O‘zbekiston | 21:26 / 05.04.2022
13834
8 daqiqa o‘qiladi

“Qachongacha yemagan somsaga pul to‘laymiz?” - Chilonzor kichik sanoat zonasidagi tadbirkorlar elektrsiz qolib ketdi

Kun.uz'ga murojaat qilgan Chilonzor kichik sanoat zonasida ijara asosida faoliyat yurituvchi 17 nafar tadbirkor “Sovplastital” korxonasining katta miqdordagi qarzdorligi tufayli elektr energiyasidan uzib qo‘yilgan. Bir necha kundan beri zonida ish to‘xtab qolgan, vaqt va pul yo‘qotayotgan tadbirkorlar direksiyadan shikoyat qilmoqda.

Sanoat zonasida ish to‘xtab qolgan. Suratda – qop ishlab chiqaruvchi sex

17 tadbirkor boshqa korxonaning qarzlarini yopib kelmoqda

Chilonzor kichik sanoat zonasida ijara asosida faoliyat yuritadigan 17 nafar tadbirkor “Sovplastital” korxonasining elektrdan qarzdorligi tufayli elektr energiyasiz qolganini aytmoqda. Tadbirkorlardan biri vaziyatni shunday tushuntirdi.

“Bu kichik sanoat zonasiga 2017 yilda kirib keldik, joy bizga davlat tomondan 15 yilga ijaraga berilgan. Sanoat zonasining investitsion shartlari bor, shu shartlar bajarilsa, mulkka egalik huquqi beriladi. Zonada 17ta tadbirkor faoliyat yuritadi, bu yer “Sovplastital”ning hududi, korxonaning 50 foizi davlatga qarashli. Uning o‘zi ham ishlab turibdi, biroq korxona bankrotlik yoqasida. Biz ijara pulini Toshkent shahar hokimligi huzuridagi direksiya boshqarmasining davlat ijaraga berish qo‘mitasiga to‘laymiz. Ya’ni, biz direksiyaga ekspluatatsion xarajatlarni to‘laymiz.

Bizda 2020 yilgacha Chilonzor tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma bor edi, ya’ni biz ularga foydalangan energiyamiz uchun bir oy oldindan to‘lov qilib, energiyadan foydalanardik. 2020 yil iyul oyida shartnomalar bekor bo‘ldi. Endi faqat bosh hisoblagichga elektr energiyasi keladi, undan boshqa tadbirkorlarga tarqatiladigan bo‘ldi. Asosiy elektr ta’minotini oluvchi tashkilot “Sovplastital” hisoblanadi, chunki joy ilgari ularniki bo‘lgan, ularning nomiga hudud kadastr qilingan, bundan tashqari, uning 50 foiz ulushi davlatga qarashli. Asosiy hisoblagich ularda, biz ulardan elektr olamiz.

Keyin 3 tomonlama shartnoma qildik: Chilonzor ETK, “Sovplastital” va boshqa tadbirkorlar. “Sovplastital” bir necha yillardan beri bankrot bo‘lib kelayotgan, ya’ni zarariga ishlab turgan korxona, juda ham ko‘p qarzi bor. Biz Chilonzor ETKga pul to‘laymiz, biz to‘lagan pullar hisobidan “Sovplastital”ning qarzidan ayirib boriladi. Shu tartibda ishlab turdik.

Yorliqlar ishlab chiqaruvchi korxona qorong‘ilikda

“Sovplastital”ning mol-mulk solig‘i ko‘p chiqadi, chunki ular faoliyat yuritmaganidan keyin yildan yilga solig‘i ko‘p chiqaveradi. Bundan tashqari, uning o‘zining oriyentatorlari bor. Eski stanoklari uchun elektr energiya yoqadi. Har yili mulk solig‘idan qarzi borligi uchun “Sovplastital”ning hisobiga kartoteka qo‘yilgan, ular elektr energiyaga pul to‘lay olmaydi. Biz to‘lab turgan pul hisobiga tok yonadi va qarzdorlik oshib-oshib hozir 1,5 milliardga yaqinlashgan.

Elektr tarmoqlari korxonasi qarzdorlik tufayli energiyadan butun zonani uzib qo‘yadi, undan keyin biz ham uzilamiz. Biz har doim pulini yig‘ib, 3 oy oldindan to‘laymiz, yana bir-ikki oy yonadi, yana “Sovplastital”ning qarzi ko‘payib ketadi, yana o‘chiradi.

