O‘zbekiston | 07:27 / 26.09.2020
53169
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlari va tashkilotlarida yangi lavozim joriy etiladi

O‘zbekistonda aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish orqali aholida kasallikka qarshi immun tizimini shakllantirish maqsad qilingan.

Prezidentning “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

2021 yil 1 yanvardan davlat organlari va tashkilotlarida:

mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritayotgan xodimga qo‘shimcha vazifa yuklash orqali “Sport targ‘ibotchisi” lavozimi joriy etiladi va mazkur vazifalar yuklatilgan xodimning ish haqiga qo‘shimcha ravishda 30 foiz miqdorda ustama belgilash yo‘lga qo‘yiladi;

mehnat jamoasining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni (trenajyer zali, “Workout” maydonchasi, sport maydonchalari va xonalari) moliyalashtirish davlat organlari va tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida:

ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;

haftasiga kamida bir marotaba xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda (yugurish, suzish, futbol, badminton voleybol, basketbol, tennis va boshqalarda) ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”;

muntazam ravishda xodimlar orasida ommaviylashgan sport turlari bo‘yicha sport musobaqalari va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar o‘tkazib borilishi;

texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilash amaliyotga joriy etiladi.

Mehnat jamoasining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, ularning jismoniy faolligi darajasini oshirish maqsadida barcha zarur sharoitlarni yaratish, ushbu vazifalarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda tashkil qilib borish ‒ davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilanadi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga:

respublikadagi barcha mehnat jamoalarida xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi hamda buning uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish masalalarini kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi jamoa shartnomalari mazmuniga kiritish;

“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” maxsus sport sinovlari bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni (I, II, va III o‘rin) qo‘lga kiritgan davlat tashkilotlari rahbar va xodimlarini yiliga bir martalik dam olish maskanlari yoki sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar berish tartibini joriy etish;

jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratadigan, shuningdek, ishchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladigan ish beruvchilarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish tavsiya etiladi.

Mavzuga oid