Jahon | 12:19
4628
6 daqiqa o‘qiladi

“Eron Liviyaning kuni boshiga tushishidan qochyapti” - siyosatshunos

2003 yilda Muammar Qazzofiy G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash va sanksiyalardan qutulish evaziga, Liviyaning yadroviy dasturidan voz kechgan, bor uskunalar va materiallarni AQShga topshirgan edi. Lekin ko‘p o‘tmay, 2011 yildagi ichki inqiroz vaqtida G‘arb koalitsiyasi Qazzofiy rejimini harbiy yo‘l bilan ag‘dardi va mamlakat parokanda bo‘ldi. Siyosatshunoslarga ko‘ra, hozir Eron shu xatoni takrorlamaslikka intilmoqda.

AQSh va Eron o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasini kelishib olgani aytilmoqda. Kelishuv tasdiqlangan taqdirda, harbiy harakatlar to‘xtatiladi va muzokaralarning keyingi bosqichiga o‘tiladi, undagi bosh masala – Eron yadro dasturi bo‘lishi kutilyapti.

Tomonlar o‘rtasidagi asosiy ziddiyat nuqtasi aynan yadro dasturi bilan bog‘liq. O‘tgan hafta Erondagi manbalar boyitilgan uran zaxirasini mamlakatdan olib chiqish oliy rahbar tomonidan taqiqlanganini xabar qildi. Siyosiy tahlilchilar “Geosiyosat” dasturida mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Eron 60 foizga boyitilgan uran zaxiralarini Rossiya yoki AQShga topshirsa, AQSh keyinchalik Eronning raketa dasturini ham cheklashga urinmaydimi?

Anvar Yo‘ldoshev: 60 foizgacha boyitilgan uran hali qurol darajasiga yetgan hisoblanmaydi. U faqat 90 foizga yetkazilgandagina yadro quroli uchun mos bo‘ladi. Shaxsan menimcha, Eron o‘zining boyitilgan uranini hech kimga bermaydi. Chunki bu masala muzokaralarda Tehronning asosiy bosim vositasi, ya’ni siyosiy dastagi hisoblanadi.

Agar Eron yadro zaxiralarini topshirsa, AQShning talablari shu bilan to‘xtab qolmaydi. Keyingi bosqichda raketa dasturidan voz kechish, dronlar ishlab chiqarishni cheklash va proksi kuchlarga yordamni to‘xtatish kabi qo‘shimcha talablar qo‘yilishi mumkin.

Eron buni chuqur anglagan holda, yadro dasturini davom ettiradi. Hatto boyitilgan uranni suyultirib, darajasini 60 foizdan pasaytirish takliflari ham amalda bajarilmaydi. Chunki aynan shu omil Eronning muzokaralardagi eng muhim dastagi bo‘lib qolmoqda va u bundan voz kechmaydi.

Kamoliddin Rabbimov: Eronning yadro va boyitilgan uran borasida strategik ikkilamchi yondashuvi mavjud. Bir tomondan, u barcha davlatlar tinch maqsadlarda atom energiyasidan foydalanish huquqiga ega ekanini ta’kidlaydi. Aslida bu fikr xalqaro huquq nuqtayi nazaridan ham to‘g‘ri. Biroq xalqaro ekspertlar qayd etishicha, yadro texnologiyalari ikki xil maqsadda qo‘llanishi mumkin: tinchlik yo‘lida ham, harbiy yo‘nalishda ham. Uranni ma’lum darajadan yuqori boyitish jarayonida bu ikki yo‘nalish o‘rtasidagi chegara unchalik katta emas. Natijada u juda qisqa vaqt ichida ommaviy qirg‘in quroliga aylanishi mumkin.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, 60 foizgacha boyitilgan uran ham xavfli hisoblanadi. U asosida “iflos bomba” deb ataluvchi qurol tayyorlash ehtimoli mavjud bo‘lib, bunday qurilma qo‘llansa, keng hududni radiatsion jihatdan zararlashi mumkin. 90 foizdan yuqori boyitilgan uran esa to‘laqonli yadroviy qurol yaratish imkonini beradi va bu katta portlovchi kuchga ega ommaviy qirg‘in vositasidir.

Shu bilan birga, Eron o‘z pozitsiyasida ikki asosiy nuqtaga tayanadi: birinchidan, u “biz faqat tinch atom energetikasini rivojlantirmoqdamiz, yadroviy qurol yaratish niyatimiz yo‘q”, deb bayon qiladi. Obama ma’muriyati davrida bu borada muayyan kelishuvga erishilgan edi. Biroq Donald Tramp hokimiyatga kelgach, AQSh bu kelishuvdan chiqdi.

Umuman olganda, AQSh siyosiy tizimidagi ikki partiyaviylik tufayli yangi ma’muriyat ko‘pincha avvalgisining tashabbuslarini qayta ko‘rib chiqadi yoki bekor qiladi. Xususan, Tramp Obama davrida qabul qilingan bir qator tashabbuslarni, jumladan, sog‘liqni saqlash sohasidagi “Obamacare” dasturini ham qisqartirishga harakat qildi. Siyosatshunoslar, jumladan Farid Zakariya, bunday yondashuv AQShning ichki siyosiy barqarorligiga ham, xalqaro kelishuvlardagi ishonchliligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlaydi.

Eron: “Biz yadroviy qurolga intilmayapmiz, biroq tinch atom dasturidan voz kechmaymiz”, degan pozitsiyani ilgari surish bilan, Muammar Qazzofiyning taqdirini takrorlashdan qochadi. AQSh va Isroilning asosiy talabi esa – Eronning qo‘lida ommaviy qirg‘in qurollari bo‘lmasligi. Shunday holatda Eronning harbiy salohiyati keskin kamayadi va uning mudofaa imkoniyatlari zaiflashadi.

Raketalar masalasiga kelsak, Eron bu borada ham yon berishga tayyor emas va aftidan, bu mavzu hozirgi muzokaralardan allaqachon chiqarib tashlangan.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid