Jamiyat | 21:01 / 09.04.2020
10513
9 daqiqa o‘qiladi

«Mo‘min yaxshilikka shukr qilib, ajr oladi. Musibatga sabr qilib – mukofot» – Jaloliddin domla Hamroqulov

Toshkent shahridagi Novza jome masjidi imomi Jaloliddin domla Hamroqulov karantin davrida mo‘min kishining odobi, bunday vaziyatda mo‘min kishi o‘zini qanday tutmog‘i lozimligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

– Albatta, bugun «Uyda qoling» degan shior asosida karantin qoidalariga muvofiq, uyimizda o‘z faoliyatlarimizni olib boryapmiz. O‘z navbatida, har bir ishning o‘z odobi, madaniyati, tartibi bo‘ladi. Har bir inson shu qoidalarga to‘g‘ri ma'noda amal qilsa, maqsadga yetishlik osonroq va qulayroq bo‘ladi.

Bugun karantin – insonlarga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish uchun qo‘llanilayotgan bir choradir. Shunday ekan, bu narsani har birimiz to‘g‘ri qabul qilishimiz va to‘g‘ri yondashishimiz talab etiladi. Alloh taoloning bugun bizga berayotgan bu kunlarini qadrlashimiz, ularni g‘animat bilishimiz ham bizning burchimizdir.

Zero, biz uyda qolib, ba'zi bir ulgurmayotgan ishlarimizni qilishga imkon bo‘lgani ham Allohning bir go‘zal fursati bo‘ldi desak, hech mubolag‘a emas. Mehribon ota-onalarimizning ko‘ngillarini ovlash, ularning duolarini olish imkoniyati ochildi. Yoki bo‘lmasa, har bir ota-onani gardanidagi eng buyuk vazifalaridan biri – farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishga qulay fursat berildi.

Farzandlarimizning ko‘ziga qaraylik, ko‘ngliga quloq tutaylik, ularni maqsadlari nima, muddaolari nima, tarbiya va odoblari qaysi ko‘chada ketyapti, biz o‘ylagan yaxshiliklarning ro‘yobi bormi, degan savollarni javoblarini qidirishga bir imkoniyat desak bo‘ladi.

O‘z navbatida, Alloh bergan ne'matlarni qadrlash va uni o‘z o‘rnida sarflashlik ham har birimizdan talab etiladi.

Shu o‘rinda, bunday vaziyatda ba'zi bir qo‘llari kalta fuqarolarimizga muruvvat qo‘llarini cho‘zayotgan insonlarni ko‘rib, havasimiz kelyapti. Alohida ko‘makka muhtoj insonlarga fondlar ochilib, ularga yaxshilikka sherik bo‘lishni xohlagan insonlarning o‘z hissalarini qo‘shayotganligini ko‘rib, havasimiz kelyapti.

Urva bin Zubayr r.a.ning Oisha r.a.dan Payg‘ambar alayhissalomning kundalik hayotlari haqida so‘ragani to‘g‘risida mashhur bir hadis bor. Biz yaxshi bilamiz, Urva bin Zubayr r.a. – Payg‘ambar alayhissalomning jiyanlari bo‘ladi. Ya'ni Oisha onamiz u kishiga xola bo‘ladilar.

Aytadilar: «Bir kuni Oisha onamizning huzurlariga borib, «Ey xolajon, Rasululloh s.a.v.ning kunlari qanday qanday o‘tardi?» deb so‘radilar. Shunda Oisha onamiz: «Rasululloh s.a.v.ning uylarida 3 oyni ko‘rardig-u, ammo u kishining qozonlarida olovni ko‘rmasdik». dedilar. Shunda jiyanlari hayratlanib: «Xolajon, unda nima bilan tirikchilik qilardinglar?» deb so‘radilar. Shunda Oisha onamiz: «Ikki qora narsa, ya'ni biri xurmo, ikkinchisi suv bilan tirikchilik qilar edik. Rasululloh s.a.v.ning qo‘shnilari bor edi, ular echki sutini Rasullulloh s.a.v.ga berib turardilar», dedilar. (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati)

Hadisning sharhiga e'tibor qiladigan bo‘lsak, Janob Rasululloh s.a.v. juda kamtarona yashaganliklarini ko‘ramiz. Vaholanki, u zoti sharif – Allohning habibi, ikki dunyo mana shu zot uchun yaratilgan, hamma narsani, xususan, yer osti va usti boyliklari Rasulullohga taqdim qilingan. Hatto o‘zlari aytadilar: «Batho (ya'ni Makka-yu Mukarrammaga yaqin bo‘lgan vodiyning nomi) joyini tillo qilib beraman, deb Alloh taolo va'da qilganida, u zot men bir kun to‘q yashayman, bir kun och. To‘q bo‘lganimga senga shukr qilaman, och bo‘lganimda esa senga tazarru», degan ekanlar.

