Jamiyat | 19:04 / 08.04.2019
18052
4 daqiqa o‘qiladi

Alisher Sultonov neft-gaz sohasining bo‘lg‘usi mutaxassislari bilan uchrashdi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

6 aprel kuni Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filialida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov va «O‘zbekneftegaz» AJ rahbariyatining talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati. 

Tadbir davomida 2007 yildan buyon filialning talabalari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek ayrim talabalar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari taqdim etildi. Ushbu qisqa taqdimotlar shundan dalolat beradiki, filial talabalari ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi bevosita aloqaning yuksak salohiyatidan yaxshi xabardor va umuman, mahalliy neft va gaz sanoatini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishda ilmiy tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etishini yaxshi tushunishadi va shu asosda ilmiy ishlar olib borishmoqda.

Yosh mutaxassislar tayyorlash uchun tegishli sharoitlarni yaratish va bu borada ta'lim sifatiga e'tibor qaratish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 3 aprelida sohaga oid chora-tadbirlarni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ta'kidlangan edi. Jumladan, davlat rahbari keng miqyosda fikrlaydigan, tashabbuskor yoshlarning mutoalaa madaniyati, IT bo‘yicha bilimlarini oshirish, yoshlar tomonidan kompyuter dasturlarini yaratish va bu borada ularning qiziqishlarini rag‘batlantirish, ularni madaniyat va san'atga, jismoniy tarbiya va sportga jalb etishga alohida e'tibor qaratish lozimligini ta'kidlagan edi. 

Shu bilan birga, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni voyaga yetkazishda ilg‘or va innovatsion vositalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etishi e'tirof etilgan edi. 

Ta'kidlash joizki, Gubkin nomidagi RDU filialida ilmiy tadqiqot ishlariga  jiddiy e'tibor qaratilmoqda va bir qancha  talabalar bu borada sezilarli natijalarga erishishgan. Xalqaro internet-olimpiadalarda toshkentlik  "gubkinchilar"ning ko‘plab g‘alabalarni qo‘lga kiritgani ham bu yerda ta'lim sifati qanday darajada ekanini tasdiqlaydi.

Filial shuningdek, Federal internet testi o‘tkazish uchun platforma hisoblanib, bu borada unga 2018 yilning 29 dekabrda "FIEB  tayanch maydonchasi  (bakalavr bitiruvchilari uchun Federal internet test) - 2019" rasmiy maqomi berilgan.

Yig‘ilish qatnashchilari O‘zbekiston Respublikasining  oliy ta'lim tizimida innovatsiyalar uzluksiz joriy etilayotgani va u talimning uzviy jarayoniga aylanib  borayotganini bir necha bor ta'kidlashdi. Butun mamlakat miqyosida  innovatsion yo‘naltirilgan iqtisodiyotni yaratish, innovatsiyalarni keng joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida ko‘p qirrali ishlar olib borilayotgani va bu borada sezilarli rivojlanishga erishilgani ham qayd etildi. Bunda "ta'lim - fan - ishlab chiqarish" zanjiriga asosiy e'tibor qaratilmoqda.

Qayd etish kerakki, filial talabalari soni 2018-2019 o‘quv yilida 935 nafarni tashkil qiladi. Universitetda 65 nafar o‘qituvchi ishlasa, ularning 16 foizi fan doktori, 45 foizi esa fan nomzodidir. Bugungi kunda filial bitiruvchilaridan 117 nafari xorijiy oliy o‘quv yurtlarda  o‘qishlarini davom ettirmoqdalar.

Mavzuga oid