O‘zbekiston | 19:07 / 01.12.2023
28845
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Qodiriy “hukumatni obro‘sizlantirish”da ayblanganidan qariyb 100 yil o‘tib oqlandi

Oliy sud unga nisbatan kontrrevolyutsion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish va tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash moddasi bo‘yicha chiqarilgan hukmni bekor qildi. 

Foto: Oliy sud

O‘zbekiston Oliy sudi atoqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyga nisbatan 1926 yilda chiqarilgan hukmni bekor qilib, uni oqladi.

Adib 1926 yilda hukumat rahbarlarini obro‘sizlantirishda ayblangan va tergovga tortilgan. Bunga «Mushtum» jurnalida e’lon qilingan «Yig‘indi gaplar» nomli maqolasi sabab bo‘lgan. 

Qodiriy “Men ma’naviy o‘ldirildim, endi men uchun jismoniy o‘lim hech narsa emas”, degan jumlani o‘sha sud jarayonidan keyin aytgan.

O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hay’atining 1926 yil 16 iyundagi hukmi bilan, Abdulla Qodiriy O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida (kontrrevolyutsion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish va tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq, O‘zbekiston SSR Markaziy ijroqo‘mi Rayosatining 1926 yil 17 iyundagi qaroriga asosan adib jazodan ozod etilgan.

Ushbu hukm yuzasidan Abdulla Qodiriyning nabirasi Habibullo Qodiriy Oliy sudga apellyatsiya shikoyatini berdi.

Oliy sud apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqdi va bugun, 1 dekabr kuni hukmni bekor qilib, Abdulla Qodiriyning harakatlarida O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjud emasligi hamda jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli aybsiz deb topdi va uni oqladi.

Shuningdek, uning tergovda nohaq ushlab turilgani ham qayd qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla Qodiriy 1938 yilda qatag‘on qilinib, otib tashlangan. Ushbu hukm bo‘yicha 1957 yilda oqlangan.

Ayni paytda Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ochiq sud majlislarida sovet davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgacha oqlanmagan 174 nafar shaxsga oid jinoyat ishlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari keltirgan protestlar ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid