Ukrainada rossiyalik general Vladimir Zavadskiy halok bo‘ldi
Bu RF armiyasining Ukraina frontida yo‘qotgan yettinchi generali bo‘ladi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llovchi qator manbalar 14-armiya korpusi rahbarining o‘rinbosari general-mayor Vladimir Zavadskiy halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
General-mayor Zavadskiyning o‘limi haqidagi ilk xabarlar 28 noyabr kuni kechqurun Moskva umumqo‘shinlar qo‘mondonlik maktabining (MVOKU) yopiq chatida paydo bo‘lgan. Bitiruvchilardan biri Moskva vaqti bilan soat 14:30 atrofida harbiy harakatlar hududida bo‘lib turgan general minada portlab ketganini aytgan. General Zavadskiyning o‘limi haqidagi dastlabki xabar Belarusdagi Gusar.by saytiga joylashtirilgan.
29 noyabr kuni general-mayor Zavadskiy go‘yoki Xarkiv oblastining Izyum shahri hududida halok bo‘lgani haqida «Novorossiya» axborot agentligi xabar tarqatdi, uning muassisi pravoslav oligarx Konstantin Malafeyevga tegishli «Tsargrad Media» hisoblanadi. Lekin Izyum Ukrainaning ichki hududi bo‘lib — front chizig‘idan taxminan 50 kilometr masofada joylashgan.
Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Zavadskiy Xerson oblastining Krinki aholi punkti yaqinida halok bo‘lgan, bu yerda Rossiya armiyasi so‘nggi haftalarda Ukraina qurolli kuchlarining Dnipro daryosi so‘l sohilidagi platsdarmlariga qarshi kurash olib bormoqda.
Zavadskiyning o‘limi haqidagi xabar «VKontakte» tarmog‘ida, MVOKU bitiruvchilarini o‘z ichiga olgan «Kreml» mintaqalararo jamoat tashkiloti guruhida ham paydo bo‘lgan.
Zavadskiy Moskva qo‘mondonlik bilim yurtini 2000 yilda tamomlagan, ungacha, 1995 yilda — Ulyanovsk gvardiya Suvorov harbiy bilim yurtini bitirgan. 2018 yildan 2021 yilga qadar general-mayor Moskva oblastida Kantemir tank diviziyasini boshqargan. Halok bo‘lgan chog‘ida 14-armiya korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimida bo‘lgan.
Tinchlik davrida 14-armiya korpusi dislokatsiyasi Murmansk oblastida bo‘lib, Shimoliy flot qo‘mondonligi bo‘ysunuvida edi. Ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashovetsning ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda 14-armiya korpusi tarkibidagi 80-«arktika» motoo‘qchilar brigadasi «Dnepr» guruhi safida aynan Xerson oblasti hududida jang qilmoqda. «VChK-OGPU» telegram-kanali ham general «Dnepr» guruhi mas’ul bo‘lgan hududda halok bo‘lganini, «ammo bu raqib bilan harbiy to‘qnashuvda emas, ichki hududda mina portlashi oqibatida ro‘y bergani»ni ma’lum qilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi hozircha general-mayor Zavadskiyning halokati haqida hech qanday xabar bermagan. Ammo avval ham vazirlik ko‘p holatlarda, yaqinlari oshkor qilmagunicha, yuqori martabali ofitserlar o‘limini rasman tasdiqlamagan.
Bu yettinchisimi?
Agar Zavadskiyning o‘limi to‘g‘risidagi xabar tasdiqlansa, u Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon halok bo‘lgan rossiyalik yettinchi general bo‘ladi. «Vajniye istorii» esa bu RF qurolli kuchlarining yuqori lavozimli ofitserlari o‘limi haqidagi o‘n ikkinchi xabar bo‘lganini qayd etgan.
Rossiyalik generallardan to‘rt nafari (Andrey Suxovetskiy, Vladimir Frolov, Kanamat Botashev va Roman Kutuzov) keng ko‘lamli urushning dastlabki to‘rt oyi ichida halok bo‘lgan. Keyin roppa-rosa bir yil davomida yuqori martabali rossiyalik ofitserlar o‘limi haqida xabarlar chiqmagan.
Rossiyalik generallar orasidagi yangi yo‘qotishlar 2023 yil iyunidan ro‘y bera boshladi — bu ukrainlar qarshi hujumi boshlanishiga to‘g‘ri keladi. Yoz boshidan noyabr oyi oxiriga qadar yana ikki general vafot etgandi — 35-armiya shtabi boshlig‘i, general-mayor Sergey Goryachev va Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari, general-leytenant Oleg Tsokov.
Bundan tashqari, urush boshidan buyon ukrain manbalari yana yetti nafar rossiyalik generallar o‘limi to‘g‘risida xabar bergan, ammo ulardan kamida uch nafari — Magomed Tushayev, Vitaliy Gerasimov va Andrey Mordvichev — tirik bo‘lib chiqqan, vaqti-vaqti bilan ular Ukraina hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotganini tasdiqlovchi kadrlar chiqib turadi.
Ukraina nashrlarida tilga olingan boshqa generallarning dafn marosimlari yoki o‘limini tasdiqlovchi qo‘shimcha ma’lumotlar hali aniqlanmagan.
Nima bo‘lganda ham, bular yuqori ofitserlik korpusi uchun katta yo‘qotishlardir. Ekspertlar fikricha, generallar o‘limi Rossiya armiyasi tuzilishining o‘ziga xosliklari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Masalan, bosqinning ilk bosqichida xavfsiz aloqa kanallari va moddiy-texnik ta’minotni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq keng tarqalgan muammolar tufayli generallar vaziyatni kuzatish va buyruqlar berish, vaziyatning o‘zgarishiga tezkor reaksiya qilish uchun shaxsan front chizig‘iga yaqin bo‘lishi kerak edi, bu esa ularning halok bo‘lish ehtimolini oshiradi. Keyinroq g‘arblik ittifoqchilar tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan uzoq masofaga zarba bera oluvchi artilleriya tizimlarining aniq zarbalari ham generallar o‘limiga sabab bo‘la boshladi.