Jahon | 14:47 / 18.12.2024
13069
16 daqiqa o‘qiladi

Isroil nega Suriyaga to‘satdan zarba berdi va yangi kuchlar taqsimotidan nimalar kutilmoqda?

Bashar Asad rejimi qulatilganidan buyon Isroil Suriyaning barcha hududlariga havo, dengiz va quruqlikdan 500 ga yaqin zarba berdi. Isroil qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, atigi ikki kun ichida Suriyaning harbiy salohiyatining taxminan 80 foizi yo‘q qilingan. Isroil rahbariyati Suriya harbiy arsenali isyonchilar qo‘liga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilgan ko‘rinadi. Ammo gap faqatgina shundami?

Foto: Anadolu agency

Bashar Asad rejimi qulashi bilan Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) 1967 yildagi Olti kunlik urushdan keyin BMT nazoratida tuzilgan, okkupatsiya ostidagi Jo‘lan tepaliklari yaqinidagi qurolsizlantirilgan bufer zonaga o‘z qo‘shinlarini kiritdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu shu haftada Isroil va Suriya o‘rtasida 1974 yilda imzolangan ajratuvchi kelishuv endi amal qilmasligini ham ma’lum qildi.

Shuningdek, Isroil o‘z hududiga terrorchi guruhlar yaqinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida chegarada qo‘shimcha xavfsizlik hududini yaratish niyatida ekanini bildirmoqda.

Buning barchasi nima ma’noni anglatadi? Isroil rahbariyati Suriyaning yangi hukumatini terrorchilar deb hisoblaydimi? Yahudiylar davlati qo‘shnisiga nisbatan kuch ishlatishdan boshqa yana qanday hamkorlik shakllarini ko‘rib chiqmoqda? BBC tahlilida shular haqida so‘z bordi.

Dushmaning dushmani — do‘st emas

Suriyada amalga oshirilgan operatsiya bo‘yicha qaror Isroilning tor doiradagi harbiy-siyosiy kabineti tomonidan qabul qilingan. BBC manbasi ta’kidlashicha, bu majlis kabinet kun tartibidagi eng qisqa yig‘ilishlardan biri bo‘lgan.

«So‘nggi bir necha kun ichida TSAHAL Suriyada davlatimiz uchun tahdid soluvchi strategik obektlarni yo‘q qilish maqsadida ish yuritdi», — dedi mudofaa vaziri Isroil Kats keng ko‘lamli va tezkor operatsiyadan so‘ng.

Bungacha Isroil Suriyadagi aviahujumlari Eronga qarashli obektlarga qaratilganini aytib kelgan. Eron – Isroilning Yaqin Sharqdagi eng qudratli raqibi bo‘lib, Asad rejimini qurol-yarog‘ va jangchilar bilan qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Endi barchasi tugadi. Hokimiyatni qo‘lga kiritgan isyonchilar Turkiyaga sodiq bo‘lib, ushbu davlat bir necha yil davomida ayrim guruhlarni qurol bilan ta’minlab kelgan. Shu bilan birga, Turkiya Eronning murosasiz dushmani.

Suriyalik isyonchilar endi mamlakatda Eronning ishtirokiga yo‘l qo‘ymasa kerak, biroq shu holatda ham ular Isroil uchun yaxshi qo‘shni bo‘lib qolishi dargumon.
Foto: AFP

Shunday ekan, Isroil o‘z chegaralaridan birida mashhur «Eron tahdidi»dan xalos bo‘lganday ko‘rinadi. Lekin hozir Isroil uchun asosiy tahdidlar qayerda?

«Suriyada hokimiyat yo‘q. Hozir u yerda turli guruhlar alyansi mavjud va ko‘rinib turibdiki, ularning hech biri ona Tereza momodan o‘rnak olayotgani yo‘q. Mafkuraviy jihatdan ularning barchasi ekstremist va o‘tmishda o‘zlarini salbiy tomondan namoyon qilgan», — deydi sobiq hukumat maslahatchisi, siyosatshunos Ariel Bulshteyn.

Asad rejimi Eron bilan yaqin aloqada bo‘lgan bo‘lsa-da, Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solmasdi, u Isroil razvedkasi tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilgan va Isroil unga ehtiyotkorlik bilan, ammo sabr bilan munosabatda bo‘lgan.

