O‘zbekiston | 15:59 / 31.03.2020
85429
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida ham ikki bemor bor. Vazirlik viloyatlardagi holatlar to‘g‘risida ma'lumot berdi

Ayni vaqtda O‘zbekistonning Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan tashqari yana 7 hududida koronavirusdan chalinish holatlari qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Farg‘ona, Namangan, Andijon, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida davolanayotgan bemorlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

31 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 158 holat qayd etilgan, shundan 7 kishi tuzalgan, 2 kishi vafot etgan. Ayni vaqtda respublikadagi shifoxonalarda jami 149 bemor davolanmoqda. Shundan 84 nafari Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida qolmoqda. Viloyatlarda esa jami 65 nafar bemor davolanishga yotqizilgan.

Jumladan, Farg‘ona viloyatida koronavirus infeksiyasiga chalingan 26 nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanish uchun yotqizilgan. Farg‘ona ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshkent shahridan keyingi o‘rinda turadi.

Farg‘onadagi bemorlarning 9 nafari farg‘onalik, 4 nafari andijonlik, 1 nafari jizzaxlik, 3 nafari samarqandlik, 7 nafari toshkentlik, 2 nafari Toshkent viloyatidan. Kasallikka chalinganlarning 17 nafari shu yilning  25 mart kuni bitta reysda Turkiyadan Farg‘onaga charter reysda kelishgan yulovchilar orasida aniqlangan. Shu kuniyoq ular statsionar karantinga olinib, kasallik tasdiqlangach ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga o‘tkazilgan.

Namangan viloyatida 15 holatda ushbu infeksiya aniqlangan. Ularning 13 nafari 12-13 mart kunlari Turkiya safarida bo‘lib qaytgan ikki nafar koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan fuqarodan virus yuqtirib olishgan. Ayni paytda bemorlar viloyat yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanishmoqda. Viloyatda aniqlangan bemorlardan biri vafot etgan.

Andijon viloyatida 8 bemor bor va ularning barchasi andijonliklar. Bu bemorlar ayni vaqtda Xo‘jaobod tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishmoqda. Bundan tashqari boshqa viloyatlarda yana 6 nafar andijonlik bemor bor - 2 nafari Buxoroda, 4 nafari Farg‘onada viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishmoqda.

Xorazm viloyatida 6 nafar bemor davolanmoqda, shundan bir nafari xorazmlik. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida bundan tashqari, yana 5 nafar bemor davolanmoqda. Ularning 2 nafari surxondaryolik, 1 nafari buxorolik, 1 nafari qoraqalpog‘istonlik, 1 nafari esa farg‘onalik hisoblanadi.

Buxoro viloyatida jami 8 kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan - Andijon va Samarqand viloyatlaridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo viloyati, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan 1 nafardan bemor davolanmoqda. Ularning 4 nafari 22 mart kuni Istanbul – Buxoro charter reysida va yana 4 nafari esa 24 mart kuni Moskva – Buxoro charter reysida kelgan va karantinga olingan, kasalligi tasdiqlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishmoqda.

Bundan tashqari, yuqorida ta'kidlanganidek, shu yilning 28 mart kuni Moskvadan charter reysida kelib, kasalligi tasdiqlangan 2 nafar buxorolik Toshkent shahrida va 22 mart kuni Moskvadan charter reysida Urganchga uchgan bir nafar ushbu viloyat fuqarosi Xorazm yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Qashqadaryo viloyatida 1 bemor qayd etilgan. U viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Yana ikki nafar qashqadaryolikda ushbu infeksiya aniqlangan, 21 mart va 28 mart kunlari Moskvadan kelgan shahrisabzlik va yakkabog‘lik fuqarolar Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida muolaja olishmoqda.

Navoiy viloyatida ham 2 kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan, asli navoiylik bo‘lgan bemor va u bilan muloqotda bo‘lgan fuqaroda infeksiya aniqlanib, viloyat yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan muassasada davolanishmoqda.

«Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar haqida batafsil ma'lumot berib borishda davom etamiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid