20:30 / 09.11.2017
23682

Jahon chempionatining qolgan ishtirokchilari aniqlanadi. Joy 10ta, da'vogarlar 20ta

Yaqin kunlarda 2018 yili Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatining barcha ishtirokchilari ma'lum bo‘ladi. Ayni vaqtda yana 20ta terma jamoa 10 o‘rin uchun da'vogarlik qilmoqda. 

Afrika
A guruhi
Tunis yoki Kongo Demokratik respublikasi

Vaziyat. JCh saralash bosqichida guruh o‘yinlarida ochkolar teng kelib qolganida avval to‘plar nisbati ustunligiga qaraladi, shu tufayli Tunis terma jamoasi mundial yo‘llanmasini kafolatlab qo‘ymagan. Oxirgi turda birinchi o‘rindagi Tunis (13) Liviya bilan o‘ynaydi, ikkinchi o‘rindagi Kongo (10) esa Gvineyaga qarshi bahs olib boradi.

Aslida bu guruh masalasi ikki peshqadamning sentabr oyidagi o‘zaro o‘yinida amalda hal bo‘lgandi: Tunis Kongo maydonida 75-daqiqaga qadar 0:2 hisobida yutqazayotgandi, ammo yakunda durangga erishildi. Endi arablarni autsayder – Liviyaga qarshi o‘yinda durang ham qoniqtiradi.

Tunis terma jamoasining ko‘plab futbolchilari mahalliy chempionatda to‘p surishadi, faqat Abdennur Yevropada to‘p suradi - «Marsel»da.

Kongoda Yevropa jamoalarida to‘p suruvchi bir necha futbolchi bor: Kiyevning «Dinamo» klubi hujumchisi Mbokani, «Chelsi» tarbiyalanuvchisi Kakuta va va ayni vaqtda Ispaniya chempionati to‘purarlari ro‘yxatida uchinchi bo‘lib turgan (9ta gol) Bakambu. U «Vilyarreal» futbolchisi.

11 noyabr. Tunis – Liviya, Kongo DR – Gvineya.

S guruhi
Marokash yoki Kot-d’Ivuar

Vaziyat. Bu guruhda hammasi oddiy. Oxirgi turda ikki yetakchi Kot-d’Ivuar va Marokash o‘rtasida o‘zaro o‘yin o‘tadi.  Agar mezbonlar Marokashni mag‘lub etishsa, chamadonlarni tayyorlashga kirishishi mumkin, agar durang qayd etilsa, shimolliklar bu ishni qilishadi. Ivuarliklar favorit ko‘rinmoqda, ammo marokashliklar guruh bosqichini gol o‘tkazmasdan o‘tkazishdi.

Fil suyagi qirg‘og‘i terma jamoasi - jahon chempionatining doimiy ishtirokchisi sanaladi. Dide Drogba davrida terma jamoa qatorasiga 3 marta mundialda qatnashgan. Endi uning yo‘lini Kalu, Jyervino, Boni, Bayi, Ore, Zaha va Dumbiya kabi futbolchilar davom ettirishi kerak. Bu terma jamoaga ayni vaqtda belgiyalik sobiq futbolchi, Belgiya terma jamoasining sobiq ustozi Mark Vilmots boshchilik qilmoqda.

Marokashda yulduzlar kam. «Yuventus» himoyachisi Mehdi Benatiya terma jamoada sardor hisoblanadi, ikkinchi sardor Rossiya chempionatida ko‘p vaqt to‘p surgan Bussufa. Shuningdek, Yevropada Belhanda va Amrabatni, «Real»ning yosh futbolchilaridan biri Hakimini bilishadi.

11 noyabr. Kot-d’Ivuar – Marokko, Gabon – Mali.

D guruhi
Senegal/Burkina-Faso/Kabo-Verde/JAR

Vaziyat. Bu guruhda vaziyat chigal, to‘rt terma jamoa ham JCh yo‘llanmasi uchun umidini yo‘qotmagan. FIFA JAR va Senegal o‘rtasida o‘tkazilgan birinchi uchrashuvni qayta o‘tkazish bo‘yicha qaror chiqargan. O‘sha uchrashuvda janubiy afrikaliklar hakamning qo‘pol xatolari evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi. Ganalik hakam Lempti yo‘q penalti belgilagani uchun futboldan butunlay chetlashtirildi, o‘yin natijasi bekor qilindi. Shu tufayli barcha terma jamoalarning uchrashuvlari soni teng emas.