«Asad qulay va eng muhimi, barqaror raqib edi, uni ko‘proq o‘z mamlakatining ichki muammolari qiziqtirardi», — deb tushuntiradi Jyenevadagi Strategik tadqiqotlar institutining Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi Sebastyan Busso.

Shuningdek, Bashar Asad Isroil va AQShning terrorchilar ro‘yxatida bo‘lmagan. Ammo isyonchilar – ancha noma’qul va prognoz qilib bo‘lmaydigan kuch bo‘lib, ular jahon bo‘yicha jihodchilar bilan keng aloqalarga ega, deb hisoblaydi isroillik mutaxassislar.

«Suriyada yadroviy qurol yo‘q, chunki Isroil bu imkoniyatni o‘z vaqtida to‘xtatgan. Biroq kimyoviy qurol zaxiralari va boshqa ilg‘or qurollar, masalan, fuqarolik avialaynerlarini urishi mumkin bo‘lgan tizimlar yetarlicha bor edi. Agar bu qurollar dunyo bo‘ylab tarqalsa, juda katta xavf tug‘dirishi mumkin. Shu tariqa, Isroil nafaqat o‘z xavfsizligi, balki boshqa davlatlar xavfsizligini ham himoya qildi», — deydi BBCʼga izoh bergan isroillik siyosatshunos.

Isroil qanday qurollarni yo‘q qildi?

BBC harbiy muxbiri Ilya Abishevning tahliliga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi Suriya havo hujumidan mudofaa tizimining hech qanday qarshiligiga duch kelmagan ko‘rinadi — zarbalar chuqur hududlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular deyarli barcha nishonlarga yetib bordi va ularni yuqori aniqlikda dronlar orqali suratga olish bilan birga amalga oshirildi.

Talafot miqyosini baholash hali qiyin — Suriyada ko‘plab harbiy va strategik obektlar mavjud, armiya tarqab ketgan, yo‘qotishlar haqida hisobot beruvchi hech kim yo‘q. Biroq hodisa joyidan kelgan suratlar va tasvirlar Isroil havo hujumlari natijalari juda ta’sirli ekanini ko‘rsatadi.

Bir videoyozuvda Lataqiya portining vayronaga aylangan ko‘rinishi aks etgan. U yerda 205ER «Moskit» loyihasiga tegishli beshta raketa kateri yonib cho‘kkan holda ko‘rinib turibdi.

Suriya harbiy dengiz kuchlarida shu kabi yana sakkizta kema va yigirmaga yaqin boshqa kemalar mavjud bo‘lgan, ularning barchasi ishchi holatda emasdi. Ulardan nima qolgani noma’lum; Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Suriya floti to‘liq yo‘q qilinganini aytgan.

Yo‘q qilingan turli aviabazalardan olingan suratlarda harbiy samolyotlar parchalari aks etgan. Taxminlarga ko‘ra, ular Su-22 bombardimonchi samolyotlari bo‘lib, L-29 «Delfin» o‘quv samolyotiga zarar yetgan, fransuzlar ishlab chiqargan SA-342L «Gazel» vertolyotlarining yonib ketgan qoldiqlari, to‘liq yo‘q qilingan MiG-29, qisman vayron bo‘lgan MiG-23 va MiG-25 samolyotlari hamda «Buk-M2» zenit-raketasi majmuasining zararlangan bir necha uchirish moslamalarini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, hech qanday shikast yetmagan, faqat tashlab ketilgan harbiy texnikalarning suratlari ko‘p. Dayr-az-Zaur hududida olingan videoyozuvda treylerlar kolonnasi ko‘rinib turibdi, unda to‘rtta «Buk-M1» ZRM tizimlari bor. Sharhlovchining ta’kidlashicha, bu tizimlarni kurd guruhlari o‘z nazoratidagi hududlarga olib ketgan.

Rossiya omillari

Bu haftada Isroil havo hujumlarini hatto Halab aholisi ham kuzatdi. Isroil aviatsiyasi uzoq vaqtdan beri Suriya hududining bu qadar chuqur qismiga kirmagan edi.

So‘nggi yillarda Isroilning Suriyadagi amaliyotlari Moskva tomonidan Bashar Asadni himoya qilish uchun yuborilgan Rossiya havo hujumidan himoya tizimlari bilan to‘silgan edi. Aslida, har bir parvozni Isroil Rossiya qo‘mondonligi bilan kelishib olishi kerak edi.

