Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizlik boshqarmasi «KUN.UZ» sayti tahririyati so‘rovi asosida Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Ts-mavzesi, Cho‘pon Ota ko‘chasi 28A-uyda joylashgan ma'muriy binoda sodir bo‘lgan yong‘in haqida maxsus xabarnoma taqdim etdi.

Bundan oldin manba ushbu yong‘in Oliy xo‘jalik sudi binolaridan birida ro‘y bergani haqida xabar bergandi. Bu xabar tasdiqlanmadi. 

Aniqlik kiritilishicha, yong‘in Oliy xo‘jalik sudi binosi ortida joylashgan “Qishloq qurilish loyiha” Davlat unitar korxonasi tashkilotiga tegishli binoda ro‘y bergan.

«2017 yilning 23 fevral kuni soat 16dan 36 daqiqa o‘tganda, Toshkent shahar IIBB YoXB Markaziy dispetcherlik xizmatiga, Chilonzor tumani, Ts-mavzesi Cho‘pon Ota ko‘chasi 28a-uyda joylashgan, ma'muriy binoda yong‘in bo‘layotganligi haqida xabar tushgan.

Ko‘rsatilgan manzilga, soat 16dan 46 daqiqa o‘tganda, Chilonzor tumanini yong‘indan muhofaza qiluvchi 16-HYoHQdan 2ta jangovar yong‘in o‘chirish avtoekipajlari yetib borgan vaqtda, binoning 1, 2 va 3-qavatlari ochiq alanga bilan yonayotgani ma'lum bo‘ldi hamda yordamga qo‘shimcha yong‘in o‘chirish avtoekipajlarni chiqarilishi so‘raldi. 

Shuningdek, soat 17dan 13 daqiqa o‘tganda, Yong‘in o‘chirish rahbari tomonidan 2-maxsus chaqiriq e'lon qilinib, yong‘in joyiga qo‘shimcha ravishda Chilonzor tumanini yong‘indan muhofaza qiluvchi 17-HYoHQdan 2ta, Yakkasaroy tumanini yong‘indan muhofaza qiluvchi 21-HYoXQdan 2ta, Uchtepa, Mirobod va Shayxontohur tumanlarini yong‘indan muhofaza qiluvchi 1,2,6 va 13-HYoHQlardan bittadan hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV YoXBB RIOdan 2ta jangovar yong‘in o‘chirish va 3ta maxsus avtoekipajlari yo‘llangan. 

Jangovar avtoekipaj shaxsiy tarkibi tomonidan ko‘rilgan chora va tezkor harakatlar natijasida, yong‘in 18dan 06 daqiqa o‘tganda qurshab olinib, soat 18dan 16 daqiqa o‘tganda butunlay o‘chirilishiga erishildi. 

Ushbu, Chilonzor tumani, Ts-mavzesi Cho‘pon Ota ko‘chasi 28a-uyda joylashgan, bino “Qishloq qurilish loyiha” Davlat unitar korxonasi tashkilotiga qarashli bo‘lgan, 2006 yilda oldi-sotdi shartnomasi asosida, binoning 1, 2 va 3-qavatlari “Hamza Collestion” MChJ tomonidan, 4-qavati “DI-Ixlos” MChJ tomonidan hamda 5-qavati “O‘rmon xo‘jaligi loyiha instituti” tomonidan sotib olingan. Shuningdek, binoning sharqiy qismida Toshkent viloyati Prokuraturasi joylashgan.