16:21 / 05.01.2022
36581

Kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorning 100 tonna chigiti Qashqadaryoda chiriyapti. Hokimlik past ketmoqchi emas

Kattaqo‘rg‘onlik tadbirkor birjadan sotib olgan chigitini Qashqadaryodan Samarqandga olib o‘ta olmayapti. Kun.uz muxbiri “Umakay” postida chigit ortilgan yuk mashinalar bir haftadan beri turganiga guvoh bo‘ldi.

Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi, senator Gavhar Alimova tadbirkorlarga Qashqadaryo viloyatining birinchi rahbarlari tomonidan noqonuniy to‘siq o‘rnatilgani borasida e’tiroz bildirdi.

2021 yilning 28 dekabr kuni Chiroqchi tumanidagi “Umakay” postida “Maroqand Gold Oil Ekstraksiya” MChJga tegishli texnik chigit ushlab qolingan. YPX xodimlari tadbirkorlar bilan suhbat davomida viloyat rahbarlarining topshirig‘i bilan Qashqadaryodan chigit chiqarilmasligini vaj qilib keltirishgan.

Tadbirkorlarning hujjati tekshirilayotgani, ruxsat berilsa qo‘yib yuborishini ma’lum qilgan. Vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri “Umakay” muntazam yo‘l patrul maskanida bo‘lib, voqealar rivoji bilan qiziqdi va hozirga qadar ochiq havoda saqlanayotgan, yomg‘ir ostida qolgan yuz tonna mahsulotning holatini tasvirga oldi.

Kecha, 4 yanvar kuni soat 14:00 dan o‘tganda mazkur postga yetib borganimizda, uchta yuk mashinasiga ortilgan mahsulot shundoqqina yo‘l yoqasida to‘xtatib qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Demak, YPX xodimi aytgan hujjat tekshirish “marosimi” bir haftada ham yakuniga yetmagan ekan.

“Maroqand Gold Oil Ekstraksiya” MChJ bosh hisobchisi Umidjon Toirov biz bilan suhbatda mazkur postdan bundan avval ham muntazam chigit olib o‘tishganini ma’lum qildi. Korxona birja savdolarida ishtirok etib, nafaqat Qashqadaryo, balki boshqa viloyatlardan ham doimiy tarzda mahsulot olib kelgan.

Toirovning aytishicha, mazkur holatda korxona ekspeditoridan hech qanaqa hujjatlar so‘ralmagan. IIB vakili, shunchaki, viloyatdan chigit chiqarilmasligini aytgan.

Shundan so‘ng korxona mutasaddilari postga yetib borib, mahsulotni viloyat hududidan chiqarmaslik bo‘yicha yozma hujjat talab qilgan. IIB vakili bunday hujjatni taqdim qila olmagan, “viloyat rahbarlarining topshirig‘i”, deb turib olgan.

Masala viloyat hokimligi bilan hal etilishi mumkinligiga ishonch hosil qilgan korxona rahbarlari 29 dekabr kuni hokimlikka borgan. U yerda viloyat hokimi bilan uchrashishning ilojini qilisholmagach, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Alimovadan yordam so‘ragan. Gavhar Alimovaning ham urinishlari zoye ketgan.

Umidjon Toirov 2022 yil 3 yanvar kuni kechqurun Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev bilan uchrashganini aytmoqda. Erkayev tadbirkor bilan suhbatda IIBga hokimlik tomonidan hech qanday topshiriq berilmaganini bildirgan.

“IIB hokimlik topshirig‘i desa, hokimlik biz topshiriq bermaganmiz desa, kimga ishonishni ham bilmay qoldik”, – deydi Toirov.

Darvoqe, o‘sha kuni Qashqadaryo viloyat hokimligida Erkin To‘xtayev degan kishi ham o‘zini mas’ulman deb tanishtirgan va Toirovga “Hujjatlarimizda kamchilik bor ekan, to‘g‘riladik”, deb tushuntirish xati yozib berishni so‘ragan.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Erkin To‘xtayev – Qashqadaryo viloyat hokimligi huzuridagi axborot siyosati bo‘yicha doimiy komissiya raisi, quruvchi-tadbirkor.

Biz yuk mashinalarini hokimiyat topshirig‘i bilan to‘xtatgan “Umakay” posti boshlig‘i Akram Avazovdan vaziyat bo‘yicha izoh olmoqchi bo‘ldik. Avazovning hamkasblari ayni vaqtda u viloyat prokuraturasiga chaqirtirilgani va o‘zlari bundan ortiq izoh bera olmasliklarini ma’lum qildi.

“Maroqand Gold Oil Ekstraksiya” MChJ bosh hisobchisi Umidjon Toirov hujjatlarda muammo yo‘qligini aytmoqda.

