Jamiyat | 15:22 / 02.10.2024
6279
5 daqiqa o‘qiladi

Uchtepada 20ga yaqin ko‘p yillik daraxtlarga zaharli modda quyilgan. Aholi aybdor topilishini xohlaydi

Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi Nurobod mahallasida ko‘p yillik daraxtlarni quritishga urinish bo‘lgan. Uchtepa hokimi bu joyda do‘kon qurish uchun 2018 yilda qaror chiqargan. Ekologiya vazirligiga ko‘ra, hokim yer ajratishdan oldin ekologik xulosa olmagan.

2024 yil sentabrida Toshkent shahri Uchtepa tumani Nurobod mahallasi 3-4-uylar oralig‘idagi daraxtlarni quritishga urinish bo‘lgan. Kun.uzʼga intervyu bergan aholining aytishicha, bu birinchi holat emas. Iyul oyida ham hududdagi daraxtlar ostiga zaharli modda quyib ketilgan. Aybdor esa topilmagan. Tuman ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqeadan keyin hududga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.

4-uyda yashovchi Nargiza Anorbekovaning aytishicha, 20ga yaqin daraxt ostiga zaharli modda sepib ketilgan. Ular bundan kech xabar topgan. Uning gapini qo‘shnisi Guli Muhiddinova ham tasdiqladi. “5 iyunda daraxtlar tagiga eski mashina moyi quyib ketilgan. Yaqinda teshib ketilgani ham aniqlandi. Kim qilgani ma’lum emas. Lekin aybdorlar topilishini xohlaymiz”, – dedi u.

Daraxtlarni quritishga ikkinchi urinish sentabrda bo‘lgan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi xodimi Shohrux Yusupovga ko‘ra daraxtlar drell yordamida teshilgani aniqlangan.

Daraxtlarning ildiz qismiga zarar yetkazilgan. Qancha zarar yetkazilgan va bu kim tomonidan qilingani bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hozir o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Botanika bog‘i xodimlari bu bo‘yicha daraxtlarni parvarish qilyapti”, – dedi u.

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi Kun.uzʼga taqdim etgan hujjatga ko‘ra, Uchtepa tuman hokimining 2018 yil 26 apreldagi "Obod mahalla" dasturi asosida do‘konlar qurish uchun Bog‘iston, Birlik, Nurobod, Nayman mahallalaridan yer ajratish uchun hokim qaror chiqargan. Toshkent shahar prokuraturasining 2021 yil 13 yanvardagi protestiga asosan Uchtepa tuman hokimining eski qarori hokimning 2021 yildagi 65-qarori bilan bekor qilingan.

Biroq Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi Uchtepa tuman hokimining 2021 yildagi 65-qarorini haqiqiy emas deb topgan va hokimning 2018 yildagi qarorini o‘z kuchida qoldirgan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi matbuot kotibi Umida Sayfizodaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2018 yil hokim yer ajratayotganda Ekologiya inspeksiyasidan xulosa olmagan. "Ya’ni o‘sha paytda ham daraxtlar bor hududlar qurilish uchun berilmasligi kerak bo‘lgan", – dedi u.

Shohrux Yusupov qarorning haqiqiy yoki emaslini aniqlash uchun 2024 yil 23 sentabrda Toshkent shahar prokuraturasiga xat jo‘natilganini ma’lum qildi. Prokuratura Kun.uz’ga ish o‘rganilayotganini bildirdi.

Shuningdek, Yusupov tadbirkor bir necha bor Ekologiya boshqarmasidan daraxtlarni ko‘chirish uchun ruxsat so‘raganini va unga rad javobi berilganini ham qo‘shimcha qildi. “Chunki iqlim sharoitimiz to‘g‘ri kelmaydi va vegetatsiya davriga ham to‘g‘ri kelmaydi”, – dedi u.

Nurobod mahallasida 24 ta ko‘p qavatli uyda 5 ming aholi yashaydi. Ularning aytishicha, hududdagi daraxtlarni ko‘chirish uchun tadbirkor odamlardan soxta imzo yig‘dirib olgan.

JEK” bizni aldab, pod’yezdga rom quriladi deb oq qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oldi. Ichida hech narsa yozilmagan edi. Shu qog‘ozni tadbirkorga olib borib berishibdi. Agar u daraxtlar ko‘chirilishi haqida ekanini aytishganida biz rozi bo‘lmasdik”, – deydi fuqarolardan biri.

Kun.uz suhbatlashgan mahalla fuqarolari hududdagi daraxtlar kesilishi yoki boshqa joyga o‘tkazilishiga mutlaqo qarshi ekanini aytyapti. “Daraxtlar ko‘p yillik. 66-yildan keyin ekilgan. Bu yerda umuman qurilish bo‘lishiga qarshimiz”, – dedi Nargiza Anorbekova.

3-uyda yashovchi Mohira Sadriddinova ham qo‘shnisining gapini qo‘llab-quvvatladi. “Tadbirkor bu yerga bino qurishini aytibdi, bino qursa daraxtlar kesiladi, biz bunga qarshimiz. Bu yerda hamma joy bino bo‘lib yotibdi. Bolalar o‘ynaydigan joyi ham qolmaydi. “Ploshchadka”ga havo yetib bormaydi”, – dedi u.

Yana bir fuqaro bu daraxtlar boshqa mahallalar uchun ham kislorod manbai ekanini aytyapti. “1-2 kunda o‘sadigan narsa emas. 50-60 yil kerak. Davlat organlari bergan xulosasi va ruxsatnomasini bekor qilishini so‘raymiz”, – dedi u.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid