Jamiyat | 12:56 / 01.07.2017
25005
12 daqiqa o‘qiladi

Nega o‘smirlar bir-birlariga nisbatan shafqatsizlik qiladilar?

Bolangiz tengdoshlari tomonidan ruhiy bosimga uchrayotgan bo‘lsa, gij-gijlash, jismoniy zo‘ravonlikka duch kelsa, qanday yo‘l tutgan ma'qul? Nega o‘smirlar bir-birlariga nisbatan shafqatsizlik qiladilar, oilada, o‘quv muassasalarida, yoshlar markazlarida, boringki davlat miqyosida bunga qarshi qanday kurashish mumkin? Kommersant.uz masalaga oydinlik kiritishga urinib ko‘rdi.

May oyida Toshkent shahrida bir o‘smirning tan jarohatlaridan vafot topgani voqeasi jamiyatda chuqur muammolar mavjudligini namoyon etdi. Jumladan, o‘smirlar o‘rtasidagi jismoniy tajovuzkorlik hamda maktablar, kollej va litseylardagi tengdoshlararo ziddiyatlar anchayin xavfli va nazoratga olinishi zarur bo‘lgan hodisa ekanligini ota-onalar ham anglab yetdilar.

O‘smirlar tajovuzkorligi sababi nimada?

Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji psixolog-pedagogi Sayyora O‘rinboyeva:

“Tajovuzkorlik – bu yoshlarning o‘zini himoya qilishidir. Bu yo‘l bilan ular o‘smirlik chog‘ida shakllanuvchi o‘z “men”ini himoya qiladi. Shuningdek, tengdoshlar o‘rtasida yetakchilik uchun kurash yuzaga keladi. Salbiy ruhiyatga ega o‘quvchi jamoada eng “zo‘r” bo‘lishga intiladi. Sinf rahbari guruh yoki sinfdagi muhitni ziyraklik bilan payqashi va yetakchilikka intilishni to‘g‘ri o‘zanga yo‘llashi lozim. Bundan tashqari, ota-onalar tomonidan tushunish va qo‘llab-quvvatlash ham o‘ta muhim. Agar bu yetarli darajada bo‘lmasa, bolalar yomon xulq-atvor bilan o‘zlariga e'tibor jalb qila boshlaydilar”.

260- o‘rta maktab psixologi Lyudmila Mayorova:

“Ko‘pchiliklashib do‘pposlashgacha boradigan shafqatsizlik holatlarining sababi tushunarli, aniq va odatiy. Jasur Ibragimov ishi haqidagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlarni o‘rgansak, ko‘ramizki, bir qancha talabalar intizom qoidalarini bir necha marta buzganlar va jismoniy kuch ishlatganlar. Bu yerda ota-onalarning munosabati juda muhim. O‘zining aloqalaridan foydalanib, bolaning oldini olish, uni qilmishiga yarasha munosib jazodan saqlab qolish mumkin emas. Bu oila, jumladan bola uchun katta kulfat keltiradi. U bolaligidanoq o‘zini jazosiz qolishini bilib katta bo‘ladi, xulq-atvor qoidalarini qabul qilmaydi, do‘stlariga, o‘qituvchilarga hurmat nimaligini tushunmaydi. Ota-onasi uning barcha muammolarini hal qilib berishini biladi. Har narsa mumkinligi bolani va uning ruhiyatini barbod qiladi.

Maktabda men ota-onalar o‘z mavqelarini suiistemol qilishlari holatini muntazam kuzataman. Bolani qabul qoidalarini aylanib o‘tib maktabga joylash, kelgusida esa, tanishlar va pul evaziga institutga kiritish bunga misol bo‘ladi. Bular bari bolalarning zarariga ishlaydi. Ular ko‘pincha ochig‘ini aytishadi: “Meni joylab qo‘yishadi” yoki: “Men haqimda allaqachon kelishib qo‘yishgan”. Demak, bola o‘z kuchiga tayanmaydi.  Tajovuzkorlikda ham xuddi shunday. Ular ota-onalari har qanday qilmishlarini “yopdi-yopdi” qilib yuborishini biladilar. Albatta, bu oiladagi illat, bu o‘smirning aybi emas. Buning ildizi chuqur ekanligini tushunaylik – avvalambor ota-ona o‘zgarishi kerak.

Maktab bolaga kuchli ta'sir ko‘rsatadi, biroq ota-onalar, shunday ekan, deb mas'uliyatni zimmalaridan soqit qilmasinlar. Bosh javobgar – baribir, ota-ona. Bola uyida nimani ko‘rsa, boshqa jabhalarga ham shuni tatbiq etadi. Birinchi navbatda ota-onalar oiladagi o‘z xatti-harakatlariga e'tibor qaratsinlar. Tajribamda shunday voqea bo‘lgan: bola pul o‘g‘rilar, atrofdagilarni aldardi. Ota-onasi bilan suhbatda haqiqiy manzara aniqlashdi: ota onani ko‘p urar, bola muntazam buning shohidi bo‘larkan. Ona bir necha bor oiladan chiqib ketishga majbur bo‘lgan, bu esa bolaning ruhiyatiga ta'sir ko‘rsatgan. Bu tajovuzkorlikka o‘tishi mumkin edi, lekin boshqa xulq-atvor buzilishi ko‘rinishida namoyon bo‘ldi”.

