O‘zbekiston | 19:35 / 30.10.2023
26626
7 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtda “megatirbandlik”lar ko‘paymoqda – buning yechimi bormi?

Urbanizatsiya hisobiga bosh shaharda harakatlanishga bo‘lgan ehtiyoj kundan kunga ortmoqda. Endilikda zarur choralar ko‘rilmas ekan, yo‘llardagi tirbandliklar darajasi umuman kamaymaydi. Xo‘sh, bu borada nima choralar qilinadi? Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidov Kun.uzʼga tirbandlik muammosini yechish borasidagi rejalar haqida gapirib berdi.

Foto: Kun.uz

Tirbandlikka nima sabab bo‘lyapti?

Loyiha ofisiga ko‘ra, shaharda tirbandlik kuzatilishi bir qancha omillar bilan bog‘liq. Ya’ni avtomobillar sonining o‘ta ko‘pligi, ko‘chalarda qurilish-ta’mirlash ishlarining o‘tkazilishi, haydovchilarning tartibsiz harakatlanishi, yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lishi yoki noqulay ob-havo sharoiti mashinalar harakatini cheklab qo‘yishi ham “probka”ning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

23 oktyabr kuni Toshkent shahrida kuzatilgan 10 balli tirbandlik ko‘pchilikni hayratga solgani aniq. Bu holat biroz bartaraf etilganiga qaramay, muammo hali-beri kun tartibidan chiqmasligi mumkin, ayniqsa kunning tig‘iz paytlarida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda shaharda 5 mln nafar aholi bo‘lib, uning soni yiliga 100 mingtaga, hozirda harakatlanayotgan 760 ming avtotransport esa 76 mingtaga ko‘payib boryapti. Aholining kunlik harakatlanishga bo‘lgan ehtiyoji 9 mlnni tashkil etib, undan 3 millioni piyoda harakatlanish, 6 millioni esa transportda harakatlanishga to‘g‘ri keladi.

Kunlik transportda harakatlanishning 25 foizi, ya’ni 1,5 millioni avtobus, metro va mikroavtobuslarda, qolgan 75 foizi, 4,5 millioni shaharda kun davomida harakatlanadigan (760 mingta doimiy ro‘yxatdagi va 240 mingta kunlik kelib ketuvchi) avtotransportda amalga oshiriladi.

Obidovning aytishicha, hozirda poytaxtda 472 km doimiy transport harakatlanib turadigan asosiy shohko‘chalar mavjud. Bosh rejaga muvofiq, bu yo‘l 380-400 ming avtomobil harakatlanishi uchun mo‘ljallangan. Yuqorida esa kunlik harakatlanishlar soni 1 mlnga yetgani aytilmoqda. Vaziyat qisqaroq tushuntirilsa, Toshkent yo‘llarida mo‘ljallangan quvvatdan ko‘proq avtomobil yurayotgani kelib chiqadi.  

Yuqoridagi sabablar, yo‘l ta’mirlash ishlari hamda transport oqimini samarali boshqarish tizimi yo‘qligi, tirbandliklarda xarakat tezligi 7 km/soatgacha tushib ketishi, aholining yo‘lga sarflaydigan vaqti bundan 3-4 yil oldingiga nisbatan qariyb ikki barobarga ortgani transportlarning ortiqcha yoqilg‘i sarfi va zararli gazlarni chiqarishiga olib kelmoqda.

Muammo qanday yechilyapti?

Aholining kunlik harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bunda yo‘lga sarflanadigan vaqt va moddiy resurslar samaradorligini oshirishga, jaxon tajribasiga ko‘ra, sifatli, qulay, xavfsiz va jozibador jamoat transporti tizimini joriy etish orqali erishiladi.

Bu borada quyidagi ishlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, gavjum joylargacha “bir qadam” tamoyili asosida joylashtirilgan bekatlar va infratuzilma obektlari, barqaror tezlikda xarakatlanadigan, yo‘nalishlari qulay bog‘langan jamoat transporti tizimini joriy etish, uchta asosiy yo‘nalishlarda olib boriladigan ishlar hisobiga bo‘ladi.

