O‘zbekiston | 16:32 / 10.04.2021
10986
4 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Qodiriy tavalludiga 127 yil. Adib yashagan uyida xotira kechasi bo‘lib o‘tdi 

2021 yilning 10 aprel kuni o‘zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludiga 127 yil to‘ldi. Sana munosabati bilan shu kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumani Samarqand darvoza ko‘chasi 35-uy manzilida joylashgan Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati tomonidan adabiy press-tur tashkil etildi.  

Ushbu uy-muzey Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi keng nishonlangan 2019 yilning 27 dekabr kuni ochilgan edi. Abdulla Qodiriy yashagan ikki qavatli uy va shiypon 1928 yili adibning o‘zi va ustalar yordamida qurilgan. Abdulla Qodiriy u yerda 1937 yilgacha yashagan.

Qutlug‘ maskan 70 sotix maydonda joylashgan bo‘lib, u yer adib yashagan ikki qavatli uy, undagi 4ta xona, alohida yozgi shiypon va uning birinchi qavatidagi bitta xonadan iborat. Shuningdek, 2019 yili uy-muzeyiga qo‘shimcha tarzda kutubxona, konferensiya va ko‘rgazma zallari ham qurilgan. Kutubxonada hozirgi kunda 20 ming dona kitob mavjud.

Muzey darvozasiga kiraverishda “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan Chayon” kitoblarining ilk nashri muqovasi suratlariga ko‘zingiz tushadi. Ular “Mushtum” jurnali rassomi Ioahim Tullya tomonidan chizilgan. Rassom Ne'mat Hakimov esa ularni reproduksiya qilgan. Muzey atrofi naqshinkor, baland yog‘och ustunli ayvonlar bilan o‘ralgan. Yo‘lak uzra uy-muzeyni ohista ko‘zdan kechirarkansiz, hovli devorlariga Qodiriy ijodiga oid o‘zbek va jahon adiblarining bitilgan fikrlariga ko‘zingiz tushadi. Bu so‘zlar yozuvchi nafaqat yurtimiz, balki jahonda ham alohida e'tirof etilgan ijodkor ekanini bildiradi. Toshkentning avvalgi ko‘rinishi fotolarda aks etgan keng xona yozuvchi ijodini batafsil o‘rganishga mo‘ljallangan. Boshqa xonada – mo‘'jaz galereyada uning hayoti, ijodi, ma'naviy jasorati aks ettirilgan kartinalar jamlangan. Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan grafika uslubidagi portretlar O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzayev tomonidan ishlangan.

Abdulla Qodiriyning ilk asarlari nashr etilgan gazeta va jurnallar, dastlabki kitoblari, boshqa tillarga o‘girilgan kitoblari ham shu yerda jamlangan. Maskan hovlisida adib haykali ham bunyod etilgan. Haykaltarosh Bahrom Norboyev adibni bir qo‘lda kitob tutgan holda o‘ychan, mulohazaga berilgan tarzda tasvirlagan.

Bundan 84 yil muqaddam, ya'ni 1937 yilning 31 dekabr kuni adib yashagan ushbu xonadonda mudhish voqea yuz bergan edi. NKVD xodimlari uni oilasi bag‘ridan olib ketadi. Bemor yotgan o‘g‘li bilan vidolashishga ham imkoni bo‘lmagan Qodiriy 1938 yilning 4 oktyabrida qatl etiladi. Uning o‘ldirilishi haqidagi hukm esa 5 oktyabrda chiqadi.

Bugun yurtimizga Qodiriy orzu qilgan yorug‘ va qutlug‘ kunlar kelgan. Istiqlolning ilk yillarida Qodiriy Alisher Navoiy nomidagi respublika davlat mukofoti, “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. Poytaxtimizdagi bog‘lardan, metro bekatlaridan, ko‘chalardan biriga Abdulla Qodiriy nomi berildi. 2019 yili Abdulla Qodiriy ijod maktabi qurib, foydalanishga topshirildi. Eski shaharga ko‘chirib kelingan “Turon” kutubxonasi binosida Abdulla Qodiriy nomidagi muzey ochildi.

Adib hayotining eng mazmunli yillari o‘tgan qutlug‘ maskan endilikda yozuvchi-shoirlar, adabiyot muxlislari, madaniyat va san'at namoyandalari, muzeyshunoslar, keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, yozuvchining qarindoshlari, avlodlari, talabalar, maktab o‘quvchilari, mahalliy va xorijiy sayyohlar keladigan ajoyib maskanga aylandi.

Mavzuga oid