O‘zbekiston | 20:50 / 19.01.2021
8397
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy g‘oya targ‘iboti uchun yangi jamg‘arma tashkil etilib, 120 mlrd so‘m ajratiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. «Bir ziyoli – bir mahallaga ma'naviy homiy» tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvchi va taniqli ziyolilar biriktirilishi ma'lum qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar nuroniylarining tarbiyasi og‘ir, ishsiz yoshlarga ko‘maklashish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Hududlar markazida namunaviy loyiha asosida ma'naviyat va ma'rifat maskanlarini barpo etish, mahalliy budjetlar hisobidan sohaga qo‘shimcha shtatlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.   

Toshkent shahridagi «G‘alaba bog‘i» majmuasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarix va ajdodlarimiz qahramonligini o‘rganish bo‘yicha ilmiy markazga aylantirish taklifi bildirildi.

Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi o‘rgatish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ta'kidlandi.

«Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta'siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur», degan Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga O‘zbekistonda tarix fanini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.  

O‘zbek tilining davlat tili maqomini kuchaytirish, yurtimizda va xorijda uni o‘rganish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

«Bugun hayot yangicha fikrlash va ishlash, milliy «aql markazlari»mizni shakllantirishni talab etmoqda. Afsuski, atrofimizdagi barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, ta'sirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam. Bunday vaziyatda jamiyatimizni ma'naviy tahdidlardan himoya qilish borasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Shu ma'noda, Ma'naviyat va ma'rifat, «Taraqqiyot strategiyasi», Islom sivilizatsiyasi markazlari, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi tadqiqot institutlari haqiqiy «aql markazlari»ga aylanishi kerakligi ta'kidlandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.  

Milliy g‘oya targ‘iboti, ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida «Ijod» jamoat fondi negizida Ma'naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilishi qayd etildi.

Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, ma'naviy-ma'rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanadi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma'naviy-ma'rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltiriladi.

Shu yildan boshlab, ma'naviyat va ma'rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yo‘nalish bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kitobxonlik madaniyatini kengaytirish, kino san'atini izchil rivojlantirish, barcha telekanallar qoshidagi badiiy kengashlar faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, teledasturlarning saviyasini oshirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.

«Agar kimdir, ma'naviyat masalasi – bu faqat Ma'naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir», – degan prezident.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha soha mutasaddilari, o‘qituvchi va professorlar, vazirlar, viloyat hokimlari fikr bildirdi.  

Mavzuga oid