Birinchidan, shahardagi mavjud oqimlarning yo‘l, ko‘cha tarmog‘i bo‘yicha taqsimlanishini, yangi zichlashtiriladigan hududlardan yo‘l tarmog‘iga tushadigan yuklamalar oldindan baholash vositasi sifatida Toshkent shahri transport makromodeli ishlab chiqildi. Bu model “Jaxon banki” grant mablag‘lari hisobiga jalb qilingan ekspertlar guruhi bilan hamkorlikda kalibrovka ishlari amalga oshirilayotgani, ishlar noyabr oyida yakunlanishi ta’kidlandi.

Ikkinchidan, jamoat transporti yangilangan harakat tarkibidan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida avtobuslar yo‘nalish tarmog‘ini doimiy takomillashtirish ishlari olib borilyapti.

Xususan, umumiy uzunligi 44 km bo‘lgan ko‘cha yo‘l uchastkalarida alohida avtobuslar yo‘lagi tashkil etilib, hozirda ushbu yo‘laklardan 16 ming avtobus qatnovlari kunlik harakatlanmoqda va 600 ming yo‘lovchining kunlik umumiy (o‘rtacha 10 daqiqadan) 100 ming soat vaqti tejalishiga erishildi.

Uchinchidan, asosiy arteriyalar hisoblangan ko‘chalarda jamoat transporti harakat ustuvorligi, bekatlar va piyodalar uchun qulay va xavfsiz infratuzilma, transport oqimining samarali muvofiqlashtirilgan boshqaruvi (aqlli svetoforlar) tizimini ichiga olgan kompleks chora-tadbirlari tizimli ravishda amalga oshiriladi.

Kelgusida nima choralar ko‘riladi?

Shular qatorida joriy holatni yaxshilash, aholining harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojini sifatli, qulay va xavfsiz xizmatlar orqali qondirish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirilishi kutilmoqda:

1. Jamoat transporti samaradorligini oshirish, yo‘lovchilarning harakatlanishga sarflaydigan vaqtlarini kamaytirish maqsadida qisqa masofali avtobus yo‘nalishlarini joriy etish;

2. Tirband ko‘chalarda avtobuslar harakat xavfsizligini ta’minlash, harakatlanishda yo‘qotilayotgan vaqtni kamaytirish maqsadida shohko‘chalarda faqat to‘g‘ri harakatlanadigan magistral avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish;

3. Poytaxtga shahar atrofi hududlaridan kunlik kirib keladigan hamda yetkazib chiquvchi va magistral yo‘nalishlar kesishgan joylarda piyodalar uchun qulay xavfsiz muhitni (infratuzilmani) yaratish;

4. Koridor tamoyili asosida svetoforlarning muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini, jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish, umumiy uzunligi 472 km bo‘lgan va ayni vaqtda 605 ta svetofor obektlari bo‘lgan koridorlardagi ishlarni yakunlash;

Bu ishlarning birinchi bochqichi umumiy uzunligi 125 km bo‘lgan asosiy yuklamalar va tirbandliklar kun davomida kuzatilayotgan ko‘chalarda amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun: keltirib o‘tilgan Zarur ishlardan hozirda, koridor tamoyili asosida aktual bo‘lib turgan 125 km yo‘l ko‘cha tarmog‘ining 55 kmlik uchastkalari (A.Temur, Shahrisabz, Sh.Rustaveli, Yangi Sergeli, Bobur, Samarqand darvoza, Ko‘kcha darvoza, Beshqayrag‘och va boshqalar) ustida ishlar olib borilmoqda.

5. Aglomeratsiya xududini bog‘laydigan temiryo‘l yo‘lovchi tashish (elektrichka) tizimini takomillashtirish, yangi avtobus yo‘nalishlarini joriy etish hamda qulay transport o‘tish bog‘lamalarini tashkil qilish orqali shaharga kiruvchi transport oqimini kamaytirish;

6. Shaharda yuk transporti harakatini cheklash va TXAY bo‘ylab aylanma harakatlanishga yo‘naltirish, shahar ichidagi yuk transporti harakatlanadigan vaqti va yo‘llarini aniq belgilab berish.

Mavzuga oid