Rossiya qo‘shinlari 2011-16 yillardagi fuqarolik urushi davrida Bashar Asadga hokimiyatni saqlab qolishda yordam bergan.
Foto: Anadolu agency

Isroillik ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, TSAHAL ma’lum muddatdan beri o‘z amaliyotlarini hech kim bilan muvofiqlashtirmaslikni boshlagandi. Ammo Asad rejimi qulashi va Rossiyaning mintaqadagi ta’siri yo‘qolishi Isroilga to‘liq harakat erkinligini berdi. Suriyadagi harbiy obektlarga zarbalar juda tez va aniq yo‘naltirildi.

«Imkoniyatlar darchasi paydo bo‘ldi. Gap faqat qurol haqida emas, ommaviy qirg‘in qurollari ustida ish olib borgan ilmiy-tadqiqot institutlarini ham neytrallashtirishga muvaffaq bo‘ldik», — deydi Isroil bosh vazirining sobiq maslahatchisi, siyosatshunos Ariel Bulshteyn.

«Bunga, avvalo, Asad rejimi qulashi sabab bo‘ldi, Rossiya ketishi esa qo‘shimcha omil bo‘ldi. Bu Eron imkoniyatlariga ham ta’sir qiladi. Rossiya qo‘shinlari himoyasi ostida Eron va «Hizbulloh» Suriya hududidan o‘z maqsadlari uchun foydalangan edi», — deydi ekspert.

Eronning qutqulari

Eron Suriyada o‘zining muhim tayanch nuqtasini yo‘qotganini hozircha ehtiyotkorlik bilan izohlamoqda. Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbari Hussayn Salomiy Eron yangi reallik bilan yashashi va unga ko‘ra harakat qilishini ta’kidladi, ammo bu mavzuda ko‘p gapirmadi.

Shu bilan birga, Tehron mintaqadagi proksi kuchlari orqali Isroilga osoyishta hayot kechirishga qo‘yib bermasligini aniq ko‘rsatdi. Livandagi radikal «Hizbulloh» guruhi rasmiy bayonot berib, Suriya xalqi tanloviga ko‘ra barqarorlikni tiklab, Isroil okkupatsiyasiga qarshi turishini tiladi.

Eronparast «Hizbulloh» fuqarolik urushi vaqtida Bashar Asadni jiddiy darajada qo‘llab-quvvatlagan va bu uning hokimiyatda qolishiga sabab bo‘lgan omillardan biri edi.

Suriyaning ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad, Eronning oliy bosh rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy, «Hizbulloh» yetakchisi Hassan Nasrulloh va Yaman husiychilari yetakchisi Abdulmalik Badruddin bitta plakatda — ag‘darilgan Suriya redjimi ittifoqchilarining illyustratsiyasi. Foto: AFP

Ammo ba’zi ekspertlar fikriga ko‘ra, «Hizbulloh»ning Suriyadan o‘z qo‘shinlarini Livanga qaytarib, Isroilga qarshi janglarga yo‘naltirgani Asad rejimi qulashini tezlashtirgan omillardan biri bo‘lishi ham mumkin.

«Hizbulloh» shu hafta ichida e’lon qilgan bayonotida «Biz Suriya va uning xalqini o‘z kelajagini belgilash va dushmanga – Isroil nomli uzurpator tashkilotga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaymiz», — deb ta’kidladi. Guruh shuningdek, Isroilning Suriyadagi harbiy infratuzilmalarga uyushtirgan zarbalarini qoralab, xalqaro hamjamiyatni bu hujumlarni to‘xtatish va Suriya xalqiga bu muhim tarixiy bosqichda yordam berishga chaqirdi.

«Hizbulloh»ning oliy martabali qo‘mondoni va Livan parlamenti a’zosi Hassan Fazlulloh Asadning ag‘darilishini butun mintaqa uchun xavfli va katta o‘zgarish deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Livan va «Hizbulloh» bu o‘zgarishlar oqibatlarini sinchkovlik bilan baholaydi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu agar Suriyaning yangi rejimi Eronga mamlakatga qaytish imkonini bersa yoki o‘z hududini «Hizbulloh»ga Eron qurollarini yetkazish uchun taqdim etsa, buning to‘lovi qimmat bo‘lishidan ogohlantirdi.

