Jahon | 20:45 / 07.12.2017
28802
17 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston haqida mulohazalar II-bo‘lim

Afg‘onistonda o‘zbeklar va o‘zbekchilik

Barcha ilg‘or fikrlovchi insonlar bilishadiki, boshqa millatlar ustidan zo‘ravonlik qilish asosida va haddan tashqari kuchayib ketgan millatparastlik «shovinizm» asosida kurilgan har qanday davlat va bu siyosatni amalga oshirayotgan har qanday mafkura inqirozga uchraydi. 

Boshqa xalqlar «past tabaqalilar» deya atalib, ular ustidan o‘z milliy ustuvorligiga ega ekanligiga ishonib yashashga asoslangan har qanday davlat tizimi tarixan halokatli. Bunga sabab - shovinizm va zo‘ravonlik bilan shiddatli millatparastlikni ifoda etuvchi unsurlar avvalo o‘z davlati ichkarisida g‘alayonlar boshlab, ko‘plab begunoh tinch aholini qurbon qilishidadir. Bu jarayon oqibatida qochqinlarning ko‘payishi va ziyoli tabaqaning yuqotilishi muqarrardir. Natijada bunday joyda davlat tizimi inqirozga mubtalo bo‘ladi. 

Millatparastlik bilan qilinadigan shiddatli zo‘ravonlik harakatining kuchi shu qadar yovuzki, bu kuch unga duch kelganlar uchun ham, uni boshqalarga qaratayotganlar uchun ham naqadar xavfli ekanligini payqamaslik mumkin emas. Buning isbotini ko‘p yillardan buyon ichki nizolar va qurolli to‘qnashuvlar girdobiga tashlangan Afg‘oniston misolida ko‘rmoqdamiz. 

Afg‘oniston nomli davlat hali dunyo xaritasida yo‘q vaqtidan boshlab shu hudud bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zbeklarning bir necha ming yillik buyuk tarixi va madaniyati nazarga ilinmay, kamsitilib, xo‘rlanib boshqa millatlar bilan teng haq-huquqlarga ega bo‘lib yashash masalasi davlat qonunlari tomonidan inobatga olinmay kelingan edi. 

O‘zbeklar ming yillardan buyon o‘z tuproqlarida yashab kelayotgan xalqdir. Lekin Afg‘oniston deya nomlanuvchi hududda yashayotgan o‘zbeklar oxirgi 200-300 yildan buyon hech bir ijtimoiy-siyosiy haq-huquqqa ega bo‘lgan emas. Hattoki hozirgi kunda ham Afg‘oniston tuproqlari tarixan o‘zbeklarning o‘z Vatani ekanligi pisand qilinmay, o‘zbek xalqining madaniy va ma'rifiy qadriyatlari kamsitilgan maqomda. Afg‘onistonlik o‘zbeklar asrlar davomida shunday juda murakkab tarixiy vaziyatlar qurshovida. 

Aslida esa:

1. Afg‘oniston hududida joylashgan bir necha ming yillik tarixiy ahamiyatga ega me'moriy yodgorliklarning haqiqiy meroschisi va ma'naviy egasi Afg‘onistonda yashayotgan hozirgi o‘zbek millatidir;

2. Afg‘onistondagi o‘zbeklar soni qanchalik kamaytirib ko‘rsatilmasin, 7-8 milliondan oshib ketganligi ko‘pchilik mutaxassislarga ma'lum. O‘zbekistondan so‘ng, soni jihatidan O‘zbekiston tashqarisida yashaydigan o‘zbeklar ichida Afg‘oniston o‘zbeklari dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Afg‘onistondagi o‘zbeklar millat sifatida shakllangan o‘z yerlarida yashab kelmoqda;

3. O‘zbek tili O‘zbekistondan tashqari, faqat Afg‘onistonda rasmiy davlat tili deb tan olingan;

4. O‘zbekiston tashqarisida o‘zbek tilida dars o‘qitadigan oliy o‘quv yurtlari va o‘rta ta'lim muassasalari soni bo‘yicha Afg‘oniston o‘zbeklarining ta'lim tizimi dunyoda birinchi o‘rinda turadi;

5. O‘zbekiston tashqarisidagi o‘zbek tilida ish olib boruvchi TV, radio, gazeta, kitoblar va boshqa ommaviy axborot vositalari soni bo‘yicha ham Afg‘oniston o‘zbeklarining faoliyati O‘zbekiston tashqarisidagi o‘zbeklar ichida dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

O‘zbek xalqining bebaho milliy, madaniy merosining va bir necha ming yillik tarixining bir qismi aynan o‘z ota-bobolariga tegishli hudud bilan bog‘liq ekanligiga yetarlicha dalil va isbotlar mavjud. Lekin tarixiy haqiqat shunday ekanligiga nazar-pisand qilmaydigan ba'zi bir davlat lavozimlariga chiqib olgan millatparast kimsalar Afg‘oniston davlat tizimidan foydalangan holda, nafaqat o‘zbek milliy tarixiga va madaniyatiga bepisandlik qilib keldi, balki Afg‘onistonda o‘zbek millatining borligini yo‘q qilish siyosatini ham olib bordi. 

