O‘zbekiston | 12:20 / 16.03.2023
9364
2 daqiqa o‘qiladi

«Zakovat» klubi prezidenti Abdurasul Abdullayev fuqarolarni referendumga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi

U ta’limga, ilmga jiddiy e’tibor qaratilsagina jamiyat rivojlanishi, muammolarning yechimini faqat ta’lim va ilmda ko‘rishini aytadi.

Foto: KUN.UZ

«Zakovat intellektual klubi» NNT prezidenti Abdurasul Abdullayev «Zakovat» klubi a’zolari, bilimdonlar va bilimga bee’tibor bo‘lmagan insonlarga murojaat bilan chiqib, ularni referendumga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

A.Abdullayev so‘nggi yillarda «Zakovat» O‘zbekistonning barcha hududlarida yoshidan, jinsidan kasbi-koridan qat’i nazar yuz minglab insonlarni ilm yo‘lida birlashtirganini e’tirof etar ekan, bu ishlarni yigirma yil kutganini aytadi.

«Ta’lim ustuvorligini esa qonunlarda qat’iy belgilab qo‘yishimiz kerak. Huquqiy asosini yaratib olishimiz zarur. Ayniqsa, hozir O‘zbekiston konstitutsiyasi yangilanayotgan paytdan foydalanib qolmog‘imiz kerak. Bu nihoyatda muhim, kelajagimizni belgilaydigan hujjat. Shu sababli sizlarni referendumda faol ishtirok etishga chorlab qolaman», deydi «Zakovat» klubi prezidenti o‘z murojaatida.

Ma’lumot uchun, «Zakovat» intellektual o‘yinlari yurtimizda 2000 yillar boshidan buyon o‘ynab kelinadi. Dastlab teleko‘rsatuv sifatida paydo bo‘lgan o‘yin keyinchalik yoshlar orasida ommalashib, o‘zining atrofiga minglab bilimdonlarni to‘pladi.

2022 yilga qadar klub bilimdonlarning shaxsiy mablag‘lari hamda homiylarning yordami bilan faoliyat yuritib kelgan.

2022 yil 21 yanvar kuni Prezident «Zakovat» intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid qarorni imzoladi. Qaror bilan mamlakatda intellektual o‘yinlarni ommalashtirish maqsadida budjetdan birgina 2022 yil uchun 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.  

Mavzuga oid