Direksiya “Sovplastital”ni sudga bergan, sud elektr bo‘yicha qarzdorlikni undirishni ko‘zda tutsa, soliq idorasidan 3 milliardga yaqin qarzi bo‘lib, hisobi kartotekaga qo‘yilgani uchun birinchi bo‘lib soliqlarni undirish kerak bo‘lgan. Qachon bu qarzlar so‘ndirib bo‘linsa, keyin elektr energiyasining qarzlari to‘lanishi kerak.

 “Qimmat uskunalarim kuydi” — Shohida Teshaboyeva

“Shu paytgacha 3 oy oldindan barcha tadbirkorlar pul tashlashib, to‘lovni qilib keldik. “Sovplastital”ning qarzi oshib beraverdi, biz endi buncha pulni to‘lay olmaymiz. Chilonzor ETK tokni ogohlantirmasdan o‘chiradi, qimmat uskunalarda ishlaymiz: ular ishlab turganda birdaniga yoqib-o‘chirsa, to‘g‘ri kelmaydi. Mening 3ta platam kuyib ketdi, endi o‘sib kelayotgan yangi tadbirkorman. Shunday davom etsa, tadbirkor bu yerda rivojlana olmaydi. Tadbirkorni oxirgi tupikkacha yetkazib qo‘yilsa, rivojlanmaydi, tadbirkor sinadi.

Tok o‘chib yonishi natijasida kuygani aytilayotgan uskuna
Tok o‘chib yonishi natijasida kuygani aytilayotgan uskuna

Qo‘limizda 20-30, 80-100 nafarlab ishchilar ishlaydi, shuncha odam oilasini boqish uchun viloyatlardan kelib ishlamoqda. Ularni 3 mahal ovqat bilan ta’minlaymiz, kuniga pul to‘laymiz. Har kuni tok o‘chadigan bo‘lsa, zararimizni kim qoplab beradi? Tadbirkor nega birov uchun zarar ko‘rishi kerak?

Direksiya gaz, svet, suv bo‘yicha kafolatni bo‘yniga olgan, lekin hozir mening kafolatimda emas deb mas’uliyatdan qochyapti. Unda nega biz ularga oyiga 5 millionlab ijara to‘layapmiz. O‘zim kichkina joyda tursam ham, oyiga 7 million to‘layman. Bu pullar qanaqa mashaqqat bilan kelishini his qilishi kerak emasmi? Har bir platam 600 dollardan turadi, uskunam usiz ishlamaydi. Xitoydan qachon keladi deb kutib o‘tiraman. Direksiya ijara pullarini o‘z vaqtida olishni biladi, lekin vakolatiga kelganda mening vazifam emas deyishi to‘g‘ri bo‘lmasa kerak”.

Direksiya tadbirkorlarning energiya muammosini hal qilishi lozim

Tadbirkorlar Kun.uz'ga taqdim etgan 2021 yildagi ekspluatatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Ch-28/2021 sonli shartnomada ijrochining majburiyatlari qatorida tadbirkorlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan. Shartnomaning 3-bandida buyurtmachi (tadbirkorlar) ijrochidan (Toshkent shahar kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi) elektr energiyasi, sovuq suv va gaz ta’minotini tarmoqlarning bo‘linish chegarasiga kerakli miqdorda yetkazib berishni talab qilish huquqiga egaligi keltirilgan.

Hammaga alohida elektr bersa bo‘lmaydimi?

Hududda faoliyat yurituvchi tadbirkor Ravshan Nishonovga ko‘ra, zona “Sovplastital” AJga kadastr qilingani bois, u orqali asosiy hisoblagich o‘rnatilgan.

“Hammaga alohida elektr energiyasini beringlar dedik, elektr qonunchiligiga ko‘ra, kadastr bo‘lgan joylarga alohida TP qo‘yilar ekan. Bu yerda, direksiyada kadastr yo‘q, biz ijarada turibmiz. “Sovplastital”da kadastr bor, biz unda subarendator bo‘lib o‘tiribmiz. Ularning qarzdorligi tufayli tok o‘chaveradi, summa kattalashib ketaveradi, tadbirkorlar to‘lolmayapti.

Hozir ham qariyb 600 millionlik qarzni to‘larmiz, lekin keyingi safar qarzdorlik 1 milliardga yetadi. Hammaning oldindan to‘lovi bor, nima uchun to‘laymiz deydi. Elektr tarmoqlari korxonasi ham noqonuniy ish qilmayapti, ular ham qarzdorlik bartaraf etilgandan keyin tok berishi kerak”, – deydi u.

Mas’ullar 17 nafar tadbirkor va butun boshli sanoat zonasi ishtirokchilarini qiynab kelayotgan muammoga tez orada yechim topishadi, deya umid bildirib qolamiz.

Madina Ochilova

Mavzuga oid