O‘zbekiston | 00:34 / 30.05.2017
10761
10 daqiqa o‘qiladi

2025 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 19,7 foizga yetkaziladi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2017–2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga sharh berildi.

So‘nggi yillarda respublikamizning iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohasida energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2013 yil 1 martdagi Farmoni va «2015–2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida»gi 2015 yil 5 maydagi qarori ijrosini ta'minlash yuzasidan:

  • energiya samaradorligi va energiyaning qayta tiklanuvchi manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etildi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tarkibida respublika komissiyasining ishchi organi sifatida energiya samaradorligini oshirish bo‘limi tashkil etildi;
  • Toshkent shahrida Quyosh energiyasi xalqaro instituti faoliyat ko‘rsata boshladi;
  • Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida O‘zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirishning «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi;
  • Namangan viloyatining Pop tumanida Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi ko‘magida 2014 yilning dekabr oyida quvvati 130 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektrik stansiyasi qurildi va ishga tushirildi, ushbu stansiya yagona elektr energetikasi tarmog‘iga ulangan va yiliga 234,3 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega;
  • Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida yirik quyosh fotoelektrik stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalar tayyorlanmoqda;
  • Jahon banki ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining shamollar Atlasi ishlab chiqildi, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida quvvati 750 kVt bo‘lgan tajribaviy shamol energoqurilmasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalari yakunlovchi bosqichiga kirdi.

2016 yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarida 2016/2017 yil kuz-qish mavsumida energoresurslarni tejash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni hisobga olgan holda, 1210,3 million kVt.soat elektr energiyasi va 991,2 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilishga erishildi, bu esa tarmoqlarning 2016 yildagi iste'molining mos ravishda 5,1 va 3,6 foizini tashkil etadi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2015 yilda yalpi ichki mahsulotning energiya sig‘imini 10,8 foizga, 2016 yilda 7,2 foizga va 2017 yilning birinchi choragida 12,7 foizga qisqarishiga erishildi.

Shu bilan birga, hozirgi kunda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjud.

Respublika hududlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari energiyasidan foydalanish bo‘yicha zaxiralar to‘laligicha ishga solinmagan, ular bo‘yicha hududiy manzilli dasturlar ishlab chiqilishi zarur.

2030 yilga borib 2016 yilga nisbatan yalpi ichki mahsulotning energiya sig‘imini ikki barobarga qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan topshiriqlarni hisobga olgan holda, korxona va tashkilotlarga energiya sarfi hajmini qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadli parametrlarni belgilash zarurati mavjud.

Ushbu muhim vazifalarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori 2017–2021 yillarda yalpi ichki mahsulotning energiya sig‘imini yanada qisqartirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va qayta tiklanuvchi manbalar energiyasidan foydalanishni kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ikkita vazifani hal etish orqali ta'minlanishi nazarda tutilmoqda.

Birinchidan, qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan keng foydalanish orqali yoqilg‘i balansini diversifikatsiyalash. Bunda an'anaviy yoqilg‘i turlarini qayta tiklanadigan energiya turlariga almashtirish hisobiga ularning elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishdagi hissasini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Ikkinchidan, iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishning energiya sig‘imini qisqartirishning uzoq muddatli dasturini amalga oshirish, sanoat faoliyati hududlarining ekologik holatini yaxshilash orqali erishiladi.

Yaqin istiqbolda ustuvor vazifa sifatida iqtisodiyotning energiya va resurs sig‘imini qisqartirish, ishlab chiqarishga energiyani tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, mehnat samaradorligini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan jadal foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish issiqlik va elektr energiyasi kabi energiyaning sanoat turlarini olishni ta'minlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu uglevodorodlarning o‘rnini bosishga va ularni yuqori likvidli mahsulotlar, xususan, polimerlar, yoqilg‘ining sintetik turlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirish imkonini beradi.

Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, «O‘zbekgidroenergo» AJ, Quyosh energiyasi xalqaro instituti, «O‘zbekenergo» AJ Ilmiy-texnik markazi ikki oy muddatda qayta tiklanuvchi manbalar energiyasidan foydalanish, jumladan, quyosh energetikasini rivojlantirish, energiya samaradorligi sohasidagi mahalliy ishlanmalar va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, sinovdan o‘tgan ilg‘or xorijiy texnologiyalarni transfer qilish imkoniyatini tahlil qilish asosida iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini maqsadli joriy qilish va quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritishi belgilangan.

