushbu huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u huquqbuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran 15 kunlik muddatda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi qaytarilishini ta’minlasa va o‘zboshimchalik bilan egallab olish oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etilishi belgilanmoqda.

Kodeksning 60-1-moddasi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra, barcha toifadagi yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan choralar ko‘rmaslik bo‘yicha javobgarlik belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 198-6-modda bilan to‘ldirilib, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda hokim yordamchisining so‘rovlariga javob bermaslik holatlari bo‘yicha javobgarlik belgilanmoqda.

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun 11-moddasi 1-qismi 30-xatboshi bilan to‘ldirilmoqda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklarida aniqlangan (o‘zlariga oshkor bo‘lgan) yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha ma’lumotlarni bir kunlik muddatda yer sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga taqdim etishi belgilanmoqda.

Mavzuga oid