Butun boshli o‘zbek millati bunday munosabatga loyiq bo‘lmasa-da, qanchadan-qancha o‘zbek xalqining bechora namoyondalari o‘zining tug‘ilib o‘sgan yurti bo‘lmish Afg‘onistonda davlat siyosati darajasida kamsitilib kelindi. Ularning oddiygina insoniy haq-huquqlari bo‘lmish bu dunyoda yashash haq-huquqlari Afg‘oniston o‘tmishida yaratilgan millatparast siyosiy tizimlarning xizmatkorlari bo‘lmish ba'zi bir farosatsiz shaxslar tomonidan yaqingacha nazardan chetda qoldirilib kelinganligi hammaga ma'lum.

Hozirgi kunda Afg‘onistonda istiqomat qiluvchi o‘zbeklar uchun o‘z milliy madaniyatini va o‘zbek tilini saqlab qolish kabi masalalar bilan birga har tomonlama milliy rivojlanish zaruriyati eng muhim siyosiy-ijtimoiy masalalardan biri bo‘lib qoldi. Ular o‘zi yashab turgan mamlakatning kelajagi farovon bo‘lishi uchun juda kerakli bo‘lgan masalalarning yechimini topish kerakligini tushunib yetgan ahvolda yashamoqda. Ya'ni, insonlarning tinch va xotirjam yashashlarini ta'minlaydigan masalaga bog‘liq bo‘lgan his-tuyg‘ularni kuchaytirish zaruriyati hayotiy masalaga aylandi. Eng muhimi, barcha afg‘onistonlik o‘zbeklarning oliy maqsadi bu milliy o‘zligini anglash va asrash bo‘lib ulgurdi. 

O‘zbek tili, rasmiy til sifatida Afg‘oniston Islom Respublikasida 2004 yil 4 yanvar kuni Umum Afg‘oniston Oliy Kengashi Loya Jirg‘a tomonidan qabul qilingan va 2004 yil 26 yanvar kuni Afg‘oniston davlat boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan «Asosiy Qonun» deya nomlanadigan Afg‘oniston Konstitutsiyasining 1-bobidagi 4- va 16-moddalarida ko‘rsatilgan talablarga binoan Afg‘onistonning Shimoliy vilioyatlaridagi universitetlarda o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limlari tashkil qilindi, muallim tayyorlash muassasalari ishga tushdi, o‘zbek tilida ta'lim beruvchi maktablar ochila boshlandi, o‘zbek tilida TV kanallar tashkil qilindi, bir nechta radio va gazetalar ham ish boshladi. 

Afg‘onistondagi o‘zbek TV kanallari O‘zbekistonda ishlab chiqilgan videokliplar, konsertlar va har xil seriallarni omma e'tiboriga taqdim etishmoqda. Lekin bu ishlar har xil tijoriy yo‘llar bilan, afg‘onistonlik tijoratchilar tomonidan O‘zbekiston bozorlaridan sotib olib kelingan sifatsiz videodisklar va ko‘chirmalar yordamida va norasmiy shaklda amalga oshirilmoqda. Hattoki O‘zbekiston TV kanallarining logotiplari o‘chirilmasdan Afg‘oniston o‘zbek TV kanallaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri omma e'tiboriga uzatilayotgan ko‘rsatuvlar ham bor. Nahotki shu yo‘l bilan o‘zbek xalqining buyuk madaniyatini va ma'naviyatini ifoda qilish mumkin bo‘lsa?! Ammo, qanchalik vaziyatlar og‘ir bo‘lmasin baribir Afg‘onistonda o‘zbek tili targ‘ib qilinmoqda. 

Afg‘onistonda ham xuddi O‘zbekistondagidek turli xil o‘zbekcha shevalar bor. O‘zbek adabiy tili qarluq, o‘g‘uz va qipchoq lahjalarining birikmasidan hosil bo‘lgan milliy til sifatida namoyon bo‘lishi bilan birga arab, fors, lotin, ingliz, rus va boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlar bilan o‘zbek tilining cheksiz imkoniyatlarga ega, juda ham boy va qo‘llanish doirasiga ko‘ra jahon tillari ichida ifoda salohiyati kuchli bo‘lgan milliy tillardan biri bo‘lib hisoblanmoqda. 

