O‘zbekiston | 00:00 / 20.11.2020
87972
5 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Moliya vaziri o‘rinbosarining korrupsiyaga aloqadorligini tekshiradi

Moliya vaziri o‘rinbosari Abdumuxtor Ergashevning korrupsiyaviy ishga aloqadorligi tekshiriladi. Vazir o‘rinbosari ukasining kompaniyasiga bank krediti ajratilishiga erishish maqsadida «Agrobank» rahbariyatiga bosim o‘tkazgani iddao qilinmoqda.

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev 11 noyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga yo‘llagan xatida Bosh prokuratura tomonidan Davlat moliyaviy nazorati departamentining joriy yilda yetishtirilgan g‘alla hosilini moliyalashtirish jarayonida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani masalasi o‘rganilayotgani bildirilgan. Ushbu xat nusxasi Kun.uz'da mavjud.

Xatda ta'kidlanishicha, hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan «Paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish xarajatlarini kreditlash va topshirilgan mahsulot uchun o‘zaro yakuniy hisob-kitoblar tartibi to‘g‘risida»gi nizomga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun buyurtmalar bir yilda bir marotaba, 1 sentyabrgacha taqdim etilishi belgilangan.

«Biroq ATB «Agrobank» tomonidan g‘alla hosilini moliyalashtirish yakunlangan bir paytda, Bo‘ka tumanidagi «Melek don agro» MChJ uchun 16,3 milliard so‘m resurs mablag‘i ajratish haqida 2020 yilning 25 may kuni jamg‘armaga buyurtma taqdim qilinib, 26 may kuni jamg‘armadan 16,3 milliard mablag‘lar ajratilishiga erishilgan», — deyiladi Bosh prokuratura xatida.

Ma'lum qilinishicha, ATB «Agrobank» Bo‘ka filiali boshqaruvchisi A.Qurbonov va «Melek don agro» MChJ rahbari Mirhomid Ismoilov o‘rtasida 26 may kuni tuzilgan shartnomaga asosan ajratilgan 16,3 milliard so‘m resurs g‘alla hosilini yetishtirish uchun yo‘naltirilmasdan, noqonuniy ravishda kompaniyaning aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun berib yuborilgan.

«Bundan tashqari, «Agrobank»ning Qumqurg‘on filiali hech bir asoslovchi hujjatlarsiz «Bek agro eksport» MChJ uchun 4 milliard so‘m resurs mablag‘i ajratish haqida 2020 yilning 16 aprel kuni jamg‘armaga buyurtma taqdim qilib, shu kuning o‘zida 4 milliard so‘m ajratilgan», — deyiladi xatda.

Ta'kidlanishicha, Moliya vaziri o‘rinbosari Abdumuxtor Ergashevning ukasi Zafar Ergashev rahbarlik qiladigan «Bek agro eksport» MChJ ajratilgan pullarni g‘alla hosilini yetishtirish uchun sarflamasdan, jamiyatning aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun yo‘naltirgan.

Bosh prokuratura xatida bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olinganda, moliya vazirining o‘rinbosari Abdumuxtor Errashev jamg‘arma va «Agrobank» boshqaruviga bosim o‘tkazib, o‘zining ukasi 3afar Ergashev rahbarligidagi «Bek agro eksport» MChJga 4 milliard so‘m hamda Mirhomid Ismoilov rahbarligidagi «Melek don agro» MChJga 16,3 milliard so‘m mablag‘larni jamg‘armadan ajratish haqida topshiriq bergani, shu sababli ularga resurs ajratishga majbur bo‘lishganini bayon qilishgan.

Bosh prokuratura xatida ishlatilgan «jamg‘arma» so‘zi bilan Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ushbu jamg‘armaga Moliya vazirligi departament direktori Abdurashid Isroilov rahbarlik qiladi. Isroilov boshchilik qiladigan departament esa aynan moliya vaziri o‘rinbosari Abdumuxtor Ergashev nazoratidagi kompleksga kiritilgan.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, moliya vaziri o‘rinbosarining ukasi rahbarlik qiladigan «Bek agro eksport» MChJ ustav fondidagi deyarli 60 foiz ulushi Marziya Ismoilovaga tegishli. «Melek don agro» MChJ ustav fondidagi 100 ulush esa Mirhomid Ismoilovga tegishli.

Bosh prokuror o‘z xatida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha jamg‘arma mablag‘larining ajratilishi va sarflanishi qonuniyligi hamda Moliya vazirligi mansabdor shaxslarining ushbu ishga aloqadorligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini tashkil qilishni so‘ragan. Tekshiruv xulosasini 19 noyabrga qadar Bosh prokuraturaga taqdim etish so‘ralgan.

O‘z navbatida, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov mazkur masalani har tomonlama o‘rganib, 19 noyabrga qadar aniq xulosa taqdim etilishini so‘rab, moliya vaziri Timur Ishmetov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov va boshqalarga topshiriq bergan.

Mavzuga oid