O‘zbekiston | 12:01 / 22.08.2022
28953
5 daqiqa o‘qiladi

“Xizmat vaqtida uyali aloqa vositasini olib yurish taqiqlanadi!” – YPX xodimlari rahbariyatning yangi talabidan norozi

Qayd etilishicha, tekshiruv chog‘ida yonidan telefon topilgan xodimlar ishdan bo‘shatiladi.

Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi Departamenti boshlig‘i polkovnik Bekmurod Abdullayev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda respublikadagi barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat faoliyati davrida shaxsiy telefonidan (uyali aloqa vositasi) foydalanishini taqiqlash haqida ko‘rsatma berilgan.

Unga ko‘ra, YPX xodimlari har kuni ertalabki yo‘riqnoma chog‘ida shaxsiy qo‘l telefonlarini topshirib, xizmatga telefonsiz chiqishlari hamda xizmat vaqtida telefondan foydalanmasliklari talab etilmoqda.

Bundan tashqari, xodimlarning harakat ishtirokchilari telefoniga javob berishlari ham taqiqlangan (aslida bu talab azaldan mavjud). Quyi tizim rahbarlaridan xodimlarga ushbu ko‘rsatmaga rioya qilishlarini qat’iy nazoratga olish so‘ralmoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, vazir o‘rinbosarining yangi topshirig‘i ijrosini vazirlikning maxsus tekshiruv guruhi muntazam o‘rganib boradi. Xodimlar tekshiruv chog‘ida kimning yonidan telefon topilsa u lavozimdan ozod etilishidan ogohlantirilgan.

Joylarda allaqachon ushbu ko‘rsatmaga muvofiq xizmatoldi yo‘riqnoma  (razvod) paytida yo‘l-patrul xizmati xodimlaridan telefonlar yig‘ib olingan.

Biroq rahbariyatning yangi talabi ko‘pchilik xodimlarda norozilik uyg‘otgan.

“Xodimlarning ham oilasi bor. Hayotda har xil vaziyat bo‘ladi. Kimningdir uyida keksa ota-onasi bor. Kimningdir ayoli homilador, kimningdir bolasi kasal bo‘lishi mumkin. Uydagilariga qandaydir yordam zarur bo‘lib qolsa, u bilan qanday bog‘lanishadi? Nahotki rahbarlar biror narsani talab qilishdan oldin oqibatini o‘ylashmaydi. Nima, shaxsiy hayotimiz bo‘lishi mumkin emasmi?” deydi Kun.uz bilan bog‘langan, ismi sir qolishini so‘ragan xodimlardan biri.

“Nimaga boshqa davlat xizmatchilariga shaxsiy telefondan foydalanish mumkin-u YPX xodimlariga mumkinmas? Talab hammaga bir xil bo‘lishi kerak emasmi? O‘sha Bekmurodov ham, vazirlikdagilar ham, hukumatdagilar ham telefonsiz ishlasharmikin? Yozda jaziramada, qishda qahratonda xizmat qilamiz. G‘ing demaymiz, chunki bu kasbni o‘zimiz tanlaganmiz. Bunchalikmas-da endi. Telefon korrupsion harakatlarga asos bo‘layotgan deb hisoblashsa, bodikameralarimiz bor, nazoratini ta’minlashsin, har kuni sinchiklab ko‘rib chiqishsin. Qaysidir kattakonning mashinasini qoida buzgani uchun to‘xtatib qo‘ysak, telefonga javob bermasak ham u yuqori turuvchilarimizga chiqadi va bizga ratsiyadan “Qo‘yib yubor!” degan topshiriq keladi va bo‘ysunishga majbur bo‘lamiz. Agar tizimni tozalashmoqchi bo‘lsa shu kabi holatlarga chek qo‘yishsin, absurd qarorlar qabul qilishning o‘rniga”, deydi boshqa bir xodim.

Kun.uz holat yuzasidan IIBB YHXX axborot xizmati rahbari Aziz Murodovdan izoh olishga urindi. Biroq u qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning ishontirishicha, xodimlardan shaxsiy telefonlarini yig‘ib olish haqida ko‘rsatma bo‘lmagan.

“Xodimlarning shaxsiy telefonlarini yig‘ib olish bo‘yicha ko‘rsatma bo‘lmagan, faqat begona odamlar yoki xaydovchilarning telefoniga javob berishga barham berish qat’iy nazoratga olingani uqtirilgan. Yo‘riqnoma chog‘ida xodimlardan telefonlar yig‘ib olinganiga kelsak, bu "salla desa kalla olib keladigan" ayrim rahbarlarning shaxsiy tashabbusi bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar o‘rganiladi”, deydi Shohrux G‘iyosov.

Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, jurnalistlarga xozirjavob bo‘lishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasi hisoblangan YXHX matbuot kotibining harakatini ham o‘rganiladi, agar qo‘ng‘iroqqa javob bermaganiga obektiv sabab keltira olmasa, unga intizomiy jazo beriladi.

Mavzuga oid