10:24 / 12.02.2018
187730

Prezident Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga qilingan tuhmatlar va g‘iybatlar haqida esladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqidagi o‘z xotiralari bilan bo‘lishdi. Bu haqdagi lavha «O‘zbekiston 24» telekanali efirida namoyish etilgan.

«Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini juda hurmat qilardim, ko‘p uchrashib yurardim. Shu odam juda ko‘p kitob o‘qigan inson edi. Mening o‘zim ular bilan muloqotda ko‘p bo‘lganman. Ular «Kitob o‘qimagan odamning ruhiyati ham, kelajagi ham, umidi ham yo‘q», derdilar. U odam arab tilini juda mukammal bilar edi. Albatta, Imom Al-Buxoriy, Moturidiy, At-Termiziy haqida gapiramiz. Lekin mustaqil O‘zbekistonga ham shunday odam juda kerak bo‘lgan, bu odam juda aqlli bo‘lgan. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasining raisi, muftiy lavozimida ishlaganlar. O‘sha paytda Sobiq Ittifoqdan Hajga eng ko‘pi bilan 20 inson borgan, lekin O‘rta Osiyo va Qozog‘istondan 1990 yilda 500 nafar musulmonni O‘zbekistondan jo‘natishga o‘zlari harakat qilgan. 90-yillari Saudiya podshohligiga o‘zi borib, 1 millionta Qur'onni olib keltirgan. Hayot beshafqat bo‘ladi deganlaridek, u odamga ham tuhmat, g‘iybatlar ko‘p bo‘lgan. 1993 yilda u odam ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. Saudiya Arabistonida yashaganlar, keyin 1994 yil Liviyaga borib, 2001 yilgacha o‘sha yerda musofirchilikda yashab, ko‘p kitoblar yozganlar.

O‘qing: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf amerikalik shifokorni qanday etib mot qilgan edilar?

Ochig‘ini aytsak, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga o‘xshagan buyuk odamlar hozir yetishmayapti. Qur'onni o‘qigan va uni ilmiy bilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. U odamning bilganini ancha-muncha odam bilmasdi. Bundan tashqari, u odam kam uxlab, ko‘p yozib, o‘qir edi. Har kuni ikki soat sport bilan shug‘ullanar edi. Biz mana shunday buyuk odamlarimizni tarannum qilsak kam bo‘lmaymiz. Kitoblarni arab, fors tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qildirgan odam ular. Qani bizda hozir shunaqalar? Menga ko‘p niyat qilar edilarki, «Qani endi bizning davlatda ham yaxshi masjid bo‘lsa-da, nurli islomni men tushuntirsam», deb. Shuning uchun yangi barpo etiladigan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladi, u yerda muzey tashkil qilinadi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 9 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo  etiladigan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishi xabar qilingandi. Davlat rahbari Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida mazkur masjid maydoniga ham tashrif buyurgandi.

Top