Bola gij-gijlash qurboni bo‘lganligini qanday sezish mumkin?

Pedagoglar so‘zlariga ko‘ra, xatti-harakatdan bu darrov bilinadi: bola asabiy, kamgap, xomush bo‘lib qoladi, o‘z qobig‘iga o‘ralib oladi. Agar bola o‘qishga borishdan hadeb bo‘yin tovlayversa yoki darslardan qochsa, o‘quv muassasasidagi muhit uni ruhan ezayotgan bo‘lishi ehtimoli katta. Bu vaziyatdagi oxirgi chora – farzandni boshqa o‘quv muassasasiga o‘tkazish.

260- o‘rta maktab psixologi Lyudmila Mayorova:

“Agar bola tajovuzdan aziyat chekayotgan bo‘lsa, avvalo sinf rahbari bilan ishlash kerak. Keyin psixolog vaziyatni o‘rganadi va yordam ko‘rsatadi. Gij-gijlash holatlarini yuzaga kelgan zahoti, har qanday yo‘l bilan: yumshoqlik bilanmi, qattiqqo‘llik bilanmi, kerak bo‘lsa, tahdid bilan ham yo‘q qilish kerak. Agar bolalar chegaradan chiqsalar va shafqatsizlik boshlansa, suhbatlashish uchun uchastka nozirini chaqirish, ma'muriyat tavsiyalariga quloq tutmasalar, oqibati nima bo‘lishini tushuntirish lozim”.

Bola tengdoshlarining jismoniy tajovuziga uchrasa, nima qilish kerak?

Azamat Hotamov, O‘zbekiston hakamlik sudlari assotsiatsiyasi sudyasi:

“Huquqiy nuqtai nazardan shunday yo‘l tutish mumkin:

1.  Ichki ishlar idoralariga yoki prokuraturaga xabar berish/ariza yozish.
2.  Rahbariyat tegishli choralar ko‘rishi uchun o‘quv muassasasi (maktab/kollej/litsey) direktoriga xabar berish. Ma'muriyat o‘z muassasasi doirasida ishni hal qilish huquqiga ega.
3.  Mahalla qo‘mitasi voqeani tergovdan keyin muhokama qiladi, u vaziyatni surishtirish vakolatiga/huquqiga ega emas.

O‘zboshimchalik bilan biror choralar ko‘rmang, bu sizning zararingizga ishlashi mumkin. Faqat yuqorida keltirilgan instansiyalar va mansabdor shaxslargina farzandingizga jismoniy zarar yetkazgan bolaning ota-onasi bilan muhokama qilish huquqiga egalar. Jabrlanuvchining ota-onasi birovga nisbatan hukm chiqarishi va jazolashi aslo mumkin emas.

Material o‘rganib chiqilgach, voyaga yetmaganlar bilan ishlash maxsus komissiyasiga taqdim etilishi mumkin. Bunday komissiyalar hokimiyatlar qoshida faoliyat yuritadi. Ular ota-onalarga nisbatan tegishli choralar ko‘radi. Agar bolaning xulq-atvoriga oiladagi nomaqbul muhit ta'sir ko‘rsatayotgani isbotlansa, ota-onalik huquqidan mahrum qilishgacha borishi mumkin. Javobgar ota-onaga nisbatan davlat idoralarining yakuniy qarori to‘g‘risidagi yozma javob berishlariga erishish kerak.

14 yoshdan kichik o‘smir, hatto uning harakatlari inson o‘limiga olib kelgan bo‘lsa-da, na jinoiy na ma'muriy jaovbgarlikka tortiladi. Uning ota-onasi javob beradi. Voyaga yetmaganlarning qilmishlari uchun ota-ona jinoiy yoki ma'muriy emas, moddiy javobgarlikka tortiladi.

Muayyan yoshdan bolalar ma'muriy va jinoiy javobgarlik sub'yektlariga aylanadilar. Ba'zi jinoyatlar uchun bolalar 14 yoshdan ma'muriy yoki jinoiy tartibda javobgar bo‘ladilar.

Bolalarni tengdoshlari tomonidan gij-gijlanishidan himoyalash uchun jamiyat keng ko‘lamda zo‘ravonliklarsiz hayot tashviqotini yuritishi kerak. Tabiiy, hammasi tarbiyadan boshlanadi – kichik yoshidanoq bolaga mas'uliyat va or-nomus tuyg‘ularini singdirib borish kerak”.

