"Dunyoda katta hodisalar kutilmoqda": Kaddafiyning o‘g‘li Saif Al-Islom ozodlikka chiqdi
Sobiq Liviya rahbari Muammar Kaddafiyning o‘g‘li Saif Al-Islom Zintan shahrida ozodlikka chiqdi. Bu haqida «Abu Bakr as-Siddiq» qurollangan guruhi xabariga asoslanib, RT xabar berdi.
Foto: Reuters
Guruh vakillarining ma'lum qilishicha, kenja Kaddafiy mamlakat parlamenti tomonidan e'lon qilingan amnistiyaga binoan ozodlikka chiqqan.
"Biz janob Saif Al-Islom Muammar Kaddafiyni ozod qilishga qaror qildik. U butkul ozod. Biz Ramazonning 14-kunida uning Zintanni tark etganini tasdiqlaymiz", - deyiladi xabarda.
Manbaga ko‘ra, Saif o‘tgan oyning oxirida Liviya parlamenti tomonidan e'lon qilingan umumiy amnistiya natijasida ozodlikka chiqqan. U shuningdek mamlakat ichida va undan tashqarida to‘siqlarsiz harakatlanish huquqiga ega bo‘lgan.
"Zintan inqilobchilarining harbiy kengashi" ham shu mazmundagi bayonot bilan chiqdi: "Saif Al-Islom Kaddafiy umumamnistiya qonuni ijrosi asosida ozod etildi".
"Al-Arabiyya"ga ko‘ra, hozirda kenja Kaddafiy - Liviya sharqidagi Al-Bayda shahrida. U o‘z tarafdorlari oldida chiqish qilishi kutilmoqda.
"Endi muhandis Saif Al-Islom chiqqanidan keyin yaqin bir necha kunlarda dunyoni katta hodisalar kutmoqda", - dedi sobiq mahbusning qarindoshi Ahmad Muharib.
U bu so‘zlari bilan aynan nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmadi.
Saif Al-Islom otasining eng sodiq tarafdorlaridan biri hisoblanadi. U otasining faoliyatida faol ishtirok etgan, xususan Liviya o‘tish davri milliy kengashiga qarshilik qiluvchi kuchlarni boshqargan va voris hisoblangan. Shu munosabat bilan to‘ng‘ich Kaddafiydan keyin Saif Al-Islom qo‘lga olingan.
2015 yilning iyul oyida Tripoli appelyatsion sudi Saifni tinch namoyishchilar qotilligiga aloqadorlikda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qilganiga qaramay, «Abu Bakr as-Siddiq» guruhi uni hukumatga topshirmadi.
Foto: Reuters
Bundan tashqari, kenja Kaddafiyning advokati Jon Jons RT nashriga bergan intervyusida Tripolidagi jarayon mutlaqo noqonuniy kechgani, sudyalar to‘liq qurollangan guruhlar ta'siri ostida bo‘lgani ta'kidlagan.
Saif Al-Islomga insoniylikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘ygan Xalqaro jinoyat sudi (XJS) ham uning topshirilishiga erishmoqchi bo‘lgan. XJS Kaddafiyning o‘g‘li bilan bog‘liq sud jarayonini Gaagada o‘tkazmoqchi bo‘lgan, biroq Liviya hukumati u vatanida sudlanishi kerakligida qat'iy turgan.
Mutaxassisligiga ko‘ra muhandis va falsafa fanlari doktori unvoniga ega bo‘lgan kenja Kaddafiy Avstriya va Buyuk Britaniyada ta'lim olgan. U London iqtisodiy va siyosiy fanlar maktabini tugallagan. Siyosatchi ingliz, nemis va fransuz tillarini biladi.
Liviyada liberal islohotlar tarafdori bo‘lgan Saif otasining nomi berilgan xayriya fondini boshqargan. U bu lavozimda turli vaqtlarda filippinlik isyonokorlarning «Abu Sayyaf» guruhi va afg‘on toliblari bilan asirlarni ozod qilishga doir muzokaralar olib borgan, shuningdek Buyuk Britaniya bilan savdo aloqalarini rivojlantirgan.
Saif Al-Islom 2000-yillardan G‘arb bilan munosabatlarni normallashtirish tashabbusini ilgari surgan. U bu pozitsiyadan hatto otasini tanqid ham qilgan. Biroq bu bayonotlar uning Liviyada fuqarolar urushi boshlanishi bilan mamlakatning amaldagi hukumati tomoniga o‘tishiga halaqit bermagan. Xususan, Fransiya Liviya muxolifatini rasman tan olganidan keyin Saif Al-Islom o‘sha davrdagi prezident Nikolya Sarkozidan Tripoli 2007 yilda uning saylov kampaniyasiga ajratgan pullarni qaytarishni talab qilgan.
Saif Al-Islom — Kaddafiyning 2011 yilgi hodisalar vaqtida omon qolishga muvaffaq bo‘lgan oila a'zolaridan biri. Uning ukalari Muatasem va Xamis jang paytida o‘ldirilgan, uchinchi ukasi - Sa'diy esa 2014 yilda Niger tomonidan Liviya hukumatiga topshirilgan. Uning keyingi taqdiri noma'lum.
Shuningdek Muammar Kaddafiyning turmush o‘rtog‘i va qizi Oysha hamda ikki kenja o‘g‘li ham omon qolgan - ular Jazoirda qo‘nim topishgan.
Saif Al-Islom 2011 yilda Liviyada ro‘y bergan hodisalarni mamlakatning tabiiy resurslariga ko‘z olaytirgan NATO a'zolari timsolidagi dushmanlarining aralashuvi natijasi deb hisoblaydi. Bu haqida u Muammar Kaddafiyning o‘limidan to‘rt oy avval aytgan.
"Ular (NATO mamlakatlari) uchun bizning mamlakatimiz - katta pirog kabi. Liviya - boy davlat. Bu yerda gaz va neft ko‘p. Bizning xorijiy banklardagi pullarimiz 100 milliard dollardan ortiq. Shunday ekan, ular bu pirogni o‘zaro bo‘lishib olishmoqchi", - degandi o‘shanda kenja Kaddafiy.
Mavzuga oid
12:33 / 06.11.2024
BMT: Yil boshidan beri Liviyada minalar portlashi oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi
13:55 / 21.07.2024
Liviya inqirozi: Qazzofiyning siyosati, ag‘darilishi va undan keyingi bo‘linish
11:40 / 18.06.2024
Liviyaning 42 yillik diktatori. Muammar Qazzofiy nima uchun o‘ldirilgandi?
08:50 / 06.11.2023