Agar juma kuni Senegal qayta o‘tkaziladigan uchrashuvda g‘alaba qozonsa, muddatidan avval yo‘llanmani hal qiladi. Agar g‘alaba qozona olmasa, barcha masala oxirgi turga, 14 noyabr kungi uchrashuvga qoladi. 

Burkino-Faso va Kabo-Verde 14 noyabr kuni o‘zaro o‘ynadi. Ikki terma jamoada ham 6tadan ochko bor.

Kabo-Verde tarkibida Rossiya premer-ligasida to‘p suradigan Ze Luish «Spartak» va Nunu Rosh («Tosno») bor. Burkino-Fasoda ham Rossiya chempionati ishtirokchisi - Kabore («Krasnodar»).

JAR terma jamoasida taniqli futbolchilar deyarli yo‘q. Bu terma jamoada JARda o‘tgan 2010 yilgi jahon chempionatidagi ilk golni urgan Tshabalala hamon to‘p surmoqda. Senegalda esa nomlar ko‘proq: «Liverpul» yetakchilaridan biri Sadio Mane, «Napoli» himoyachisi Kulibali, Italiya chempionati ishtirokchisi Nyang...

10 noyabr. JAR – Senegal
14 noyabr. Senegal – JAR, Burkina-Faso – Kabo-Verde.

Qit'alararo o‘yinlar
Yangi Zelandiya yoki Peru

Vaziyat. Okeaniya vakilining bir tomondan omadi keldi, boshqa tomondan qaralsa, unday emas. Shunday vaziyatki, mintaqada bu terma jamoaning tenggi yo‘q va saralash o‘yinlari boshlanishidan oldinroq bu terma jamoa pley-offda qatnashishi ma'lum bo‘ladi. Bu safargi taqsimotga ko‘ra eng qiyin qit'a vakili raqib bo‘ldi - Janubiy Amerika. KONKAKAFdagi oxirgi turlar natijalari bu terma jamoaga Argentina yoki Kolumbiyani ro‘baru qilishi ham mumkin edi. Lekin nisbatan osonroq Peru tushdi. Ammo bu terma jamoaga qarshi o‘yin uchun 11 ming kilometr masofani uchib o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Yangi Zelandiyada Angliyaning quyi ligalari vakillari to‘plangan. Peruda bir qator nomlar bor. Ayni vaqtda Moskvaning «Lokomotiv» jamoasida to‘p surayotgan Jyefferson Farfan, «Bavariya» va «Hamburg» jamoalarining sobiq to‘purari Paolo Gerrero.

11 noyabr. Yangi Zelandiya – Peru. 16 noyabr. Peru – Yangi Zelandiya.

Avstraliya yoki Honduras

Vaziyat. Bu juftlik o‘rnida siyosiy mojarolar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ikki terma jamoa - Suriya va AQSh ham bo‘lishi mumkin edi. Ammo suriyaliklar Avstraliyaga qarshi o‘yinlarda penaltilar seriyasigacha yetib bora olishmadi, AQSh esa Rossiyaga borgisi kelmadi.

Avstraliya terma jamoasi saralash bosqichi vaqtida bosh murabbiyni - Ange Posteo‘g‘lini ishdan bo‘shatdi, iste'foga terma jamoa natijalari emas, murabbiy va federatsiya o‘rtasidagi muammolar sabab bo‘ldi.

Tim Keyhill ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda va Rossiyaga kelmoqchi. Dekabr oyida «Everton»ning sobiq futbolchisi 38 yoshga to‘ladi. Agar Avstraliya JChga chiqsa va turnir davomida Keyhill gol ursa, u mundial tarixida gol urgan eng keksa hujumchilar ro‘yxatida kamerunlik Rojye Milladan keyin ikkinchi o‘ringa chiqadi (u 42 yoshida jahon chempionatida gol urgan). Honduras tarkibida esa bir vaqtlar Angliyada o‘ynagan Figeroa va Isagirre bor.

11 noyabr. Honduras – Avstraliya. 15 noyabr. Avstraliya – Honduras.

Yevropa mintaqasi
Shvetsiya yoki Italiya

Vaziyat. Buyuk Buffon jahon chempionatidan keyin faoliyatini yakunlashi haqida e'lon qilgan. Ammo hali terma jamoa mundialga chiqmadi. «Yuventus» posbonining rejalariga shvedlar xalaqit qilishi mumkin. Skandinavlar terma jamoasi bosh murabbiyi Yanne Anderson hech narsadan cho‘chimayapti. Uning hamkasbi Jampero Ventura ham optimistik qarashda: «Jahon chempionatiga chiqa olmaslik to‘g‘risida qayg‘urmayapman. Men guruh bosqichi haqida o‘ylay boshlaganman».