Ma'muriyat va pedagoglarning o‘rni

260- o‘rta maktab psixologi Lyudmila Mayorova:

“Sinf rahbariga, u bolalarni qanchalik boshini bir qila olishiga ko‘p narsa bog‘liq. Birgalikda sayohatlar uyushtirish, muzeylarga, tog‘larga borish, tanlovlar, ko‘rgazmalarda qatnashish yaxshi yordam beradi. Bolalar orasidagi tajovuzkorlik darajasi pasayadi.

Tajribamda kuzatilgan voqea: jamoada yakkalanib qolgan bolaning tobi qochib qoldi. Sinf rahbari sinf soatlarida ishni shunday yo‘lga qo‘ydiki, bolalar uning uchun tilaklar yozilgan qiziqarli narsalar yasashdi, xatlar yozishdi: “Sog‘ayib ketgin”, “Qachon qaytasan?”, “Sen bilan futbol o‘ynamoqchimiz”. Bola tuzalib, sinfga qaytganida vaziyat ancha yaxshilanib, sinfdoshlar o‘zaro do‘stlashib olishdi. Mana shu – sinf rahbarining san'ati.

Statistikaga ko‘ra, keyingi o‘n yilliklarda voyaga yetmaganlar o‘rtasida tajovuzkorlik va jinoyatchilik darajasi keskin o‘sdi. O‘zbekiston bo‘yicha bunday ma'lumotlarga ega emasmiz, shunday esa-da, ma'muriyat bolalar orasida zo‘ravonlik holatlari yuzaga kelishiga bee'tibor qolmasligi lozim. Qat'iy munosabat bildirilishi, huquqni muhofaza qilish organlarini jalb etish kerak. Huquqbuzarlikni yashirish ham huquqbuzarlik sanaladi.  Ma'muriyatda bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishga oid ko‘rsatmalar bo‘ladi”.

O‘zDJTU 2- son akademik litseyi direktor o‘rinbosari Go‘zal Yo‘ldosheva:

“Birinchi navbatda o‘quv va tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlar hamkorligi tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Ta'limni tarbiyadan ajratib bo‘lmaydi. Faqat mana shu ikki asosiy omillar uyg‘unligidagina ijobiy natijaga erishish mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda, ota-onalarni ham ta'lim-tarbiya ishiga jalb qilish kerak.

Ota-onalar turlicha bo‘ladi. Birlari bolaning o‘zlashtirishi, xulq-atvoridan xabardor bo‘ladilar, birorta majlisni qoldirmaydilar, tarbiyaga jiddu-jahd bilan kirishadilar. Boshqalar asosiy vazifalarini moddiy ta'minot deb biladilar va bola bilan muloqot uchun yetarli vaqt ajrata olmaydilar. Axir aynan o‘smirlik davrida bolaga do‘st, suhbatdosh, maslahatgo‘y kerak. Uyida qo‘llab-quvvatlashni ko‘rmagach, bolalar ko‘chada, internetda, kursdoshlari orasidan o‘ziga hamdard qidira boshlaydi va tashqi ta'sirga oson beriladilar, u esa har doim ham ijobiy bo‘lavermaydi. Ko‘p ota-onalar bolalari litsey yoki kollejda o‘qiydimi, demak voyaga yetib, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan deb hisoblaydilar. Aslida, mutlaqo bunday emas”.

Ushbu litsey ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Maqsuda Obidova:

“Bolaga to‘laqonli bilim berilsa va intellektual mashg‘ulotlarga muhabbat uyg‘otilsa, bekorchilikka vaqti qolmaydi. Hozirgi yoshlar kam o‘qiydi, so‘z boyligi haminqadar va dunyoqarashi ham tor. Aksariyati vaqtini gajyetlar o‘ynashga, ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirishga sarflaydi. Bolalarga kitoblar, badiiy adabiyot olib berish, hayotdagi maqsadlarini belgilashga ko‘maklashish kerak: qiziqarli ma'rifiy-ma'naviy, ta'lim va ijodiy tadbirlarga olib borish lozim – u yerda bola ruhlanadi, rag‘batlanadi, shuningdek, farzandlarni muvaffaqiyatli insonlar bilan tanishtirish, ularning hayotlari haqida so‘zlab berish kerak.

Bundan tashqari, ta'lim muassasalarida psixolog faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi lozim. Shunchaki “bormi–bor” qabilida emas, balki psixologga o‘quvchilar ishonsin, ota-onasiga aytgandek, o‘z muammolari haqida so‘zlay olsin”.

Biz bir masala xususida turli mutaxassislar fikrlarini jamlashga harakat qildik. Mulohazalar qanchalik xilma-xil bo‘lmasin, zamirida yotgan g‘oya umumiy – har bir bolaning kamol topishida oila, ta'lim muassasi va jamiyat birdek mas'ul. Bu uch omilning biri oqsasa, bas – shakl topayotgan shaxsiyat kemtik bo‘lib qoladi. Shuni unutmaylik.

Mavzuga oid