Bundan tashqari, qarorda quyidagilar tasdiqlangan:

  • qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirishning maqsadli parametrlari, bunda 2025 yilga kelib elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari tarkibida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining hissasini 12,7 foizdan 19,7 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda, jumladan, gidroelektrostansiyalar bo‘yicha 12,7 foizdan 15,8 foizga, quyosh energetikasi bo‘yicha 2,3 foizga, shamol energetikasi bo‘yicha 1,6 foizga;
  • qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining ro‘yxati, bunda 2017-2025 yillarda umumiy qiymati 5,3 milliard dollar bo‘lgan 810 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda;
  • 2017–2021 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari, unda normativ-huquqiy hujjatlarni, manzilli dasturlarni ishlab chiqish va boshqa ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 28 ta chora-tadbir ko‘zda tutilgan;
  • 2017–2021 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishning energiya sarf hajmini qisqartirishning maqsadli parametrlari, bunda 25 ta yirik tashkilot va korxona bo‘yicha sanoat mahsulotlari (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishda energiya sarfining solishtirma normalarini qisqartirishning prognoz ko‘rsatkichlari belgilangan;
  • 2017–2021 yillarda byudjyet tashkilotlarida energiya iste'moli jihatidan samarador isitish qozonlarini joriy qilish jadvali, bunda Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazining 6333 ta byudjyet tashkilotining 17251 ta isitish qozonini almashtirish ko‘zda tutilgan;
  • 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi tashkilotlari nasos stansiyalarida energiya iste'moli jihatidan samarador nasoslar va elektrodvigatellarni joriy qilish grafigi, bunda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi tashkilotlarida 879 ta nasos va 1523 ta elektrodvigatelni almashtirish ko‘zda tutilgan.

Ushbu ishlarni moliyalashtirish uchun 2017–2021 yillarda davlat byudjyetidan 314,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ushbu qaror doirasida qabul qilingan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi quyidagilarni ta'minlash imkonini beradi:

  • qonunchilik va normativ bazani takomillashtirish, shuningdek, energiya tejaydigan texnologiyalarni, zamonaviy hisoblash uskunalarini joriy qilishga va yoqilg‘i-energetika resurslaridan yanada oqilona foydalanishga aholini va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni keng jalb qilish;
  • 2025 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari tarkibida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 12,7 foizdan 19,7 foizga yetkazish;
  • ishlab chiqarishning energiya sig‘imini keskin qisqartirish (9 792,0 tonna shartli yoqilg‘i yoki yiliga 8-10 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda);
  • Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazining 6333 ta byudjyet tashkilotida 17251 ta isitish qozonini zamonaviy energiyani tejaydiganlariga almashtirish va 56,5 million kub metrdan ortiq tabiiy gazni tejash;
  • Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv xo‘jaligi tashkilotlarida 1523 ta energiyani ko‘p iste'mol qiluvchi elektrodvigatelni va 879 ta nasosni almashtirish va 807,3 million kVt.soatdan ortiqroq elektr energiyasini tejab qolish;
  • energiyani tejaydigan texnologiyalarning kirib kelishini kengaytirish, soliq va bojxona imtiyozlari berish hisobiga qayta tiklanuvchi manbalardan energiya hosil qiluvchi uskunalarni qo‘llagan holda energiyadan foydalanishni rag‘batlantirish;
  • qayta tiklanmaydigan uglevodorod resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatdoshligini oshirish, shu asosda iqtisodiyot tarmoqlarini va aholini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta'minlab borish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya iste'moli jihatidan samarador texnologiyalarni transfer qilish, ushbu sohadagi uskunalar va butlovchi qismlarni mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish;
  • aholi uchun kafolatlangan energiya resurslarining ochiqligini ta'minlash, ayniqsa, uzoq qishloq hududlarida aholining hayot sifatini yaxshilash va ularning farovonligini oshirish.

Mavzuga oid