Shu bilan birga, ekspertlar sunniy isyonchilar hozirgi bosqichda shialarga Suriya hududiga qaytish uchun izn berishi ehtimoli juda kam ekanini ta’kidlamoqda.

Diplomatiya bo‘lmaydimi?

Xalqaro kuzatuvchilar Isroilning yangi Suriyaga faqat kuch ishlatish usuli bilan aloqalar o‘rnatish niyatiga ishora qilganini xavotirli signal o‘laroq qayd etmoqda.

Isroil o‘tgan hafta ichida Jo‘lan tepaliklaridagi o‘z pozitsiyasini nihoyatda mustahkamlab oldi. Foto: Anadolu agency

Isroil esa bu fikrga qo‘shilmaydi. Isroil rasmiylari ta’kidlashicha, bu tahdid emas, balki isyonchilarning har qanday dushmanona ishorasiga munosib javob qaytarilishini anglatish uchun qilingan harakatdir. Shu bilan birga, yahudiylar kelgusida o‘tish davri hukumati bilan munosabatlar o‘rnatishga ochiq ekanini bildirishgan.

«Bu diplomatiya masalasi emas. Agar seni yo‘q qilishni istashsa, hech qanday diplomatiya yordam berolmaydi. Agar yo‘q qilish niyati bo‘lmasa, unda diplomatiyaga hojat ham yo‘q, chunki tinchlik kelishuvlari ishlaydi. Diplomatiya hech qachon timsoh va uning qurboni o‘rtasidagi muammoni hal qilolmagan», — deydi Ariel Bulshteyn.

Shuningdek, Netanyahuning 1974 yilda Isroil va Suriya o‘rtasida tuzilgan va shu vaqtgacha amalda bo‘lgan ajratuvchi shartnomadan chiqqani xususidagi bayonoti ham Isroilning yangi Suriya hukumati bilan muzokara olib bormasligining yana bir belgisi sifatida baholandi.

Bosh vazirning jamoasi BBCʼga tushuntirishicha, bu bayonot faqat oniy vaziyat – bufer hududdagi qurolli guruhlar harakatlariga taalluqli. Ular hududga birinchi bo‘lib kirgani sababli Isroil o‘sha yerga o‘z kuchlarini joylashtirishga majbur bo‘lgan.

Biroq voqealar aslida ham shundaymi-yo‘qmi, bunisi faqat vaqt o‘tishi bilan aniq bo‘ladi.

Tarixiy tajriba

BMTning maxsus vakili Geyr Pedersen ta’kidlashicha, aynan mana shu tarixiy burilish pallasida – Suriya yarim asrlik Asadlar hukmronligidan qutulgan paytda Isroilning hujumlari mamlakatning tez tiklanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. U seshanba kuni Isroildan hujumlarni to‘xtatishni so‘radi.

Bunga javoban TSAHALdagi manba BBCʼga «Axir biz isyonchilarga zarar yetkazmadik. Ularning pozitsiyalarini ham nishonga olmadik», deya e’tiroz bildirdi.

Oq uy esa Isroilning xavfsizligini ta’minlash huquqini qo‘llab-quvvatladi. «Isroil o‘z xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur qadamlarni amalga oshirmoqda. Ular murakkab mintaqada yashaydi va o‘zini himoya qilishga haqli», — dedi milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jon Kirbi.

Islom dunyosida esa keskin tanqidlar yangradi. Eron Isroil va AQShni «Suriyadagi beqarorlikdan foydalanish»da aybladi. Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni ham Isroilning harakatlarini qoraladi. Ar-Riyod bu hujumlar Suriya xavfsizlikni tiklash imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishini ta’kidladi.

Isroilda esa aksariyat siyosatchilar va jamiyat bu hujumlarni qo‘llab-quvvatlab, Suriyadagi yangi kuchlar o‘z pozitsiyasini amalda isbotlashi kerak, deb hisoblaydi. «Yangi kuchlar tinch yo‘l bilan Suriyani obod qilish niyatida bo‘lsa, ularda Isroil yo‘q qilgan qurollarga ehtiyoj bo‘lmaydi», deb qayd etdi Ariel Bulshteyn.

Ichki jamoatchilik qarashlarida ham birdamlik kuzatildi. Ko‘pchilik isroilliklar bu Suriyadagi o‘zgarishlar sabrliroq va tinchroq qo‘shnichilik imkoniyatini yaratadi, deb umid qilmoqda.

Mavzuga oid