“Bizni IIB hujjatlarimizdagi kamchilik sabab to‘xtatgan bo‘lsa, nega mahsulotlarimiz ortilgan yuk mashinalari ochiqda saqlanyapti, jarima maydonchasida emas. Qolaversa, yukni olib ketish bilan bog‘liq barcha hujjatlarimizni IIBga taqdim qilganmiz”, dedi.

Darhaqiqat, QR-kodli bitim imzolangan. Pullar ko‘chirilgan. Elektron schyot faktura shakllantirilgan. Qoidaga ko‘ra, qabul qilib oluvchi tomon yukni to‘la to‘kis qabul qilganidan so‘ng uni elektron imzosi bilan tasdiqlaydi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati mazkur masalada bildirgan rasmiy munosabatida tilga olingan “qo‘lda yozilgan” va “shubhali” fakturalar emas, yuk xati hisoblanadi. Qaysi mashinalarga qancha mahsulot yuklanganini bildirish uchun.

Qashqadaryo viloyat hokimligi klaster tomonidan rasmiylashtirilib, “Maroqand Gold Oil Ekstraksiya” MChJga 98,3 tonna chigit yuborilgani, lekin sotib oluvchi tomonidan hanuzgacha elektron imzo bilan tasdiqlanmagan elektron hisobvaraq fakturasining qog‘oz nusxasini taqdim etmaganini yuk to‘xtatilgani uchun bahona sifatida taqdim etmoqda.

Amaldagi qoidalarga ko‘ra, elektron hisobvaraq fakturani sotib oluvchi shu zahoti tasdiqlashi shart emas. Buning uchun 10 kun muddat berilgan. Sotib oluvchi hatto fakturani tasdiqlamaslikka ham haqli. 10 kun ichida tasdiqlamasa yoki rad etmasa, elektron hisobvaraq-faktura avtomatik ravishda tasdiqlangan hisoblanadi.

Undan ham qizig‘i, yo‘l patrul xizmati tashilayotgan yuk bo‘yicha elektron fakturalarni tekshirishga vakolatli emas. Bu ularning vazifasi ham emas.

Buxgalter Toirov ochiq havoda yetti kundan beri saqlab turilgan qariyb yuz tonna mahsulotning bugungi holatidan tashvishda ekanini bildirdi. So‘nggi kunlardagi yog‘ingarchilik, tabiiyki, mahsulot sifatiga zarar yetkazayotgani, qolaversa, korxona ishi orqaga ketayotganini ma’lum qildi.

Darhaqiqat, usti ochiq yuk mashinalarda saqlanayotgan chigit bir haftadan oshibdiki, ochiq havoda, yomg‘ir ostida. Yuk mashinalar ostidan suv oqyapti.

Bizni o‘ylantirayotgan holat, yuk mashinalari 2021 yilning 28 dekabrida to‘xtatilgan. Nega shu vaqtga qadar tadbirkor hujjatlarini taqdim qilgan bo‘lsa-da, mahsulot asossiz ushlab turilibdi?

Nega 2022 yilning 4 yanvar kuni, mavzu ijtimoiy tarmoqlarda yoyilgandan so‘nggina Qashqadaryo viloyati hokimligi tadbirkorning haq-nohaqligi bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari boshlangani haqida xabar beryapti?

Yana bir holat. Ushbu surishtiruvni tayyorlashimiz jarayonida kattaqo‘rg‘onlik boshqa tadbirkor, “Kattakurgan Yog Moy” MChJ rahbari Muhammadrasul Ne’matullayev biz bilan bog‘landi.

U ham Shahrisabz tumanidagi “Oq Saroy Textile” MChJga 2021 yilning 29 dekabr kuni birja orqali xarid qilingan yuz tonna mahsulotning puli o‘tkazib berilgani, 30 dekabr kuni yuklangan chigit barcha oldi-berdi jarayonlari yakunlangan bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra jo‘natib yuborilmayotganini bildirdi. Vaholanki, Ne’matullayevga mahsulot 31 dekabr kuni jo‘natib yuborilishi aytilgan. Ayni vaqtda uning mahsuloti ham Shahrisabzdagi korxona hovlisida, ochiq havoda saqlanyapti. Mazkur korxona rahbari ham shu vaqtga qadar xarid qilingan mahsulot biror marta sababsiz ushlab turilmaganini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda tadbirkorlar faoliyatiga xuddi mana shu tarzda aralashgan uch viloyat, jumladan Qashqadaryo viloyati hokimligi va IIBga nisbatan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgan edi. O‘shanda ham aynan chigitni boshqa hududga olib chiqish bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasiga asosan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlar faoliyatiga aralashishga haqli emas.

Qat’iy xulosa qilish fikridan yiroqmiz. Ammo yuqoridagi holatlar nafaqat tadbirkorlar oyog‘iga bolta urish, balki Qashqadaryoda yana mavjud qonunlarimizga bepisandlik, feodal qarashlar hukm sura boshlaganidan dalolat bermoqda.

Kun.uz mavzuga yana qaytadi va voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top