Afg‘onistondagi yozma o‘zbek tilida qo‘llaniladigan arab alifbosi xususiyatlaridan kelib chiqqan muammolar sababli o‘rtada bir qancha chalkashliklar turibdi. Nutq masalasida esa hech qanday tafovut yo‘q. Afg‘oniston o‘zbeklarining arab alifbosiga asoslangan yozma o‘zbek tili bilan O‘zbekistonda qo‘llaniladigan lotin alifbosiga asoslangan yozma adabiy o‘zbek tili o‘rtasida grammatik farq yo‘q. Har ikki tomonda ham o‘zbek tilining grammatik xususiyatlari bir xil. Afg‘oniston va O‘zbekiston xududida yashovchi bir millatning adabiy til me'yorlari o‘rtasidagi farq asosan atamalarda ko‘zga tashlanadi. Ba'zi bir lotincha atamalarning aytilishi O‘zbekistonga rus tili orqali kirgan bo‘lsa, xuddi shu atamalar Afg‘oniston o‘zbeklarining tiliga ingliz tilidan o‘tganligi sababli yuzaga chiqqan talaffuz farqlari, ya'ni fonetik xususiyatlar mavjuddir. Asosiy farqlarning yana biri Afg‘onistondagi o‘zbek tilida forscha va arabcha so‘zlarining ko‘pligi, O‘zbekistondagi o‘zbekchada esa rus tilidan kirib kelgan so‘zlar ishlatilishidadir. 

Oxirgi 10 yil ichida Afg‘onistonda millionlarcha yoshlar o‘zbek tilida ta'lim-tarbiya oldi. Shu kungacha minglarcha yoshlar o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlarida o‘qib, oliy ma'lumotli bo‘ldi. Afg‘onistonlik o‘zbek yoshlari chet ellarning nufuzli universitetlarida ham ta'lim ola boshlashdi. Hozirgi kunda aynan mana shu yoshlar Afg‘oniston ta'lim tizimining faol ishtirokchilariga aylanmoqda.

Ta'lim muassasalarida xizmat qilayotgan o‘zbek tilidan dars beruvchi o‘qituvchi pedagoglarning mehnati evaziga ko‘plab afg‘onistonlik yoshlar ko‘nglida o‘zbek tiliga bo‘lgan mehr-muhabbat uyg‘onganligi ko‘pchilikka ma'lum. Afg‘onistonda o‘zbek tilining rivojlanishi uchun juda salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan o‘zbek tili maktab o‘qituvchi-pedagoglari va oliygohlarda yoshlarga ta'lim tarbiya berayotgan tilshunos ustozlar arab imlosiga asoslangan o‘zbek tili va adabiyoti darsliklarini ishlab chiqib, bir necha marta nashr qilishgan. 

Afg‘oniston o‘zbeklari, o‘z milliy madaniyatini va tilini asrab qolishi uchun nimalar qilishlari lozim, qanday harakatlarni amalga oshirishlari zarur, muammoni hal qilishning eng qulay yo‘li qanday, degan savollar barcha afg‘onistonlik ziyolilarni qiynab kelmoqda. Albatta, bu masalada yetarlicha muammolar mavjud. Ammo, masalaning ijobiy yechimi uchun eng muhim qadam bosildi, ya'ni afg‘onistonlik o‘zbeklar o‘z tilini o‘rganishni hayotiy masala sifatida qabul qilib, o‘z millatiga va milliy tiliga bo‘lgan hurmatni saqlash zarur ekanligini ma'naviy va ma'rifiy jihatdan tushunib yetishga muvoffaq bo‘lishdi. 

O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish muammolarini hal qilishning yagona va eng qulay yo‘li bu o‘rtadagi ba'zi bir texnik tafovutlarni bartaraf qilib, O‘zbekistonda qayta ishlab chiqilgan adabiy o‘zbek tili va o‘zbek adabiyotini o‘qitish tizimini va me'yorlarini Afg‘onistondagi o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish tizimiga moslashtirib tatbiq qilishdan iboratdir. Bu ezgu niyatli maqsadlarni amalga oshirish uchun eng avvalo afg‘onistonlik yoshlarni O‘zbekistonda chiqqan kitoblarni o‘qishga va ularni tushunib yetishiga ko‘maklashishdan boshlashimiz zarur. Chunki buyuk Jayhun daryosining ikki qirg‘og‘ini egallagan o‘zbek xalqi ma'naviy-ma'rifiy masalalarda bir maqsad sari intilishlari zarur ekanligi zamonamiz talabiga aylanib ulgurdi.