Mo‘min odamning hayoti shundan iborat. Bir yaxshilik yetsa, unga shukr qiladi, ajr oladi. Musibat yetsa, sabr qiladi, mukofotga ega bo‘ladi. Janobimizning tarbiyalari, ko‘rsatmalari mana shundan iborat.

Shu o‘rinda yana bir hadisi sharif. Bu hadisni Imom Muslim rivoyat qiladilar. «Alloh taolo qiyomat kuni ba'zi bir insonlarga malomat qilib, «Men taom so‘radim, bermading», der ekan. Shunda haligi inson: «Sen qanday buyuk zotsan, sen qanday och qolasan, sen qanday taom so‘raysan? Agar sen so‘rasang, albatta, men berardim», degan so‘zlarni aytarkan. Shunda Alloh: «Sen falon qo‘shning och turganini bilarding. Hatto sendan taom ham so‘rab chiqqan edi. Bermading. Agar berganingda, meni topgan bo‘larding».

Shu hadis sharhida aytadilar. Albatta, buyuk robbimiz bunday nuqsonlardan pok zot. Ammo bu joyda «Men och qoldim, taom so‘radim. Bermading», so‘zidan murod – Alloh taolo och insonlar, taomga muhtoj bo‘lgan insonlar tarafida turishligi, o‘sha tarafga qadam tashlagan insonlar esa Alloh taoloni roziligini topishligi iroda qilingan.

Shunday ekan, o‘zimiz to‘q bo‘lib, lekin qo‘shnimiz och holatda tong ottirsa, iymonimiz komil bo‘lmaydi.

Payg‘ambarimiz ilk faoliyatlaridan kambag‘allarga, yo‘qsillarga taom berishlikni targ‘ib qilganlar, o‘zlari bosh bo‘lganlar. Shuning uchun Hiraql Abu Sufyondan: «Muhammadning qanday sifatlari bor. U nimaga davat qiladi?» deb so‘rashganida, Abu Sufyon hali islomni qabul qilmagan payti payg‘ambar alayhissalomga berayotgan sifatlarni qarang: «O‘zi to‘q bo‘lib, qorni och qo‘shnisi bo‘lmasligi kerak, deydi», degan edi.

Biz karantin davrida atrofimizda ba'zi bir taomga ehtiyoji bor insonlar borligini bilib turib, ammo o‘zimiz to‘q kun o‘tkazsak, qanday holat bo‘ladi? Bu iymonimizning qanday kamoli bo‘ladi?

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi bir insonlarning beo‘xshov harakatlari insonning biroz g‘ashiga tegadi. Xususan, bugungi kunda davlat rahbari boshchiligida mutaxassislar karantin qoidalarini targ‘ib qilsa, bunga xalqimiz bo‘ysunib turgan bir paytda, ba'zi bir beodob yoshlar selfi qilib, karantin qoidalariga bo‘ysunmayotganini oshkor qilishligi, ichki haramdagi bo‘layotgan ishlarni xalqqa ko‘z-ko‘z qilishlik hech bir odob qoidalariga va insoniylik fazilatiga ham munosib ish emas.

Hozir xohlagan inson ijtimoiy tarmoqlarga o‘zi xohlagan rasmni qo‘yish imkoniyati bor. Shu o‘rinda, ba'zi bir insonlar o‘zlarini, oilalarini, haramlarini rasmlarini qo‘yib qo‘yishlik holatlari bor. Bu – noto‘g‘ri narsa. Hatto hadisi sharifda bir inson boshqa bir insonning haramiga, ya'ni begona insonlar nazari tushmaydigan joyga mo‘ralasa-yu, buni bilib qolib, uning ko‘ziga bir narsani tiqib olsa, qasos vojib bo‘lmaydi, deganlar. Chunki o‘sha joylar – ehtiromli joylardir. Biz buni ko‘z-ko‘z qilishligimiz nihoyatda xunuk holat ekanini e'tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak.

Biz insonlarga taom berishimiz – uni ko‘z-ko‘z qilishligimiz emas, ularning ko‘ngillarini ko‘tarishligimizdir. Chunki rizq – Allohdan. Ba'zan berib sinaydi, ba'zan olib ham sinaydi. Biz o‘ylamaylik bir insonni boqyapmiz deb. Yo‘q, Alloh boqadi. Alloh yetkazadi. Lekin bizning sababimizdan bo‘lishi – biz uchun sharafdir.

Bu sinovlar in shaa Alloh tez fursatlarda o‘tib ketadi. Sinovli kunlarda birlashaylik, karantin qoidalariga amal qilaylik.

Mavzuga oid