Shvetsiya terma jamoasida endi Ibrahimovich yo‘q. Shu tufayli muxlislarga Italiya va Buffon chiqqani ma'qulroq.

10 noyabr. Shvetsiya – Italiya. 13 noyabr. Italiya – Shvetsiya.

Gretsiya yoki Xorvatiya

Vaziyat. Greklarda inqiroz vaqti o‘tdi. 2016 yilgi Yevropa chempionatida guruhda oxirgi o‘rinda bo‘lgan, o‘tgan vaqt ichida Farer orollariga ikki marta yutqazgan Gretsiya vaziyatni o‘nglay oldi. Germaniyalik Mixael Skibbe qo‘li ostidagi greklar mo‘'jiza evaziga Bosniyani ortda qoldirib, pley-offga chiqa oldi.

Xorvatiya esa «o‘lim guruhi»da Ukraina, Turkiya va Islandiyaga qarshi kurash olib bordi. Uzoq vaqt guruh yetakchisi bo‘lgan xorvatlar oxiriga kelib islandlarni mundialga kuzatdi va pley-offda omadini sinab ko‘radigan bo‘ldi. Bu qarama-qarshilikda xorvatlar yaqqol favorit.

Gretsiyada hech qachon jahon miqyosidagi yulduz futbolchi bo‘lmagan. 2004 yilda terma jamoa Yevropa chempioniga aylanganida ham bu muvaffaqiyat bosh murabbiy Otto Rekhagel bilan bog‘langandi. Hozirda esa 4 nafar himoyachini - futbol sharhlovchilari nomlarini aytishga qiynaladigan Papastatopulos, Papadopulos, Manolas va Torosidisni ajratib ko‘rsatish mumkin.

Xorvatiyada esa «Real» va «Barselona» futbolchilari - Luka Modrich hamda Ivan Rakitich o‘ynaydi. Qolaversa, Mario Manjukich («Yuventus»), Ivan Perishich («Inter»), Nikolas Kalinich («Milan»), Andrey Kramarich («Hoffenhaym» va Pashalich («Spartak») kabi futbolchilar Xorvatiyada.

9 noyabr. Xorvatiya – Gretsiya. 12 noyabr. Gretsiya – Xorvatiya.

Shimoliy Irlandiya yoki Shveytsariya

Vaziyat. Oxirgi Yevropa chempionatida Shimoliy Irlandiya Niderlandiya o‘rnida qatnashgandi. O‘shanda Maykla O’Nil boshchiligidagi jamoa turnir qahramonlaridan biriga aylangan, qiyin guruhdan chiqqan, lekin chorak finalda Uelsga yutqazgandi.

Hozir shimoliy irlandiyaliklar yana qahramonlik ko‘rsatishi kerak, bu safargi raqib jahon chempionatlarining doimiy qatnashchisi Shveytsariya. Bu terma jamoa guruh bosqichida oxirgi turgacha yetakchilik qildi ammo Portugaliyaga yutqazib, ikkinchi o‘ringa tushib qoldi.

Shveytsariya terma jamoasida Shaqiri, Jyemaili, Behrami, Chaka, Rodriges, Lixtshtayner, Byurki, Seferovich kabi mashhur futbolchilar to‘p surmoqda.

9 noyabr. Shimoliy Irlandiya – Shveytsariya. 12 noyabrya. Shveytsariya – Shimoliy Irlandiya.

Daniya yoki Irlandiya

Vaziyat. Irlandiya muhim uchrashuvda Uelsni yengib, pley-offga chiqdi. Beylni mundialdan quruq qoldirgan irlandlar qarshisida endi Kristian Eriksen boshchiligidagi Daniya turibdi. Roy Kin jamoasi bu qarama-qarshilikda favorit emas. Lekin Daniya ham Marten Olsen ketganidan buyon yirik turnirlarda qatnashmayapti.

Irlandiyada Roy Kindan mashhurroq nom yo‘q,  Daniyada esa Eriksendan tashqari, Lasse Shyone, Kasper Dolberg, Yussuf Poulsen va Pione Sisto kabi yetakchi futbolchilar bor.

11 noyabr. Daniya – Irlandiya. 14 noyabr. Irlandiya – Daniya.

Mavzuga oid
Top