Afg‘oniston maktablarida va boshqa ta'lim muassasalarida bolalarni o‘qitish uchun kerakli bo‘lgan o‘zbekcha darsliklar, ko‘pchilik hollarda aynan O‘zbekistonda nashr qilingan kitoblardan foydalanib tayyorlangan. Sababi o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatiga tegishli ilmiy asarlar asosan O‘zbekistonda nashr qilingan. Hattoki hozirgi Afg‘oniston hududida bir zamonlar yashab ijod qilgan shoir va ulamolarimiz bo‘lmish Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyukl allomalarimiz yozgan asarlar ham O‘zbekistonda nashr qilingan kitoblar asosida afg‘onistonlik mutaxassislar tomonidan arab imlosiga o‘girilib, o‘zbek tilida o‘qishni istagan afg‘onistonlik muxlislarga taqdim etilgan. 

Ko‘p yillik izlanishlarimiz natijasiga ko‘ra tushunib yetganimiz shu bo‘ldiki, O‘zbekiston kutubxonalarida saqlanayotgan va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan o‘zbek tilidagi asarlar, o‘zini o‘zbekman degan har bir inson uchun qimmatli xazinadir. Dunyoning qaysi o‘lkasida yashamasin, barcha o‘zbeklar uchun muhim va zarur bo‘lgan til, adabiyot, tinchlik, baxtli va farovon hayot falsafasi kabi mavzularni o‘z ichiga olgan asarlardan tashkil topgan bu xazina, har bir inson ko‘nglida mavjud bo‘lgan yaxshi niyatlar, ezgu maqsadlar va orzu-umidlarni amalga oshirish uchun bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan yo‘lni yoritib turgan chiroq kabi ziyo tarqatmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Afg‘onistonga turli xil iqtisodiy va siyosiy yordamlar ko‘rsatilayotgani dunyo hamjamiyatiga yaxshi ma'lum. Lekin o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatiga taalluqli masalalarning Afg‘onistonda ham keng quloch yoyishi uchun O‘zbekiston ta'lim tizimiga tegishli muassasalar Afg‘onistondagi o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish ta'lim tizimiga ham e'tiborni kuchaytirishi zarur. O‘zbekistonlik o‘zbeklarning afg‘onistonlik millatdoshlariga ma'naviy va ma'rifiy jabhalarda yordam qo‘lini uzatishi bu oddiygina insoniylik burchidir. Bu masalada bir necha yillar oldin O‘zbekistonda nashr qilingan kitoblarni hozir ham ko‘zlariga surtib o‘qib yurgan afg‘onistonlik yoshlar va ularning o‘qituvchi-pedagoglari o‘z tiliga bo‘lgan hurmat, mehr va e'tibor masalasida bizga ham yaxshi o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi deb hisoblaymiz.

Ma'rifiy masalalardagi faoliyatdan O‘zbekiston ta'lim tizimi ham manfaatdor bo‘lishi aniq. Sababi o‘zbekistonlik yoshlar o‘z millatining madaniyatini, tilini, tarixini, ijtimoiy siyosiy yo‘lini targ‘ib qilish yo‘li bilan o‘zlari ham ko‘p narsalarga e'tiborli bo‘lishga, bilim saviyasini oshirishga va egallagan bilimlarini sayqallashga erishadi. Shu bilan birga har bir O‘zbekiston Vatandoshi o‘z tarixini, madaniyatini va tilini boshqa davlatlardagi o‘zbeksevarlarga ham targ‘ib qilishni oddiy masala deb qabul qilib, bu jarayonni amalga oshirish harakati har bir o‘zbek ziyolisi uchun milliy burch deb hisoblanishi zarur ekanligini tushunib yetadi. Aslida, aynan mana shu yashash usuli haqiqiy o‘zbekona hayot ekanligini har bir o‘zbekistonlik tushunib yetmog‘i lozim. 

O‘zbek xalqining tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatini dunyoga tanitish masalasi dunyo hamjamiyati tomonidan har qanday mustaqil davlatga xos va mos harakat deya ijobiy baholanishi aniq. Chunki har bir davlatning o‘tmishi, buguni va kelajagi, umuman, borlig‘i uning xalqining ilmiy, madaniy va ijtimoiy-siyosiy salohiyati bilan baholanadi va shu salohiyati bilan boshqa davlatga ezgu niyat bilan ijobiy ta'sir ko‘rsata olsa, unda bu davlat tinchlik va totuvlikni targ‘ib qiluvchi davlat sifatida umumjahon e'tiborida gavdalanadi.

(Maqolani tayyorlashda muallifning Afg‘onistonda nashr qilingan «Afg‘onistonda o‘zbek milliy g‘oyasi va til ta'limi dasturlari» kitobidan foydalanildi.)

Afg‘oniston haqida mulohazalar I-bo‘lim

Shuhrat Salamov

Mavzuga oid