O‘zbekiston | 10:56 / 21.09.2022
16826
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nimalarni reklama qilish taqiqlanadi?

«Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonunga ko‘ra, reklamalar o‘zbek tilida berilishi kerak. Boshqa xorijiy tillarda ham bersa bo‘ladi, faqat buning o‘ziga xos shartlari bor. Shuningdek, narxlarni chet el valutasida ko‘rsatish, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish ham taqiqlanmoqda.

Joriy yilning 9 sentabridan «Reklama to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, bir qancha yangi tartib va cheklovlar o‘rnatilmoqda. Xususan, endilikda reklamalar davlat tilida tarqatilishi shart.

Shu bilan birga, reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

  • reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;
  • tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak;
  • reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;
  • tele- va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining 20 foizidan oshmasligi kerak.
  • reklamani davlat tilida joylashtirish va uning mazmunini tarjima qilish talabi quyidagi reklamalarga tatbiq etilmaydi:
  • faqat chet tillarida chop etiladigan bosma nashrlarda va boshqa nashriyot mahsulotlarida;
  • materiallarni faqat chet tillarida joylashtiradigan axborot veb-saytlarida;
  • chet tillarida efirga uzatiladigan televideniye, radio, video va kinoxronika dasturlari ko‘rsatilishi vaqtida.

Qonunga ko‘ra, quyidagilar taqiqlanadi:

  • ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish;
  • narxlarni (tariflarni) chet el valutasida ko‘rsatish;
  • bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish;
  • ta’lim muassasalarida foydalaniladigan bosma nashrlar (darsliklar, kundaliklar, daftar va boshqalar)da tovarlarni reklama qilish;
  • milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish;
  • energetik ichimliklarning reklamasini soat 7:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan davrda televideniye va radio orqali reklama qilish;
  • tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilish.

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi. Shuningdek, alkogol mahsulotlari reklamasiga ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, bino va inshootlarga tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida 5 yil muddatga beriladi. 

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama aylanishi sohasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Qonun talablarini buzganlarga qanday jazo qo‘llanadi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-1-moddasiga ko‘ra, noto‘g‘ri reklama berish, tashqi reklamani joylashtirish talabiga rioya qilmaslik yoki aksilreklama berishdan bosh tortish, shuningdek, qonunchilikda taqiqlangan mahsulotni reklama qilish BHMning 7 baravarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid