O‘zbekiston | 19:34 / 21.04.2017
17139
5 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migratsiyasi bitimi: Ish haqi, tibbiy ta'minot, baxtsiz hodisa tufayli tovon pullari

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi doirasida ko‘plab davlatlararo va hukumatlararo bitim va shartnomalar imzolangandi. Ularning biri «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish to‘g‘risida» Bitimdir. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ushbu bitim bo‘yicha tomonlarning huquq va majburiyatlarini tavsif qildi.

Migratsiya agentligi Rossiyaga boruvchi ishchilarni saralab beradi 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ishga joylashtirishga nomzodlarda ruxsatnoma (patent) olishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar mavjud bo‘lishi holatlarining oldini olish maqsadida ularning sog‘lig‘i holati nazoratini amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishga joylashtirishga nomzodlarni ularning xalqaro yoki davlatlararo qidiruvda ekanligi, shuningdek chiqishiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa sabablar; O‘zbekiston Respublikasi hududida Rossiya Federatsiyasi hududida ham jinoyat deb tan olinadigan jinoyati uchun tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligining mavjudligi bo‘yicha tekshiradi. 

Ish beruvchi bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar, shu jumladan ish haqi, ish rejimi, ta'lim, kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar, ish stajiga bo‘lgan malaka talablari, ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar to‘g‘risida axborotni axborot-tahliliy tizimda Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda joylashtiradi.

Ish beruvchining mehnatkash-migrantlarni tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilishda ishtirok etishining majburiy shartlari zaruriy sanitariya-gigiyena va boshqa me'yorlarga muvofiq yashash joylari, mehnatning xavfsiz shartlari va mehnatni qo‘riqlash, shuningdek ish joylarida texnika xavfsizligini ta'minlash; Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam darajadan kam bo‘lmagan kafolatlangan mehnat haqi berishdir.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish uchun ish beruvchi jo‘natuvchi tashkilot bilan tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish to‘g‘risida shartnoma tuzadi. Ish beruvchi va mehnatkash-migrant Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga rioya qilishlari lozim. Mehnatkash-migrantlar Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlari va mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq dam olish huquqiga ega. Mehnatkash-migrantlar ish beruvchi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasining rasmiy bayram kunlarida mehnat faoliyatidan ozod qilinishlari mumkin.

Mehnatkash-migrantlarning Rossiya Federatsiyasi hududidagi tibbiy ta'minoti Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlari va Tomonlar davlatlari ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Mehnatkash-migrantlarning daromadini soliqqa tortish Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga va Tomonlar davlatlari ishtirokchi bo‘lgan soliqqa tortish sohasidagi xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Mehnatkash-migrantlar Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlarga ega. Mehnatkash-migrantlar Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlari va Tomonlar davlatlari ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga muvofiq ijtimoiy sug‘urta (majburiy tibbiy sug‘urtadan tashqari) va pensiya ta'minoti huquqiga ega.

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligiga chalinish natijasida mehnatkash-migrant vafot etgan yoki sog‘lig‘iga shikast yetgan taqdirda tegishli tovon puli Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘lanadi. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki ish beruvchining aybi bilan kasb kasalligiga chalinish natijasida mehnatkash-migrant vafot etgan yoki sog‘lig‘iga shikast yetgan taqdirda, ish beruvchi mehnatkash-migrantni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish yoki jasadni tashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplaydi. Mehnatkash-migrant vafot etgan taqdirda ish beruvchi o‘lim fakti bo‘yicha materiallarni taqdim etgan holda bu haqda jo‘natuvchi tashkilotni darhol xabardor qiladi.

Bitim O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi jarayonlarini qonuniy oqimga solish imkoniyatini yaratadi, ikkala mamlakat fuqarolarining manfaatlariga xizmat qiladi, mehnatkash-migrantlarning huquq va erkinliklarini himoya etadi, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarni kafolatlaydi, shuningdek odam savdosining rivojlanishiga sabab bo‘ladigan noqonuniy migratsiyaning oldini oladi.

Mavzuga oid